Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
XIX asr boshida boshlangan toʻrtinchi sanoat inqilobi yutuqlari asosida shakllangan postindustrial modelning oʻz taraqqiyot yoʻlida jadal rivojlanishi kutilmagan oqibatlarga olib keldi. Ayniqsa, XXI asrga kelib, uning global modelga oʻtishi dunyodagi mavjud geosiyosiy vaziyatni oʻzgartirib yubordi. Bugunga kelib esa jahon arxitekturasining insoniyatni birlashtirishga qaratilgan yagona geosiyosiy modelini xavf ostida qoldirdi.
Turli qarama-qarshi kuchlar va markazlar oʻz manfaatlari yoʻlida xalqaro huquq normalariga ochiqdan-ochiq zid ravishda harakat qilishlari eski va yangi ixtiloflar, mojarolarni qoʻzgʻab yubordi. Natijada hozirgi kunda dunyoning 22 ta mamlakatida notinchlik hukm surib, urushlar alanga olganligini kuzatish mumkin. Fikrimizcha, bu ayanchli holatlardan toʻrtta jahon geosiyosati yoʻnalishlarini belgilab bermoqda.
Birinchisi, harbiy qudrat va salohiyatga ega boʻlgan davlatlar oʻz hudud va taʼsir doiralarini kengaytirish maqsadlaridan voz kechmasdan, qurollanish poygasiga zoʻr berishmoqda. Natijada 2022-yildan eʼtiboran, Ukrainada, Isroil–Falastin, Armaniston–Ozarbayjon, Pokiston–Hindiston, Janubiy va Shimoliy Koreya, Serbiya–Kosovo, Turkiya–Gretsiya, Isroil–Eron kabi mamlakatlarda azaldan mavjud boʻlgan mojarolar yangi tus olmoqda.
Ikkinchisi, 2024-yilda dunyoning 70 ta mamlakatida prezidentlik yoki parlament saylovlari boʻlib oʻtadi va ularda jahon aholisining yarmidan koʻpi ishtirok etib, oʻz yetakchilarini saylab olishadi. Ushbu elektoral saylovlar natijalari nafaqat mazkur davlatlarga, balki jahon siyosati va xavfsizligiga ham muayyan taʼsir oʻtkazishi va yangi oʻzgarishlarga olib kelishi mumkin.
Uchinchisi, Amerika–Xitoy munosabatlarining rivojlanish dinamikasi xalqaro xavfsizlik tizimi kelajagini belgilashi mumkin. Zero, Pekin va Vashington munosabatlarida hali hanuz keskinlik va ziddiyatlar mavjud.
Toʻrtinchisi, mintaqalashuv tendensiyasi tobora kuchayib va kengayib bormoqda. BRIKS, SHHT, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa mintaqaviy tashkilotlarga aʼzo davlatlar «Katta yettilik» mamlakatlariga muqobil boʻla oladigan, oʻzining global boshqaruv tizimiga ega boʻlgan, iqtisodi barqaror oʻsishni uzluksiz taʼminlayotgan va barqaror rivojlanayotgan davlatlardir. Ularning soni muttasil oʻsib borayotganligi, hamkorlikda turli sohalarda erishayotgan yutuq va muvaffaqiyatlari koʻplab davlatlarda qiziqish uygʻotmoqda. Oʻz navbatida bu davlatlar ham ular safiga kirish xohish-istaklarini bildirishmoqda.
Mazkur mintaqaviy tashkilot va birlashmalar faoliyatiga chuqurroq eʼtibor qaratilsa, bugungi geosiyosiy manzara yanada oydinlashadi. Masalan, BRIKS mintaqaviy iqtisodiy birlashmasiga 2009-yilda Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy aʼzo boʻlgan, 2011-yilda esa Janubiy Afrika Respublikasi qoʻshilgan. 2023-yilda BRIKSning Yoxanesburg shahrida boʻlib oʻtgan sammitida yangi 5 ta davlat – Eron, Saudiya Arabistoni, Misr, Efiopiya va BAA qoʻshildi. Birlashmaga aʼzo boʻlish uchun yana 23 ta davlat ariza topshirgan.
