Farzandlarini yeru koʻkka ishonmay yurgan Fotimani Allohning yana bir imtihoni kutardi. Bir kuni goʻdak oʻgʻli Muhammad atak-chechak qilayotib, yiqildi. Shunda yerda yotgan bir shoxcha uning koʻziga zarar yetkazdi. Oradan uch-toʻrt kun oʻtgach, ona farzandining koʻrmayotganini bildi. Fotima dunyoni unutdi, Allohga nola qildi. Shu topda oʻgʻlining koʻra olishi evaziga hamma narsasini berishga tayyor edi. Katta oʻgʻli bilan birga buxorolik mashhur tabibnikiga joʻnashdi.
Qartaygan, koʻzlari qisiq, titroq qoʻlli tabib bolani obdon sinchiklab koʻrib, davolashga ojiz ekanini aytdi. “Shifo yolgʻiz Allohdan!” deb taskin ham berdi. Fotima tabib huzuridan boʻshashib, oyoq-qoʻli holsiz qaytdi. Shu soatdan boshlab ona sarosimaga tushdi. Necha kundir, tunlari bedor, kunduzlari roʻzador. Allohga iltijo bilan yolvoradi, farzandining kasaliga shifo soʻraydi. Ana shunday kunlarning birida juda toliqib, ozroq uxlagan edi, tush koʻrdi. Hassa tutgan baland boʻyli, yuzi nurli, koʻrkam soqolli bir qariya tushiga kirdi. Keyin bilsa, bu zot Ibrohim Xalilulloh (alayhissalom) ekanlar. U kishi Fotima qarshisiga kelib, unga xursand holda: “Ey ayol, Allohga koʻp yolborib yigʻlaganing, tinmay duolar qilganing samarasiz ketmadi, mehribon Alloh oʻgʻlingga koʻzlarini qaytarib berdi”, dedi. Ona uyqudan yuragi hapriqib uygʻondi. Shoshilinch oʻgʻli yotgan xonaga chopdi. Kirib qarasa, koʻzi yana hammayoqni koʻra boshlagan oʻgʻli oʻrinda jilmayib yotardi. Fotima umid-iltijosi mukofotiga berilgan bu yaxshilikdan cheksiz sevindi. Allohga hisobsiz shukrlar aytdi, hamdu sano yoʻlladi.
Alalqissa, onasi suyub-ardoqlab oʻstirgan bu bola keyinchalik hadis ilmining sultoni, ulugʻ muhaddis Muhammad ibn Ismoil Buxoriy (Imom Buxoriy) boʻlib yetishdi.
