Maʼnaviyat va maʼrifat darsi

Dunyo yaralibdiki, insoniyatga turli xavflar, jumladan, tabiatning vayronkor injiqliklari tahdid soladi. Ommaviy axborot vositalariga nazar tashlasak, deyarli har kuni dunyoning qay bir burchagida qandaydir favqulodda vaziyat yuzaga kelayotganiga guvoh boʻlamiz.

Yurtimizda ham bir qancha favqulodda vaziyatlar yuz berib, xalqimiz boshidan sinovli kunlar oʻtgan. Misol tariqasida, 1902-yilda Andijon shahrida, 1966-yilda Toshkent shahrida va 1984-yilda Gazlida yuz bergan zilzilalar, shuningdek, oʻtgan asrning 90-yillari boshidagi Toshkent va Samarqand viloyatlarida odamlarning qurbon boʻlishi bilan bogʻliq yirik koʻchki hodisalarini keltirib oʻtish mumkin.

Favqulodda vaziyat deganda, odamlar qurbon boʻlishiga, ularning sogʻligʻi yoki atrof tabiiy muhitga zarar yetishiga, jiddiy moddiy talafotlar keltirib chiqarishga hamda odamlarning hayot faoliyati, sharoiti izdan chiqi­shiga olib kelishi mumkin boʻlgan yoki olib kelgan avariya, halokat, xavfli tabiiy hodisa, tabiiy yoki boshqa ofat natijasida muayyan hududda yuzaga kelgan holat tushuniladi.

Favqulodda vaziyatlar kelib chiqish tusiga koʻra, tabiiy, texnogen va ekologik turlarga boʻlinadi.

Tabiiy tusdagi favqulodda vaziyatlarning birinchisi geologik xavfli hodisalar – zilzila, koʻchki, togʻ oʻpirilishi. Ikkinchisi gidrometeorologik xavfli hodisalar – suv toshqinlari, sel, qor koʻchkilari, kuchli shamollar, yomgʻirlar. Uchinchisi – epidemiologik, epizootik, epifitotik xavfli vaziyatlar – oʻta xavfli infeksiyalarning tarqalishi.

Texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlarga transport, kimyoviy xavfli obyektlardagi, yongʻin-portlash xavfi mavjud boʻlgan obyektlardagi, energetika va kommunal tizimlardagi, ijtimoiy yoʻnalishdagi obyektlardagi, gidrotexnik va radioaktiv hamda boshqa xavfli, ekologik jihatdan zararli boʻlgan moddalarning ishlatilishi yoki saqlanishi bilan bogʻliq boʻlgan halokatlar kiradi.

Ekologik tusdagi favqulodda vaziyatlarga quruqlik (tuproq, yer osti) atmosfera va gidrosfera holatining oʻzgarishi bilan bogʻliq boʻlgan holatlar kiradi.

Yer yuzida bunday favqulodda vaziyatlar sodir boʻlib turarkan, undan inson hayoti xavf ostida qolayotgan ekan, tayyorgarlik koʻrish, aynan fav­qulodda vaziyatlarda toʻgʻri harakat qilish eng dolzarb masala sifatida oldimizda koʻndalang turadi. Albatta, favqulodda vaziyatlarda toʻgʻri harakat qilish qoidalariga oʻrgatishni, eng avvalo, oiladan boshlashimiz lozim. Bunday vaziyatlarning muvaffaqiyatli tugashiga odatda insonning qiyinchiliklarni yengishga boʻlgan tayyorgarligi hisobiga erishish mumkin. Aholini favqulodda vaziyatda harakat qilishga doimiy va sifatli tayyorlash, albatta, jabrlanganlar va moddiy zararning kamayishiga olib keladi.

Mutaxassislarning maʼlumotlariga koʻra, favqulodda vaziyatlar sharoitida qurbon boʻlganlarning 40 foizi tayyorgarlikdan oʻtmaganliklari, toʻgʻri harakat qilishni bilmaganliklari oqibatida hayotdan koʻz yumishar ekan. Shunday ekan, aholini favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga tayyorlash sohasidagi muammolarni aniqlash va ularning yechimlarini topishga eʼtibor qaratmoq kerak.

Mamlakatimizda ham bu borada bir qator meʼyoriy hujjatlar imzo­langan boʻlib, shu asosda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasining «Fuqaro muhofazasi toʻgʻrisida»gi, «Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish toʻgʻrisida»gi qonunlari, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining «Aholini favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga va fuqaro muhofazasi sohasida tayyorlash tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida»gi hamda «Aholini zilzilada harakatlanishga tayyorlash tizimini tashkil etish toʻgʻrisida»gi qarorlarini keltirish mumkin.

Ushbu meʼyoriy-huquqiy hujjatlarda favqulodda vaziyatlarda harakat qilish va fuqaro muhofazasi sohasida tayyorlashning asosiy vazifalari belgilab berilgan. Yaