Amir Temur davlatida ichki va tashqi siyosat

Sohibqiron mohir sarkarda, diplomat va yetuk davlat arbobi boʻlganligi bois, milliy yuksalish va insonparvarlik ruhi bilan sugʻorilgan ulkan markazlashgan davlat tuzishga muvaffaq boʻldi. U turk-moʻgʻul anʼanalariga amal qilgan holda, oʻz davlati hududini suyurgʻol (ulus) tariqasida inʼom qilish yoʻli bilan boshqardi. Ulugʻ hukmdor Movarounnahrdan tashqaridagi yerlarini toʻrt ulusga boʻlib, farzandlariga inʼom qiladi. Bu masalaning eʼtiborli tomoni shundaki, garchi sohibqiron tomonidan inʼom qilingan yerlar ichki mustaqillikka ega boʻlsa-da, lekin amalda batamom markaziy hokimiyatga boʻysunardi. 

Amir Temur davlatining eng ibratli tomoni shunda ediki, sohibqiron kichik bir viloyat doirasida tarbiya topgan boʻlsa-da, davlat mafkurasining boshqaruv tayanchi kuchli hokimiyat ekanligini toʻgʻri idrok etdi va davlat, saltanat ishlarini yuzaga chiqarishda kamchilikka yoʻl qoʻymaydigan vazirlarni tanlashga harakat qildi. Amir Temur hukmronlik qilgan davrda davlatning markaziy maʼmuriyati boshida devonbegi, arkbegi va toʻrtta vazir turgan. Vazirlar soliqlar yigʻish, meros ishlari, askarlar maoshi va ularni oziq-ovqat bilan taʼminlash, saroy xarajatlari bilan bogʻliq ishlarni bajarishgan. 

Bu davrda yerga egalikning baʼzi turlari mavjud boʻlib, ular suyurgʻol, vaqf va jamoa yerlari edi. Xususiy yer egalari tarxon unvonini olgan, vaqf yerlari masjid va madrasalarga qarashli yerlar boʻlib, soliq toʻlashdan ozod qilingan. Asosiy daromad soligʻi – xiroj boʻlib, u olinadigan foydaning uchdan bir qismiga teng boʻlgan. «Temur tuzuklari»da yozilishicha, kimki biron sahroni obod qilsa yoki yer osti suvlarini tortib oladigan inshoot qursa, yo biron bogʻ koʻkartirsa, yoxud biron tashlandiq yerni obod qilsa, yerni oʻzlashtirganligining uchinchi yili qonun doirasida xiroj soligʻi toʻlagan. Bundan tashqari, ushr, mol, suvloq kabi soliq turlari ham mavjud boʻlib, ular yillar davomida amal qilingan tartib-qoidalarga muvofiq ravishda yigʻilgan. 

Mohir sarkarda chet el davlatlari bilan savdo aloqalarini keng yoʻlga qoʻydi. Ushbu davrning shart-sharoitlariga koʻra, tashqi siyosatda qatʼiy, faol harakat qilib, oʻz saltanati dovrugʻini dunyoga mashhur qildi. Sohibqiron Yildirim Boyazid ustidan gʻalaba qozonganidan soʻng Fransiya, Angliya, Genuya va Vizantiya bilan aloqalarni yoʻlga qoʻyib, savdogarlarni va mol almashishni taklif qildi. Shunday qilib, u Yevropa davlatlari bilan yaqin qoʻshnichilik aloqalarini oʻrnatish hamda savdo va karvon yoʻllarini rivojlantirish niyati borligini koʻrsatib, oʻz davlati shuhratini Yevropaga ham tarqata olgan. 

Kuch – adolatdadir

Amir Temur davlatida diniy ilmlar va dunyoviy fanlar barqaror rivojlangan. Sohibqiron fan va madaniyat jonkuyari sifatida shuhrat qozongan. Sohibqiron doimo ilm ahli va ulamolar bilan suhbatda boʻlib, qalbi toza kishilarga talpindi. Bu davrda ilm-fan, meʼmorchilik, sanʼat sohalari oʻta rivojlanib, yuksak maʼnaviy boylik darajasiga koʻtarilgan edi. Uning «Kuch – adolatdadir» degan soʻzlari davlatni boshqarishdagi yuksak qobiliyatidan darak berardi.

Sohibqiron mamlakat obodonchiligiga ham juda katta eʼtibor bergan. Uning harakati bilan Samarqandda dunyoning yirik shaharlaridan keltirilgan binokor va meʼmorlar tomonidan masjidlar, madrasalar, maqbaralar barpo etildi. Hatto gʻariblarga oziq-ovqat beradigan, yoʻlovchilar qoʻnib oʻtadigan maxsus joylar ham qurildi. Shahar atrofi mustahkam devorlar bilan oʻralib, Ohanin, Shayxzoda, Chorsu, Korizgoh, Soʻzangaron va Feruza kabi nomlar bilan darvozalar barpo qilingan. Temurning qarorgohi sifatida noyob maʼmuriy bino Koʻksaroy va Boʻstonsaroylar ham aynan shu yerda bunyod etilgan. Sohibqiron Samarqand atrofida goʻzal bogʻlar ham yaratadi. Ona yurti Keshga katta eʼtibor bilan qaraydi, Shahrisabzda Oqsaroy meʼmoriy obidasi, jomeʼ masjid va madrasalar barpo ettiradi. 

