Xalqimizning buyuk farzandi, atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov el-yurtimiz uchun fidoyi rahbar, betakror va benazir shaxs edi.
Taniqli adib 1917-yilning 6-noyabrida Jizzax shahrida tavallud topgan. U 1947 yildan boshlab “Qizil Oʻzbekiston” (“Oʻzbekiston ovozi”) gazetasida muharrir, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi, Oʻzbekiston Oliy kengashi rayosatining raisi, Oʻzbekiston Kompartiyasining birinchi kotibi sifatida faoliyat olib borgan.
Rashidovning ijodi 30-yillarning ikkinchi yarmida boshlangan boʻlib, “Samarqand kuylari”, “Qahrim” kabi toʻplamlari chop etilgan. Sh. Rashidov ayni chogʻda adabiyotshunos va munaqqid sifatida ham qalam tebratgan.
Adibning ijodida maqolanavislik muhim oʻrinni egallaydi. Uning “Gʻoliblar”, “Boʻrondan kuchli”, “Qudratli toʻlqin” kabi romanlarida oʻzbek xalqning urushdan keyingi tiklanish yillaridagi mehnat jasorati oʻz badiiy ifodasini topgan.
Ijodkorning “Kashmir qoʻshigʻi” (1957), “Komde va Mudan” (1959) kabi lirik qissalari va “Koinot” (1960) kabi kinoqissasi anʼanaviy Sharq dostonchiligi uslubida bitilgan boʻlib, yoshlik, bahor, goʻzallik, hayot nashidasi madhiga bagʻishlangan.
Sharof Rashidov turmush oʻrtogʻi Xursand Gʻofurovna bilan toʻrt qiz va bir oʻgʻilni tarbiyalab voyaga yetkazishdi. Ularning barchasi jamiyatda oʻz oʻrnini topgan, mashhur otasiga munosib farzandlar boʻlib yetishdi.
Sharof Rashidov uzoq yillar davomida katta mavqega ega boʻlgan shaxsdir. U toʻqqiz yil Oʻzbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumiga, salkam yigirma besh yil Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetiga rahbarlik qildi va 66-yillik umrining yarmidan koʻpini bevosita respublikani boshqarishga sarfladi. Yozuvchi sifatida ham oʻz davri muammolari, quvonch va tashvishlarini yoritishga xarakat qildi.
Har qanday murakkab sharoitda ham el-yurtimiz manfaatini oʻylab yashagan Sharof Rashidovning buyuk xizmatlari xalqimiz xotirasida abadiy saqlanib qoladi.
Bugun Jizzax shahrida faoliyat olib borayotgan Sharof Rashidov memorial muzeyi ham ana shu ezgu maqsadga xizmat qiladi.
