Maʼnaviyat va maʼrifat darsi

Maʼrifatparvar, oʻzbek jadid adabiyotining yorqin vakili Abdulhamid Sulaymon oʻgʻli Choʻlpon 1898-yilda Andijonning Qatorterak mahallasida savdogar oilasida dunyoga keldi. Choʻlponning otasi Sulaymonqul Mulla Muhammad Yunus oʻgʻli oʻz davrining yetuk ziyolisi, maʼrifatparvar kishisi boʻlgan.

Choʻlpon avval eski maktabda, soʻngra madrasalar va rus-tuzem maktabida tahsil oladi. Arab, fors va rus tillarini mukammal oʻzlashtiradi. Mutolaa yoʻli bilan turk, nemis va ingliz tillarini oʻrganadi. Sharq va Gʻarb ijtimoiy-siyosiy qarashlaridan oziqlanadi. Firdavsiy, Saʼdiy, Hofiz, Umar Xayyom, Alisher Navoiy ijodini mehr bilan oʻrganadi. Choʻlpon dunyoqarashi va ijodining shakllanishiga XX asr boshlaridagi jadidchilik harakati katta taʼsir koʻrsatgan. U oʻn yetti yoshidan jadid nashrlari bilan aloqa bogʻlaydi, ularda avvaliga kichkina xabarlari, soʻng nazmiy va nasriy mashqlari, publitsistik maqolalari bilan qatnasha boshlaydi. Eʼtiborlisi, u nafaqat Turkiston, balki Qrim, Tatariston, Boshqirdistonda chop etilgan gazeta-jurnallarda ham qatnashishga harakat qilgan.

Choʻlponning ijodi 1913–1914-yillardan boshlangan. Lekin bosma nashrda ilk bor 1914-yil «Sadoyi Turkiston» gazetasining 3-sonida «Turkistonli qardoshlarimizga» maqolasi bilan koʻrinish beradi. U avval «Qalandar», «Mirzaqalandar», «Andijonlik» va nihoyat «Choʻlpon» taxallusi bilan ijod qildi. Shoirga «Choʻlpon» taxallusini buyuk maʼrifatparvar Munavvar qori Abdurashidxonov bergan edi. Shundan soʻng «Sadoyi Turkiston» va «Sadoyi Fargʻona» gazetalarida birin-ketin «Qurboni jaholat», «Doktor Muhammadi­yor» nomli hikoyalari, «Bahor avvallari» etyudi, «Adabiyot nadir?» va «Muhtaram yozgʻuchilarimizga» nomli adabiy-tanqidiy, «Vatanimiz Turkistonda ziroat va dehqonchilik» hamda «Vatanimiz Turkistonda temir yoʻllar» nomli publitsistik maqolalari eʼlon qilindi.

Uning adabiyotga qoʻygan jiddiy qadami 1922–1935-yillarda nashr ettirgan kitoblarida oʻz aksini topgan. Bu davrda u oʻzining «Uygʻonish» (1922), «Buloqlar quchogʻida» (1923), «Tong sirlari» (1926), «Soz» (1935) sheʼriy toʻplamlarini nashr ettirdi. 30-yillarga kelib «Joʻr» sheʼriy toʻplamini tayyorladi. Ammo toʻplam qatagʻonlik tuzogʻiga ilinib, qolib ketadi. Shoirning toʻplamlari orasida «Buloqlar quchogʻida» (1923) alohida ajralib turadi. Toʻplam besh boʻlimdan iborat boʻlib, ular «Sharq uchun», «Sezgilar», «Sevgi», «Qora yoʻllar» va «Qor qoʻynida» deb nomlanadi. Shoirning oʻzi qayd etishicha, mazkur sheʼriy guldasta «jahon fotihlari changalida ezilib yotqon Sharq oʻlkalariga» bagʻishlangan. Jumladan, «Amalning oʻlimi» sheʼrida shunday misralarni oʻqiymiz:

 

Koʻnglimda yigʻlagan malaklar kimlar,

Sharqning onalari, juvonlarimi?

Qarshimda ingragan bu jonlar kimlar,

Qullar oʻlkasining insonlarimi?

 

Xalqimiz qalbidan joy olgan «Qalandar ishqi», «Koʻngil», «Binaf­sha» kabi sheʼrlari aynan shu toʻplamda chop etilgan. Umuman, matbuotda eʼlon qilingan ilk asarlaridayoq, millatning maʼnaviy qash­shoqlanishi va yurtining tutqunligidan yuragi pora Choʻlpon oʻz armonlarini ommaga yuqtirib, uni mavjud holatdan chiqishga daʼvat qilayotgan bezovta qalb egasi sifatida boʻy koʻrsatadi.

