Oʻzbekiston xalq yozuvchisi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Shukur Xolmirzayev 1940 yili 24 martda Boysun tumanida tugʻilgan. Toshkent universitetining jurnalistika fakulʼtetini tugatgan. «Yosh gvardiya» nashriyotida muharrir (1963—67), Muqimiy nomidagi musiqali drama teatrida adabiy emakdosh (1967—69), «Guliston» (1969—75) va «Sharq yulduzi» (1978—80) jurnallarida adabiy xodim, boʻlim mudiri boʻlib ishlagan.
Xolmirzayevning “Qariya”, “Bodom qishda gulladi” hikoyalarini, “Oʻn sakkizga kirmagan kim bor”, “Togʻlarga qor tushdi” qissalarini, “Qora kamar”, “Ziyofat” drammalarini oʻqimagan oʻquvchi boʻlmasa kerak. Qahramonlarining oddiy tili, xarakterlardagi samimiylik, tabiiylik kitobxonni goʻyoki jonli muloqotga chorlagandek boʻladi.
Yozuvchi ijodi orqali oʻzbekning oʻzbeklik tuygʻusi qanday namoyon boʻlishini judayam joʻn, sodda yoʻsinda koʻrsatib berdi. U odamni bilish nuqtai nazaridan judayam buyuk ijodkor edi. Buni “Olaboʻji” romani misolida ham koʻrish mumkin. Unda shaxs va jamiyat muammosini yaqqol ochib bergan.
Adib oʻz hikoyalarida Abdulla Qodiriy, Abdulla Qahhor kabi oʻzbek yozuvchilarining eng yaxshi anʼanalarini davom ettirish bilan birga oʻzbek hikoyanavisligini rus va Yevropa yozuvchilarining badiiy tajribalari bilan ham boyitdi. Aytish kerakki, Shukur Xolmirzayevning eng yaxshi hikoyalari qahramon obrazining yangi va yorqinligi, kompozisiyasining oʻziga xosligi, qahramonlar tilining rang-barangligi bilan ajralib turadi.
Shukur Xolmirzayevning hikoya va qissalarida, bir tomondan, yoshlik va talabalik yillarining oʻziga xos romantikasi ifodalangan boʻlsa, ikkinchi tomondan, yozuvchi tugʻilib oʻsgan Boysun tumanida yashovchi turfa tabiatli kishilar hayoti, jamiyatda va ular ruhiy olamida kechgan kurash va oʻzgarishlar oʻzining badiiy talqinini topdi. Keyinchalik Boysun va boysunliklar hayoti Shukur Xolmirzayev ijodining asosiy mavzusi darajasiga koʻtarilib, yozuvchi ijodida realistik tasvirning ustuvor yoʻnalishga aylanishida muhim omil boʻldi.
Oʻtkan yili Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida adib tavalludining 80 yilligiga bagʻishlangan “Xotira mangu abadiydir” deb nomlangan xotira kechasi oʻtkazildi.
Adolat FAYZIEVA tayyorladi.