BRIKS nafaqat iqtisodiy birlashma, balki oʻziga xos siyosiy brend sifatida ham tanildi. Masalan, uning Taraqqiyot banki tomonidan aʼzo mamlakatlar uchun oʻz raqamli valyutasiga oʻtishga hozirlik eʼlon qilinishi xalqaro maydonda AQSHni asosiy moliyaviy-iqtisodiy manbayi boʻlgan dollarning milliy iqtisodlaridan mosuvo qilishi mumkinligi haqida bashorat qilinmoqda. Birlashmaning bunday qadamlari jahon geosiyosati va iqtisodiy munosabatlariga oʻz taʼsirini oʻtkazishi mumkin.
Jahon siyosati va iqtisodiyotida tobora nufuzi ortib borayotgan SHHT 2001-yilda tuzilgan mintaqaviy xalqaro tashkilot boʻlib, Xitoy, Rossiya, Qozogʻiston, Oʻzbekiston va Tojikiston uning asoschilari hisoblanadi. Bugungi kunda tashkilotga 10 ta davlat aʼzo, uchta davlat kuzatuvchi maqomiga, 14 ta davlat tashkilot bilan muloqot qilish boʻyicha hamkor maqomiga ega. Bu esa tashkilotning xalqaro siyosatdagi oʻrni va nufuzining ortib borayotganligi hamda hozirgi murakkab geosiyosiy vaziyatda mintaqa mamlakatlari birlashuvi mustahkamlanayotganligidan dalolatdir.
SHHTning yaqinda Ostona shahrida boʻlib oʻtgan «SHHT plyus»formatidagi uchrashuvda nutq soʻzlagan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Global siyosiy va iqtisodiy «parchalanishlar», urushlar va mojarolar xalqaro munosabatlar tizimi asosi va hal qiluvchi tamoyillarining yemirilishiga olib kelmoqda», deb taʼkidladi.
Yangi jahon tartiboti shakllanayotgan hozirgi davrda Turkiy davlatlar tashkiloti butun mintaqamiz xavfsizligi garovi boʻlishi lozimligi haqida fikrlar bildirilmoqda. Ushbu tashkilotga aʼzo davlatlarning iqtisodiy va inson resurslari uning global tinchlik va xavfsizlik masalalarida jahonning asosiy geosiyosiy kuchlaridan biriga aylanishiga imkoniyat yaratadi. Zero, siyosiy oʻzgarishlarning yangi bosqichida uzoq muddatli xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash uchun ijtimoiy va tabiiy omillarni inobatga olish zarurligi, hamkorlar bilan raqobat emas, faqat birgalikda harakat qilish va kelajak avlod oldidagi masʼuliyatni his etgan holda, barqaror tinchlik va xavfsizlikka erishish mumkinligi isbotlanmoqda.
Xulosa oʻrnida taʼkidlashimiz lozimki, jahonda kechayotgan murakkab hamda xavfli tahdid va tajovuzlar jarayonida faqatgina ezgulik, tinchlik, barqarorlik, hamkorlik va doʻstlik yoʻlini tanlagan mamlakatlargina birgalikda ushbu muammolarni hal etishlari mumkin. Davlatimiz rahbarining bu boradagi tashabbus va takliflari jahon hamjamiyati, BMT, shuningdek, boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar hamda davlatlar rahbarlari, siyosatchilar tomonidan iliq kutib olinmoqda, maʼqullanmoqda, bu esa koʻp vektorli Oʻzbekiston tashqi siyosatining naqadar pragmatik va ochiq ekanligining dalolatidir.
Shuhrat GʻOYIBNAZAROV,
siyosiy fanlar doktori, professor,
isteʼfodagi polkovnik.
