Otasi fojiali ravishda hayotdan koʻz yumgach, Zahiriddin Muhammad Bobur 12 yoshligida mamlakat taxtiga oʻtiradi. Bu paytda temuriy shahzodalar oʻrtasida oʻzaro nizolar avjiga chiqqan palla edi. Bu ham yetmagandek, Umarshayx Mirzo saltanatidagi bir qancha beklar va hokimlar yosh hukmdorga boʻysunishni istashmaydi. Oʻz amakisi va togʻasi ham unga qarshi chiqishadi. Xullas, hukmdorligining dastlabki 2–3 yilini oʻzaro nizo va kelishmovchiliklarni bartaraf etishga, oʻz mavqeini mustahkamlashga sarflaydi.
Lekin uning asl maqsadi bundanda ulugʻvorroq – bobosi Amir Temur saltanatini qayta tiklash edi. Buning uchun avvalo bir paytlar ulugʻ saltanatning poytaxti boʻlgan Samarqandni egallash lozim deb hisoblardi. Shu maqsadda amalga oshirgan 1495–1496-yillardagi harbiy yurishlari muvaffaqiyatsiz kechadi. Nihoyat 1497-yilda 7 oylik qamaldan soʻng Samarqandni qoʻlga kiritadi. Ammo turli iqtisodiy, harbiy va boshqa qiyinchiliklarga duch kelavergach, yuz kundan keyin shahardan chiqib ketadi.
Bobur ikkinchi marta Samarqandni 1500-yilning kuzida egallaydi. Shayboniyxonning shaharda qoldirgan lashkari mahv etiladi. Ammo kelasi yil bahorida Shayboniyxon katta qoʻshin bilan bostirib keladi.
1501-yil aprelida boʻlgan jangda Bobur Mirzo magʻlubiyat alamini tortadi. Uning tugʻma sarkardalik isteʼdodi toj-u taxt uchun kurashlarda ana shunday biri-birini almashtirib turgan gʻalabalar va magʻlubiyatlar orqali tobora toblanib boradi.
Tugʻma isteʼdod deyishimizga sabab, uning tomirida temuriylar qoni oqardi. Tarixchi olim Baxtiyor Haydarov taʼkidlaganidek, uning otasi Umarshayx Mirzo Amir Temurning beshinchi avlodi boʻlsa, onasi Qutlugʻ Nigorxonim Chingizxonning oʻn toʻrtinchi avlodi edi.
1501–1504-yillardagi kurashlardan soʻng Bobur Mirzo ota yurtini tark etishga majbur boʻladi. Hisor togʻlari osha Afgʻonistonga yoʻl oladi. Aynan sarkardalik mahorati va bu yerda yuzaga kelgan qulay siyosiy vaziyatdan toʻgʻri foydalanishi tufayli Gʻazni va Kobul shaharlarini egallaydi. 1507-yilda esa Hindistonga yurish qiladi. Dastlabki urinishi koʻzlagan natijani bermaydi. 1519-yildan bu oʻlkani egallashga jiddiy kirishadi. Bir necha harbiy yurishlari muvaffaqiyatli kechadi. Nihoyat 1526-yilda Panipatda Dehli sultoni Ibrohim Loʻdiyning 100 ming kishilik lashkarini 12 ming kishilik qoʻshini bilan yengib, bu shaharni qoʻlga kiritadi. Shu tariqa jangda gʻalaba qozonish uchun askarlar soni emas, harbiy sanʼat muhimligini isbotlaydi. Atrofidagilarning sadoqati, mardlik va jasorati ham unga yordam beradi.
Soʻng Rano Sangoni magʻlubiyatga uchratib, Shimoliy Hindistonning juda katta qismini egallaydi. Ushbu tajribali sarkarda bilan jang oldidan u otashin nutq soʻzlab, butun qoʻshinining ruhini koʻtaradi. Ushbu muhorabada toʻplarni ishlatadi. Shuningdek, «toʻlgʻama», yaʼni dushman lashkarining qanotlarini aylanib oʻtib, qaqshatqich zarba berish usulini qoʻllaydi.
Yovning jangovar fillari tomon Boburning navkarlari yondirilgan gʻildiraklarni dumalatib yuborishadi. Otashdan choʻchigan jonivorlar ortga burilib, yogʻiy askarlarini yanchib, qochishga tushishadi. Ana shu gʻalabadan soʻng Bobur Hindiston zaminida ulugʻ saltanat barpo qiladi. Boburiylar bu oʻlkada
300 yildan ortiq, yaʼni inglizlar istilosigacha hukmdorlik qilishadi.
Ayniqsa, Hindistonning taraqqiyotiga Bobur va
uning avlodlari beqiyos hissa qoʻshishadi. Avvalambor, mamlakatni birlashtirib, markaziy hokimiyatni kuchaytiradi. Natijada oʻzaro urushlar barham topib, yurtda tinchlik-osoyishtalik hukm suradi. Bu esa madaniyatning, savdo-sotiqning rivoj topishiga qulay shart-sharoit yaratadi.
Bobur oʻz saltanatida obodonlashtirish, ilm-u fanni taraqqiy ettirishga alohida eʼtibor qaratadi. Koʻplab bunyodkorlik ishlariga rahnamolik qiladi. Uning davrida dehqonchilik rivoj topadi. Boburning xalqparvarligi yana shunda koʻrinadiki, mahalliy aholining dini, urf-odatlarini hurmat qiladi. Shuning uchun ham buyuk hind xalqining mehr-u muhabbatini, hurmatini qozonadi.
Bobomurod TOSHEV tayyorladi.
