Sohibqiron Amir Temurning toʻrtinchi oʻgʻli Shohruh Mirzoning toʻngʻich oʻgʻli – Ulugʻbek Mirzo 1394-yil 22-mart kuni Iroqi Ajamning Sultoniya shahrida dunyoga keldi.

Ulugʻbek tugʻilgach, Shohruh Mirzoning farzand koʻrgani haqidagi xushxabarni Amir Temurga yetkazish uchun chopar yuboradilar. Sharofuddin Ali Yazdiyning yozishiga qaraganda, bu xabar Sohibqironning Mordin shahrini zabt etgan paytiga toʻgʻri kelgan. Amir Temur xushxabardan bagʻoyat xushnud boʻlib, yangi mehmon poyi qadamini sharaflab, shahar xalqiga omonlik berib, xirojidan voz kechgan va shaharning hokimlik mansabini sobiq hokim, amir Sulton Isoning ukasi amir Sulton Solihga inʼom qilib, oʻzi orqaga qaytgan.

Yangi mehmonga Muhammad Taragʻay deb ism beradilar. Bu ism Temurning marhum otasining ismi boʻlib, hali Temuriy shahzodalardan hech biriga berilmagan edi. 

1404-yil avgust oyida Amir Temur oʻzining mashhur yetti yillik yurishidan muzaffarona Samarqandga qaytib keladi va gʻalabasi sharafiga “Bogʻi dilkusho”da katta anjuman oʻtkazadi. Anjuman toʻyga ulanib, qirq kun davom etadi. 11 yoshli Ulugʻbek Mirzoga marhum Muhammad Sulton Mirzoning qizi – Oʻgʻi Begini unashtiradilar. 1411-yil oktyabridan, yaʼni hayotining oʻn yettinchi yilining oʻrtasidan Ulugʻbek Movarounnahrning mustaqil sultoni boʻladi.

Ulugʻbek Mirzo Movarounnahr hukmdori etib tayinlangach, koʻp vaqtini Samarqandda oʻtkazar, hatto otasi Shohruh Mirzoning harbiy yurishlarida ham kamdan-kam qatnashar va ayrim hollarda qoʻshin yuborish bilan cheklanardi.

Ulugʻbek aslida ulugʻ olim va bunyodkor kishi boʻlib, bobosi Amir Temur kabi jangchi emas, balki ilm-maʼrifat shaydosi edi. Binobarin, u mamlakatda ilm-fan ravnaqiga jon-jahdi bilan kirishar va bu yoʻlda xazinani ayamasdi. Uning davrida Samarqand Sharqning eng gullagan madaniyat oʻchogʻiga aylangan edi.

Ulugʻbek Mirzo bobosi Amir Temur saroyida tarbiyalanib, saroyga yigʻilgan olimu fuzalolar taʼsirida ilm-fanga qiziqadi. Uning birinchi ustozi Salohiddin Muso ibn Mahmud Qozizoda Rumiy edi. Ulugʻbek Mirzo undan falakiyotga oid sir-sinoatlarni oʻrganadi. 

Dunyo astronomiyasi taraqqiyotini Mirzo Ulugʻbekning xizmatlarisiz tasavvur etish qiyin. Movarounnahrda qirq yil hukmronlik qilgan sultonning ilm-fan uchun alohida gʻamxoʻrlik koʻrsatishi, madrasalar barpo etishi, Samarqandda yirik astronomiya maktabiga asos solishining oʻzi tarix oldidagi katta xizmatidir. Ulugʻbek tashabbusi bilan 1424-1428-yillar mobaynida Samarqand shimolida Obirahmat arigʻi boʻyidagi Koʻhak tepaligida bunyod etilgan mashhur rasadxona oʻz davrida osmon jismlarini oʻrganuvchi eng yirik inshoot hisoblangan. Rasadxona bosh teleskopining diametri qariyb 48 metr boʻlgan.

Rasadxona orqali kuzatishlar asosida 1437-yilda dunyoga mashhur “Ziji jadidi Koʻragoniy” asari yaratildi. 

Aytish joizki, Yevropa renessansida Ulugʻbek jadvallarining munosib oʻrni bor. Ulugʻbek “Ziji”da yulduzlar jadvali oʻta aniqlik bilan tuzilgan. 

1417–1430-yillar orasida Ulugʻbek Registon maydonida ulkan madrasa, xonaqoh, masjid va hammom qurdiradi. Shuningdek, 1417-yilda Buxoroda, 1433-yilda Gʻijduvonda ham madrasalar barpo ettirgan. Mazkur madrasalarda matematika, geometriya, falakiyot, tabiyot, jugʻrofiya va tarix kabi dunyoviy ilmlar ham oʻqitilgan. Ulugʻbek bundan tashqari koʻpgina karvonsaroylar, timlar, chorsular va hammomlar ham qurdirgan. 

Mirzo Ulugʻbek tarixnavis donishmand edi. “Tarixi arbaʼ ulus” asari uning turkiy xalqlar tarixini qanchalik chuqur bilganidan dalolat. Undagi nazmiy parchalar esa, ulugʻ ajdodimizning sheʼriyatdan yetarlicha xabardor boʻlganini koʻrsatadi. Alisher Navoiy ham “Majolis un-nafois” asarida Ulugʻbekning sheʼriy isteʼdodiga yuqori baho bergan.

Ulugʻbek atrofiga oʻz davrining eng yirik va isteʼdodli olimlari toʻplangan edi. Samarqand oʻsha paytda Sharqning eng yirik ilm-fan oʻchoqlaridan biriga aylangandi. Dunyoning koʻpgina mamlakatlaridan kelgan oʻnlab olimlar Ulugʻbekning bevosita homiyligi ostida faoliyat koʻrsatgan. Ular orasida Qozizoda Rumiy, Gʻiyosiddin Jamshid Koshiy, Ali Qushchi, Nizomiddin al-Birjandiy, Miram Chalabiy kabi olimlarni alohida taʼkidlab oʻtish lozim.

Tarixda Mirzo Ulugʻbek kabi yuksak isteʼdod va salohiyatga ega hukmdorlar kamdan-kam oʻtgan. Uning birgina astronomiya fani rivojiga qoʻshgan hissasi insoniyat tamaddunidagi ulugʻ xizmatidir. Navoiy taʼbiri bilan aytganda, dunyo bor ekan, uning merosi ham boqiy qolaveradi.