Maʼnaviyat va maʼrifat darsi

Amerika — sehrli diyor,

Uxlar edi Kolumb ham hali,

Dengiz ortin yoritdi ilk bor,

Beruniyning aql mashʼali.

 

Oʻzbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripov mazkur toʻrtligida ona yurtimizning asl farzandi ulugʻ alloma Abu Rayhon Beruniyning naqadar kuchli isteʼdod sohibi ekanligiga ishora qilgan. Beruniy asarlarini mutolaa qilgan har bir kitobxon xuddi oʻzini ushbu asarlar sehri ostiga tushib qolgandek his qilib, undagi ilm sirlaridan bahra oladi.

Qomusiy olim Muhammad ibn Ahmad Abu Rayhon Beruniy 973-yil­ning 4-sentabr kuni qadimgi Xorazmning Kat shahrida tavallud topgan. U oʻzining tinimsiz izlanishlari tufayli koʻhna diyor ilm fani­ning yuksak choʻqqilarini zabt etadi. Ul zot siymosida oʻrta asrlar sharqining astronomi, geografi, maʼdan­shunosi, etnografi, tarixchisi hamda shoiri mujassamlashgan edi. Uning ilmiy saʼy-harakatlari samarasi oʻlaroq, fanning turli sohalariga oid juda koʻplab yirik asarlar yaratildi.

Beruniy Abu Nasr Iroq rahbarligida yoshligidan riyoziyot va falakiyotni oʻrganib, 16–17 yoshlaridayoq, Quyosh­ning choshgohdagi baland­ligini armilada oʻlchagan. Oradan 30 yil oʻtib, yoshligida oʻzi oʻlchagan natijalarni tahlil qilar ekan, ular anchagina ishonchli boʻlganligini taʼkidlaydi. Yoshlik yillarida quyosh tutilishini ham kuzatishga muyassar boʻladi. U 22 yoshida Markaziy Osiyoda birinchi boʻlib, globusni ixtiro qildi.

Ajdodlar qoldirib ketgan koʻplab kitoblarni oʻrgandi va bizgacha yetib kelgan, turli xalqlarning yil hisoblari toʻgʻrisidagi ilk yirik asari – «Osorul boqiya» (Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar)ni bitadi. Unga koʻra, yunonlar, rimliklar, forslar, sugʻdiylar, xorazmiylar va boshqa koʻplab qabila va xalqlarning oʻtmishi, bayram va taqvimlari, shuningdek, sharq mamlakatlarining madaniyat va adabiyot tarixi toʻla-toʻkis talqin etilgan. Ushbu asarda Beruniy oʻzini nafaqat elshunos olim balki arab, yunon, fors, suryoniy va boshqa tillar hamda adabiyotlarning bilimdoni sifatida ham namoyon etadi.

Abu Rayhon Beruniyning ustozi Abu Nasr ibn Iroq oʻz davrining yetuk bilimdoni edi. Tirikligidayoq «oʻz davrining Ptolemeyi» degan nomga sazovor boʻlgan olim Beruniy­ni oʻz xonadonida tarbiyalab voyaga yetkaz­di. Ana shu ikki buyuk siymo tufayli Gurganch saroyida ilm ahli uchun barcha sharoitlar yaratildi. Yaqin va oʻrta sharqdagi koʻplab olimlar bilan shaxsiy yozishmada boʻlgan Ibn Iroq va Beruniyning takliflariga binoan, 1004-yildan boshlab, Nishopur, Balx va Buxorodan hatto arab va Iroqdan ham olimlar Gurganchga kela boshladi. Shu tariqa, Gurganchda «Dorul hikma», yaʼni «Donishmandlar uyi» nomini olgan ilmiy muassasa paydo boʻldi. Unda xuddi Bagʻdodda barpo etilgan «Baytul hikma»dagi kabi ilmning barcha sohalarida tadqiqot va izlanishlar olib borildi. Beruniy keltirgan maʼlumotlarga koʻra, u yerda suryon va yunon tillaridan baʼzi tarjimalar ham bajarilgan.

Ali ibn Maʼmun vafotidan soʻng (1009) uning ukasi Abul Abbos Maʼmun ibn Maʼmun Xorazmshohlar hukmdori boʻldi. U Beruniyni saroyga taklif qilib, oʻziga eng yaqin maslahatchi etib tayinladi. Natijada Maʼmun akademiyasi faoliyati uchun yanada keng imkoniyatlar eshigi ochildi.

