Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
(14-fevral – Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan kun)
Zahiriddin Muhammad Bobur hayotning ogʻir sinovlarini boshidan kechirganida endigina 12 yoshda edi. Shu yoshida taxtga chiqish, davlatni boshqarish, xalqni adolat bilan idora qilib, mamlakat sarhadlarini gʻanimlardan himoya qilish…
Oʻshanda Movarounnahr ijtimoiy hayoti va siyosiy ichki nizolar girdobiga tushib qolgan, Sohibqiron Amir Temur barpo etgan davlat tanazzulga yuz tutgan, temuriy vorislar mamlakatni parokanda holatga keltirib qoʻygan edi. Bobur shunday bir paytda Andijonda turib, Samarqandga koʻp bora intiladi. Uning niyati bobosi Amir Temur saltanati sohibi boʻlish edi. Va ikki bora Samarqandni egallaydi, bu voqealar 1498- va 1500-yillarga toʻgʻri keladi. Bu orada Movarounnahr hududiga Shayboniyxon xurujlari avj oladi, birin-ketin temuriyzodalar qoʻl ostidagi hududlar mahv etila boshlaydi. Bobur ilojsiz ahvolda ona yurtini tark aylashga majbur boʻladi. 1504-yilda avval Hisor, keyin Kobulga yoʻl oladi. U kelajak taqdirini ayni shu mintaqalardan izlaydi, bu esa oson kechmaydi.
Hindiston moʻjizaviy oʻlka, u qadim-qadimdan kishilarni oʻziga rom etgan. Bu maftunkor oʻlka Boburni ham koʻpdan buyon qiziqtirib kelar edi. Bobur 1525-yili Hindistonga 1200 kishilik qoʻshini bilan lashkar tortib, Ibrohim Lodiyning 100000 nafar askar va 1000 ta fildan iborat qoʻshiniga qarshi janglarda gʻolib keladi va bu afsonaviy oʻlkaning shimoliy qismlariga egalik qiladi. Uning hukmronligi davrida insoniylikka asoslangan adolatli qonunlar sharofati bilan Hindistonda siyosiy muhit barqarorlashib, oʻlka yerlari birlashadi. Shaharlar obodonlashtirilib, savdo-sotiq toʻgʻri yoʻlga qoʻyiladi. Bobur bogʻ-rogʻlar yaratishga homiylik qilgan adolatli shoh sifatida taniladi. Shu oʻrinda 332 yil davom etgan boburiylar sulolasi davrida ham Hindistonni obodonlashtirish, unda hozirgacha mashhur boʻlgan meʼmoriy yodgorliklar, bogʻlar, kutubxonalar, karvonsaroylar qurdirish keng miqyosda yoyilganini, oʻsha davrning ilgʻor va zehni oʻtkir olimlari, shoirlari, musiqashunoslari va davlat arboblarini mujassam etgan mukammal bir maʼnaviy-ruhiy muhit vujudga kelganligini taʼkidlash joiz.
Ulugʻ shoh Bobur Hindistonda davlat ishlari bilan bir qatorda, oʻzining adabiy-badiiy faoliyatini ham davom ettiradi. Uning hassos qalbidagi sohir tuygʻulari betakror sheʼriyati, magʻzi toʻq nasriy asarlariga koʻchadi. Bugun bizgacha Boburdan oʻzbek tilida yaratilgan bir sheʼriy devon, «Boburnoma» (asli nomi «Vaqoye» – «Voqealar»), Xoja Ahror Valiy (1404–1490)dan qilingan «Volidiya» sheʼriy tarjimasi, aruz nazariyasiga doir «Mufassal», islom ruknlari haqida «Mubayyin», «Musiqiy ilmi», «Harb ishi», «Xatti Boburiy» asarlari yetib kelgan.
Nozik taʼb shoir sheʼrlarining aksarida esa uning oʻz hayoti lavhalariga va lahzalariga ishoralar sezilarli darajada bayon etilgan. Xususan,
Charxning men koʻrmagan
jabr-u jafosi qoldimu?
Xasta koʻnglim chekmagan
dard-u balosi qoldimu?
– deya bitilgan misralar qancha dardchil boʻlsa, shuncha jozibali. Qancha qaygʻuli boʻlsa, shuncha yorugʻdir. Qalblarga chuqur botib ketguvchi bu qaygʻuli satrlarda ertaning, kelajakning yop-yorugʻ umidlari mujassam. Xuddi shu jihati bilan ham Bobur baytlari qadrli va inson ruhiyatiga yaqindir.
