Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
Dunyo miqyosida siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlar boʻyicha tadqiqot olib boruvchi Iqtisod va tinchlik xalqaro institutining terrorizmning global indeksi boʻyicha bergan maʼlumotlariga koʻra, Afgʻoniston, Iroq, Somali, Burkina-Faso, Suriya, Nigeriya, Mali, Niger va Pokiston davlatlarida terrorizm xavfi yuqori hisoblanadi. Oxirgi oʻn yillikda terrorchilik harakatlari oqibatida yuzaga kelgan oʻlim holati 182 ming nafarni tashkil etganligi bu illatning shaxs, jamiyat, davlat va insoniyat uchun qanchalik xavfli ekanligini koʻrsatmoqda.
Dunyoviy va diniy bilimlarning sayozligi, sof diniy tushunchalarning asl mazmunini bilmasliklari yoxud ijtimoiy-moddiy qiyinchiliklar, turmush darajasining pasayishi natijasida ayrim yoshlarimiz ekstremistik oqimlar hamda terrorchi tashkilot va guruhlar aldoviga uchmoqda. Ularning «hijrat», «jihod», «shahidlik», «xalifalikni tiklash» kabi gʻoyalariga koʻr-koʻrona ishonib, turli toʻqnashuv va nizo oʻchoqlari boʻlgan Suriya, Iroq, Afgʻoniston va Pokistonga borib qolishmoqda. Bunday shaxslarning xalqaro terroristik tashkilotlar safida jangovar harakatlarda ishtirok etishlari, kelib chiqishi oʻzbekistonlik boʻlgan shaxslarning AQSH, Shvetsiya, Turkiya va boshqa chet davlatlarda terroristik harakatlar sodir etishlari, terrorizm va ekstremizm bilan bogʻliq jinoyat sodir etib javobgarlikka tortilgan shaxslarning jazoni oʻtab boʻlganidan keyin yana qayta jinoyatga qoʻl urishi mazkur illatga qarshi kurashish borasidagi ishlarni sustlashtirmasligimiz kerakligini anglatadi.
Dunyoda sodir etilayotgan voqealar tahlili shuni koʻrsatmoqda-ki, bugungi kunda ekstremistik va xalqaro terrorchilik tashkilotlari diniy aqidalar niqobi ostida yoshlarni milliy oʻzligini, madaniy-maʼrifiy va oilaviy qadriyatlarini yoʻqotishga undash yoʻli bilan jamiyatda zoʻravonlik va radikal qarashlarni tarqatishni davom ettirmoqda.
Shuni alohida taʼkidlash zarurki, terrorchilik faqat islom mamlakatlariga xos emas. U turli dinlar tarqalgan mintaqalarning barchasida siyosiy kurashning zoʻravonlik shakli sifatida koʻzga tashlanmoqda. Xristian olamida Shimoliy Irlandiya katoliklari va protestantlar orasida, Ispaniyada basklar (katoliklar), Yugoslaviyada serb millatchilari orasida (provaslavlar), Hindistonda sikxlar va tamillar, Shri-Lankada tamillar orasida (induizmning turli oqimlari va nisbatan mustaqil shakllariga eʼtiqod qiluvchilar), Yaponiyada «Aum sinrikiyo» oqimi tarafdorlari orasida ham terrorchilik kurash vositasi ekanligini koʻramiz.
Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish yoʻnalishida sodir etilgan jinoyatlarning koʻp qismi yoshlar tomonidan sodir etilayotganligi, bunga internet orqali ekstremistik oqimlar taʼsiriga tushib qolayotganligi sabab boʻlayotganligi, jinoiy javobgarlikka tortilgan yoshlar orasida oliy taʼlim muassasalari talabalari ham borligi eng achinarli holatlardan biridir. Ayrim holatlarda ota-onalar oʻzining voyaga yetmagan farzandlariga dunyoviy taʼlim berish oʻrniga ularni begona shaxslar bilan chet davlatlariga chiqarib yuborish holatlari ham uchramoqda.