Qirqdan ortiq olimlar faoliyat yuritgan ilmiy markazda oʻz davrining yetuk insonlari matematika, astronomiya, ruhiyat, kimyo, mantiq, tibbiyot, falsafa, tarix, tilshunoslik, taʼlim-tarbiya, adabiyot, musiqa, geografiya, geodeziya, topografiya va mexa­nika singari turli fanlar bilan shugʻullanib, ularning kelajakdagi taraqqiyotiga mustahkam zamin yaratildi.

Ammo ushbu akademiya­ning faoliyati uzoqqa choʻzilmadi. 1017-yilda Xorazm yirik istilochi Sulton Mahmud Gʻaznaviy qoʻl ostiga oʻtdi. Xorazmshohning qatʼiy talabi va koʻmagi bilan Gurganchdan yunon, yahudiy, arab va boshqa xalqlarning vakillaridan iborat kichik ilmiy karvon Abu Ali ibn Sino boshchiligida chiqib ketadi. Sulton Mahmud shaharda qolgan olimlarning baʼzilarini dahriylikda ayblab qatl ettiradi, qolgan mashhur olimlarni oʻz mamlakatining poytaxti Gʻazna shahriga olib keladi. U yerda Beruniy «Hindiston tarixi» asarini hamda 1025-yilda «Geodeziya», 1030–1041-yillar oraligʻida esa «Al-qonun al-Masʼudiy», 1041–1048-yillarda «Mineralogiya» hamda «Kitob as-saydana fit-tibb» asarlarini yaratadi. Olim tomonidan 152 ta risola yaratilib, shundan 30 tasi bizgacha yetib kelgan.

Taʼkidlash joizki, Abu Rayhon Beruniy bundan ming yil oldin Hindistonda boʻlib, uning tarixi, madaniyatini oʻrganish uchun qadimgi hind yozuvi – sanskritni oʻrganib, oʻzining mashhur «Hindiston» asarini yozdi. Mazkur asarda hind adabiyoti, falsafasi, aniq fanlar, geografiya, elshunoslik, qonun va urf-odatlar, din, tarixiy-diniy rivoyatlar hamda hind yozuvining turlari haqida maʼlumotlar keltirilgan.

Ilm-fanning hamma sohalarini yaxshi bilgan qomusiy olimning Ibn Sino bilan yozishmalarida ham fazo, issiqlikning tarqalishi, jismlarning issiqdan kengayishi hamda nurning aks etishi va sinishi kabi masalalarda ilmiy munozara olib borgan.

1048-yilda Gʻazna shahrida vafot etgan buyuk ajdo­dimizning nomini abadiylash­tirish maqsadida yurtimizdagi koʻplab ilmiy markazlar, markaziy koʻchalar hamda shahar va qishloqlarga uning nomi berildi. Bobokalonimiz tavalludining 1050 yilligini keng nishonlash boʻyicha oʻtgan yilning avgust oyida davlatimiz rahbarining qarori ham qabul qilinib, unga koʻra, 2022–2023-yillarda buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligi YUNESKO shafeligida xalqaro miqyosda keng nishonla­nishi koʻrsatib oʻtildi.

Unga muvofiq, «Buyuk Beruniy merosi» xalqaro sayyohlik marshrutlarini yoʻlga qoʻyish, joriy yil yakuniga qadar, Qoraqal­pogʻiston Respublikasi Beruniy tumanida Abu Rayhon Beruniy majmuasini qurish, alloma il­miy-ijodiy merosiga mansub qoʻl­yozma va boshqa madaniy boyliklarni restavratsiya qilish hamda Fanlar akademiyasining Qoraqalpogʻiston boʻlimi va Xorazm Maʼmun akademiyasida madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish va konservatsiya qilishga ixtisoslashgan laboratoriya tashkil etish koʻzda tutildi.

Shuningdek, qaror doirasida oʻquvchilar oʻrtasida Xorazm viloya­tida tegishli fan boʻyicha Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro fan olimpiadasini oʻtkazish, shu nomdagi xalqaro mukofot taʼsis etish hamda allomaning toʻliq asarlari turkumini oʻzbek, qoraqalpoq, rus, ingliz, arab va fors tillarida nashr etish va boshqa bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilangan.

Bu jonajon yurtimizda buyuk ajdodlarimizga boʻlgan hurmat-eʼtibor va qadr-qimmatning yuksak ifodasidir.

 

Mixli SAFAROV,

«Postda» muxbiri.