U qizini maktabga olib borish uchun odatdagi vaqtda uyidan chiqdi. Nimagadir mashina oʻt olmadi. Balki yoqilgʻisi tugagandir. Hosob-kitobi boʻyicha kamida 15 litr benzin boʻlishi kerak edi. Benzin koʻrsatkichi ham buni tasdiqlaydi...
Bir necha marta boʻlgan urinishlari behuda ketgach, taksida ketishga qaror qildi. Masofa roppa-rosa 10 kilometr. Taksi har doim 20000 soʻmga olib boradi.
Nihoyat uchinchi boʻlib toʻxtagan "Matiz" haydovchisi u aytgan manzilga boshini qimirlatib, rozilik ishorasini berdi. Uning shoshilib turgani va mashina eshigini ochishga taraddudlanganini koʻrgan 50 yoshlardagi haydovchi soʻradi:
- Qancha berasiz, aka?
Shu topda u narx talashadigan holatda emas edi. Shunday boʻlsa-da, narxni aytishni haydovchi ixtiyorida qoldirdi.
- 30000 soʻm.
- Mayli, aka, faqat sal kechikyapmiz...
Haytovur haydovchi masʼuliyatli ekan. Yoʻlda odam olmay, oʻz vaqtida manzilga yetkazib qoʻydi.
- Men bu vaqtda kelolmasdim, kamida 3 minut keyin kelardim.
Haydovchining bundan biroz xursand boʻlgani yuz ifodasidan bilinib turardi.
U avtobusda qaytib kelib yoqilgʻi quyish shoxobchasi tomon yoʻl oldi. Bir-ikkita savdo shoxobchalaridan boʻsh baklajka soʻradi. Nihoyat bir sotuvchi opa baklajkalar faqat chiqindixonada boʻlishini aytdi.
Opaning gapi toʻgʻri ekan.
Bitta 5 litrlik baklajka soʻradi, u yerda har xil baklajkalar uyulib yotardi.
- Oʻtib, oling.
- Qancha boʻladi?
- Ikkita oling, 5000.
- Bitta yetadi, rozimisiz? U shunday deb 2000 soʻm uzatdi. Rozi boʻldi.
Yoqilgʻi quyish shoxobchasiga kirib borayotganda, uzoqdan birinchi qatorda mijozlarga xizmat koʻrsatayotgan 60 yoshlardagi kishi uni chaqirdi.
U baklajka qopqogʻini ochib mashinasi yurmay qolganini aytib, benzin quyib berishni soʻradi. AYOQSH xodimi unga buning uchun birinchi navbatda baklajkaga benzin quyish mumkin yoki mumkinmasligini soʻrashi, shundan soʻng astoydil iltimos qilishi kerakligini otalarcha mehribonlik qilib, yotigʻi bilan tushuntirdi. Soʻngra shogirdiga idishni uzatdi.
U muomalada xato qilganini angladi. Toʻgʻri-da, dabdurustdan idishga benzin quyish mumkinmasligini koʻra-bila turib shunday qiladimi odam degan...
Baklajka toʻlgach, xizmat haqiga qancha berishni bir zum oʻylab, qaytim berishda oʻzi olib qolar deya, 100000 soʻm berdi.
- Mana qaytimi.
U 50000 soʻmni olar ekan, benzin (80) narxini soʻradi.
- 42000 boʻldi, qolganiga rozimisiz?
- Hech boʻlmasa, 5000 olib qoling.
Shu payt shogirdi unga aslida idishga benzin quyish mumkinmasligini, lekin odamgargarchilik va boshqa shunga oʻxshash narsalar borligini uqtirib ketdi.
Nima boʻlganda ham ishi bitgani uchun, shunisiga ham rahmat aytib ketishga chogʻlanarkan, ustozining shogirdiga "norozi boʻlsa hamma pulini qaytarib ber" degani qulogʻiga chalindi. Garchi shogird bu buyruqni bajarishni xayoliga ham keltirmagan boʻlsa-da, u rozi ekanini aytib, minnatdorlik bilan xayrlashdi... Yoqilgʻi quygach, mashina oʻt oldi.
U yuqoridagi voqealarni oʻzicha tahlil qilgan boʻldi. Eʼtiborsizlik qilgani shuncha tashvish va muammoga sabab boʻlganini, hamma ayb oʻzida ekanini yaxshiyamki tushunib turardi. Yoʻqsa, mushkul vaziyatga tushib qolganda, shundan ham yordam berish oʻrniga foyda olishni koʻzlovchilar borligini oʻylab, odamlarni oqibatsizlikda ayblashiga bir bahya qolgandi...
Sherzod Abdusamadov.