«Qurboni jaholat» hikoyasida ikki xil voqeani qarshilantirish orqali oʻquvchiga taʼsir oʻtkazishga harakat qiladi. Bunda Eshmurod hamda Moʻminjon obrazlarini oʻzaro solishtiradi. Moʻminjonga oʻxshash jaholat botqogʻiga botgan insonlarni maʼrifatlantirish jamiyatning asosiy muammosi ekanligini tasvirlaydi. Madrasa talabasi Moʻminjonning gap-soʻzlari ham muallifni oʻylantirib kelayotgan muammolarni taqdim etish uchun «ayttiriladi». Fikrimizcha, Choʻlponning muhim ijtimoiy muammolarni bir vaqtning oʻzida ham publitsistik, ham nasriy, ham sheʼriy asarlarida koʻtarayotgani millatni uygʻotish gʻoyalari bilan izohlanadi. Millat bolalarining adabiyotga oshno tutinishini istagan Choʻlpon «Adabiyot nadir?» maqolasida adabiyot haqida shunday deydi: «Hech toʻxtamasdan harakat qilub turgʻon vujudimizga, tanimizga suv-havo ne qadar zarur boʻlsa, maishat yoʻlida har xil qora kirlar ila kirlangan ruhimiz uchun ham shul qadar adabiyot kerakdir. Adabiyot yashasa — millat yashar. Adabiyoti oʻlmagʻon va adabiyotining taraqqiysiga chalishmagan va adiblar yetishdirmagʻon millat oxiri bir kun hissiyotdan, oʻydan, fikrdan mahrum qolub, sekin-sekin inqiroz boʻlur. Muni inkor qilib boʻlmas. Inkor qilgʻon millat oʻzini inqirozda ekanun bildirur».

Uning nazaridan iqtisodiyot, dehqonchilik masalalari ham qolib ketmaydi. Bir maqolasida temir yoʻllarning oʻtkazilishi yurtni obod qilishi, chekka joylardagi hayotni jonlantirishi,«qishloqlarga ham madaniyat» olib kirishini oʻylab quvongani holda, Choʻlpon qishloqliklardan «Ovrupo moʻdasi»ga uchmaslikni oʻtinadi: «Ovruponing moʻdasi va buzuq axloqi sizlarni xonavayron, bevatan, asir-qul qiladur. Bundan saqlaningiz!»

Iqtisodiyotni rivojlantirish masalalariga ayricha eʼtibor bera boshlagan Choʻlpon oʻzlashtiri­lishi lozim boʻlgan madaniyatlar sirasiga «hunar»ni kiritarkan, bu soʻzga koʻp maʼno yuklayotgandek, uni keng maʼnoda tushunayotgandek koʻrinadi. Fikrimizcha, adib bu oʻrinda Yevropaning taraqqiyotda ilgarilab ketishiga imkon bergan qator omillar: ishlab chiqarish-u ish yuritish madaniyati, xoʻjalik­ni boshqarish usullari, qishloq xoʻjaligi-yu sanoat texnikasi va texnologiyasi kabilarni nazarda tutadi. Uning «Ovroʻpo moʻdasi»ga uchmaslik kerakligi haqidagi fikrlari bugun uchun ham nihoyatda ahamiyatlidir.

Choʻlpon «Novvoy qiz», «Oydin kechalarda», «Qor qoʻynida lola» kabi oʻnlab hikoyalar, «Kecha va kunduz» (1936) kabi ajoyib roman ham yaratgan isteʼdodli adibdir. U dramaturg sifatida ham salmoqli ijod qilgan. Uning «Xalil farang», «Choʻrining isyoni» kabi kichik pyesalari, «Oʻrtoq Qarshiboyev», «Mushtumzoʻr» kabi dramalari hamda koʻp vaqt sahnadan tushmagan «Yorqinoy» pyesasi mashhur boʻlgan.

Choʻlpon mohir tarjimon sifatida Shekspirning «Hamlet» fojiasini, Pushkinning «Dubrovskiy» qissasi va «Boris Godunov» pyesasini, Gorkiyning «Ona» romanini va boshqa koʻplab asarlarni oʻzbek tiliga oʻgiradi.

Choʻlpon milliy istiqlol yoʻlidagi kurashidan bir on boʻlsin toʻxtab qolmaydi. Jumladan, «Tilak yoʻlida» sheʼrida:

 

Ketgan yoʻlim toʻgʻri yoʻldir, ketamen,

Qanday toʻsiq mone boʻlsa, oʻtamen,

Men ketamen, tilak, deya ketamen,

Hech tilaksiz quruq jonni netamen?

Bir jon ekan, mayli qurbon etamen!.. –

 

deya el-yurt, ona Vatan yoʻlida qurbon boʻldi.

U Abdulla Qodiriy, Fitratlar kabi 1937-yilning 14-iyulida qamoqqa olinib, 1938-yilning 4-oktabrida otib tashlangan. Eng achinarlisi, ularni oʻldirish haqidagi qarorga 5-oktabrda imzo chekilgan edi.

Choʻlponning asarlari uzoq vaqt davom etgan tanaffusdan keyin 1991-yil «Yana oldim sozimni» nomi bilan nashr etildi.

1991-yil 25-sentabrda Choʻlponga Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti berildi. 1997-yili adib tavalludining 100 yilligi munosabati bilan uning koʻplab asarlari yangidan nashr etildi va u haqda ilmiy tadqiqotlar yaratildi.

Abdulhamid Sulaymon oʻgʻli Choʻlpon milliy ozodlik uchun kurash yoʻlida koʻrsatgan matonati va buyuk xizmatlari, oʻzbek adabiyoti va madaniyati rivojiga qoʻshgan ulkan hissasi uchun 1999-yilda «Mustaqillik» ordeni bilan mukofotlandi.

 

Shoira BOBOMURODOVA,

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti dotsenti,

Shohsanam SHAROFIDDINOVA,

2-bosqich talabasi.