Chet davlatlarda «hujra» sharoitida diniy taʼlim olayotgan bunday voyaga yetmaganlar dunyoviy fanlarni oʻzlashtirmasdan, faqatgina diniy taʼlim bilan cheklanmoqda. Bu esa yetarli anʼanaviy diniy bilim va koʻnikmaga ega boʻlmagan, ota-onasi yoki qonuniy vakillari hamrohligisiz qolayotgan yoshlarning turli xalqaro terroristik va ekstremistik tashkilotlar yollovchilari gʻoyalari taʼsiriga tushishi xavfini yuzaga keltirmoqda.
Oʻzbekiston azaldan turli millatga mansub, turli dinlarga eʼtiqod qiluvchi xalqlar tinch-totuv yashab kelayotgan oʻlka hisoblanadi. Ajdodlarimiz boshqa din vakillariga doimo hurmat bilan munosabatda boʻlgani, Vatan taraqqiyoti yoʻlida yelkadosh boʻlib mehnat qilgani tarixiy manbalarda koʻp qayd etilgan.
Dunyoviy demokratik rivojlanish yoʻlini tanlagan mamlakatimizda dinning davlatdan ajratilgani, shu bilan birga, hamma uchun vijdon erkinligining toʻla kafolatlanishi, eʼtiqod va diniy qarashlarning majburan singdirilishiga yoʻl qoʻyilmaslik, millati, irqi va diniy kelib chiqishidan qatʼi nazar, barcha fuqarolarning qonun oldida teng ekanligi tamoyillariga qatʼiy rioya qilinayotgani jamiyat barqarorligining asosiy omillaridan boʻlib kelmoqda.
Bugungi globallashuv jarayonida dinlar, konfessiyalar, millat hamda elatlar oʻrtasida oʻzaro hamkorlik, bir-birini toʻgʻri tushunishga erishish naqadar zarurligini va aynan bu omillar jamiyatning tinchligi va barqarorligini taʼminlashda muhim oʻrin tutadi. Tinchlik va barqarorlik esa taraqqiyot va farovonlikning asosiy garovidir.
Nafaqat terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish borasida, balki barcha sohalarda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar, taraqqiyotning mutlaqo yangi bosqichiga qadam qoʻyganimiz, erishayotgan zalvorli yutuqlarimiz natijasida bugun jahon miqyosida yurtimiz haqida soʻz ketganda, «Yangi Oʻzbekiston» iborasi tilga olinmoqda.
Prezidentimiz boshchiligida xalqimizning ulugʻvor qudrati joʻsh urgan hozirgi zamonda Oʻzbekistonda yangi bir uygʻonish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda, desak, ayni haqiqat boʻladi. Bugun bir haqiqatni qatʼiy ishonch bilan aytish mumkin: dunyoda turli xavf-xatarlar, manfaatlar toʻqnashuvi kuchayib borayotgan hozirgi tahlikali vaziyatda Oʻzbekistonda shakllangan yangi tizim oʻzini oqlamoqda.
Yurtboshimizning xalqaro minbarlardagi nutqlari jamoatchilik, xalqaro ekspertlar tomonidan qizgʻin kutib olinib, boshqa davlat va hukumat rahbarlari, diplomatlar tomonidan yuksak baholanayotganligi, bir qator gʻoya va takliflari qabul qilinib, ijroga qaratilayotganligi yuqoridagi soʻzlarimizning yana bir isbotidir.
Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, Oʻzbekistonda terrorizm va ekstremizm koʻrinishidagi jinoyatlarga qarshi kurashish, yosh avlodning bunday illatlar taʼsiriga tushib qolishining oldini olish, fuqarolar tomonidan terrorizm va ekstremizmning xavfli oqibatlarini toʻlaqonli anglab yetishlari uchun amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarga shu aziz Vatan farzandi boʻlgan har birimiz oʻz hissamizni qoʻshmogʻimiz lozim.
Xushnudbek YAKUBOV,
IIV Akademiyasi katta oʻqituvchisi,
podpolkovnik.