Shoh va shoir ijodining yana bir muhim mavzusi Vatanga muhabbat tuygʻusi, yurt sogʻinchi, unga qaytish umidi boʻlganini ushbu misralardan anglash qiyin emas.
Toleʼ yoʻqki jonimgʻa baloligʻ boʻldi,
Har ishnikim ayladim, xatoligʻ boʻldi.
Oʻz yerni qoʻyib Hind sori yuzlandim,
Yo rab, netayin, ne yuz qaroligʻ boʻldi.
«Boburnoma» — Boburning shoh asari. Bu asarda Boburning boshidan kechirganlari, yoʻl qoʻygan xatolari, alam-u iztirob, gʻalaba va magʻlubiyatlari hamda shajarasi ochiq yozilgan. Joy nomlari, u yerdagi jonzotlar hamda oʻsimliklar atroflicha yoritilgan. Asarda oʻsha davrning mashhur kishilariga adolatli tarzda taʼrif berilganki, kitobni oʻqigan odam Bobur tafakkuriga, bilimiga, uning sarkardalik qobiliyatiga, odil va oqilligiga qoyil qoladi. Asarda keltirilgan baytlar, gʻazal, ruboiylar esa kitobning shoh bezagi sifatida oʻquvchi qalbida oʻchmas iz qoldiradi. Bu haqda Boburning oʻzi bunday yozadi:
Bu olam aro ajab alamlar koʻrdim,
Olam elidin turfa sitamlar koʻrdim,
Har kim bu «Vaqoyeʼ»ni oʻqur bilgaykim,
Ne ranj-u… ne mehnat-u… ne gʻamlar koʻrdim.
Yana bir eʼtiborli jihati shundaki, hozirga qadar mazkur memuar asar dunyoning 30 dan ortiq, xususan – ingliz, fransuz, nemis, italyan, golland, fors, urdu, rus, yapon, turk, tojik tillariga tarjima qilingan. Bu asardagi juda koʻp dolzarb iqtisodiy, ijtimoiy masalalar, yuqorida nomlari keltirilgan viloyatlarning oʻzaro siyosiy-iqtisodiy va savdo munosabatlari, jugʻrofiy mavqeyi, iqlimi, oʻsimlik va hayvonot dunyosi, togʻlari, daryolari, xalqlari, qabila va elatlari hamda ularning yashash sharoitlari, urf-odatlari, muhim tarixiy inshootlari — hindlar ibodatxonalari va musulmonlarning masjidlari, toʻy va dafn marosimlari haqida nihoyatda nodir maʼlumotlar tarixiy va adabiy meros sifatida dunyo olimlarini hozirga qadar hayratda qoldirib kelmoqda.
Aytish joizki, Hindiston farzandi Javoharlal Neru «Bobur – dilbar shaxs. Uygʻonish davri hukmdorining haqiqiy namunasidir… Uning Hindistonga kelishi tufayli Hindistonda buyuk oʻzgarishlar sodir boʻldi, sanʼatda, hayotda, meʼmorchilikda va madaniyatning boshqa sohalarida yangicha taraqqiyot yuz berdi», deganida tamomila haq edi.
Har kimki vafo qilsa, vafo topqusidur,
Har kimki jafo qilsa, jafo topqusidur.
Yaxshi kishi koʻrmagay yomonligʻ hargiz,
Har kimki yomon boʻlsa, jazo topqusidur.
Shu singari sheʼrlarida har doim odamlarni yaxshilikka, adolat, insonparvarlikka, yuksak insoniy tuygʻularni qadrlashga chorlagan buyuk vatandoshimiz Zahiriddin Muhammad Bobur umri davomida yaxshilikni istab yashadi. Qoʻlidan kelgancha odamlarga yaxshilik qildi. Endigina 47 yoshni qarshilagan, ayni kuchga toʻlgan chogʻida oʻz umrini farzandi Humoyunga «sadqa» qilib yubordi. Ammo koʻhna tarix sahnida adolatli shoh va buyuk shoir oʻzining maʼlum va mashhur asarlari bilan tarixnavis adib, lirik shoir hamda ijtimoiy masalalar yechimiga oʻz hissasini qoʻshgan olim sifatida oʻchmas iz qoldirgan siymolardan biri boʻlib qoldi. Koʻngliga yorugʻ maqsad tuggan insonlarga, ayniqsa, yoshlarga ulugʻ bobokalonimizning jasurlik, fidoyilik, yurtparvarlik va oilasiga, avlodlariga oqibatlilik, jonfidoligi hamisha oʻrnakdir.
Gulnoza TURGʻUNBOYEVA,
oʻz muxbirimiz.