Sohibqirondagi ulugʻ saxovatning yana bir tomoni shunda ediki, u bepoyon dashtlar bilan qamrab olingan Turkiston shahrining obodonchiligiga katta ahamiyat beradi. Jumladan, Xoja Ahmad Yassaviy maqbarasini qurish bilan bu yerda nafaqat obodonchilik, balki koʻchmanchi va oʻtroq aholi oʻrtasidagi munosabatni ham yaxshi yoʻlga qoʻyishga alohida eʼtibor qaratadi. 

Amir Temur davrida yangi shaharlar bunyod etilganini, savdo va hunarmandchilik ham keng rivojlanganligini aytib oʻtish lozim. Buxoro, Shahrisabz, Toshkent kabi shaharlar savdo va hunarmandchilik markazlari sifatida rivojlanib boradi. Ayniqsa, bu davrda hunarmandchilikning keng rivojlanishi shaharlarda hunarmandchilik mahallalari, savdo rastalari soni ortib borishida muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, savdo yoʻllarining tinchligini ham shaxsan uning oʻzi nazorat qilib, karvonlarning xavfsizligini taʼminlagani ayni haqiqatdir.

«Temur tuzuklari»ning ahamiyati

«Temur tuzuklari» alohida ahamiyatga ega boʻlib, unda sohibqironning davlat tuzilishi va mamlakatlarni boshqarishi haqidagi qimmatli maʼlumotlar oʻrin olgan. Undan koʻplab sharq hukmdorlari faoliyatlari davomida foydalanib, yuqori baho berishgan. 

Tuzuklarning birinchi qismida Amir Temurning yetti yoshidan to vafotiga qadar kechgan hayoti va ijtimoiy-siyosiy faoliyati hamda uning Movarounnahrda markaziy hokimiyatni qoʻlga kiritishi, ijtimoiy tarqoqlikka barham berishi hamda markazlashgan davlat tuzishi bayon qilingan. Bundan tashqari, qoʻshni mamlakatlar Eron va Afgʻonistonni oʻz tasarrufiga kiritishi, Oltin Oʻrda xoni Toʻxtamishxon ustidan gʻalaba qozonishi, Ozarbayjon, Turkiya va Hindistonga qilgan harbiy yurishlari yoritib oʻtilgan. 

Asarning ikkinchi qismi esa sohibqironning nomidan aytilgan va uning toj-u taxt vorislariga atalgan oʻziga xos vasiyat va pand-u nasihatlaridan iborat. Unda davlatni idora qilishda kimlarga tayanish, toj-u taxt egalari hamda vazir va qoʻshin boshliqlarining burch va vazifalari, amirlar va boshqa mansabdorlarning toj-u taxt oldida koʻrsatgan alohida xizmatlarini taqdirlash tartibi toʻgʻrisida fikr yuritilgan. 

Amir Temur ulugʻ saltanat barpo etgan, davlatning ichki siyosati – harbiy sanʼatni zamon talabi asosida tobora takomillashtirib borgan. Moʻgʻul istilosi asoratlarini bartaraf etishga erishgan. Xoʻjalikni oyoqqa turgʻazishga muvaffaq boʻlgan. Shuningdek, savdo-sotiq, hunarmandchilikni rivojlantirgan. Aholi manfaatlarini himoya qilgan, ilm-fan, madaniyat, meʼmorchilikni tubdan taraqqiy ettirgan. Obodonlashtirish ishlarini keng koʻlamda olib borgan. 

Istiqlol haqiqati

Sobiq ittifoq mafkurasi sohibqiron faoliyatiga salbiy munosabatda boʻlib, oʻsha davr adabiyotlarida qoralab kelindi. Lekin taqiqlarga qaramasdan, ayrim ilmiy asarlarda Temur haqida toʻgʻri fikrlar ham bildirildi. Bu jihatdan 1968-yili akademik Ibrohim Moʻminovning «Amir Temurning Oʻrta Osiyo tarixida tutgan oʻrni va roli» risolasining nashr etilishi muhim voqea boʻldi. Mazkur risola sohibqiron shaxsiga bir yoqlama qarashlarga chek qoʻyish maqsadida yozilgan ilmiy asar edi. Ammo bu asar qattiq tanqidga uchradi. 

Oʻzbekistonning istiqlolni qoʻlga kiritishi tariximizga toʻgʻri munosabatda boʻlish imkonini yaratdi. Shu bois soʻnggi yillarda Amir Temur va uning davrini oʻrganishga bagʻishlangan qator manbalar va kitoblar nashr qilindi. Ayniqsa, Boʻriboy Ahmedovning Amir Temur haqidagi katta roman-xronikasi yuqoridagi fikrimizning tasdigʻidir. 1996-yil yurtimizda «Amir Temur yili» deb eʼlon qilinishi va bu sananing dunyo miqyosida keng nishonlanishi sohibqiron nomi oqlanib, uning buyuk xizmatlari eʼtirof etilganligining yorqin dalilidir. Ulugʻ vatandoshimizga atab Oʻzbekistonning 3 ta shahrida sohibqironning haykali oʻrnatildi. Hatto Yevropaning koʻplab davlatlari qatori, Fransiyada ham Amir Temurni oʻz xaloskori sifatida qadrlab, unga oltin suvi yuritilgan haykalcha oʻrnatilgani uning shaxsiga bildirilgan hurmat-eʼtiborning namunasidir.  

Mixli SAFAROV,

oʻz muxbirimiz.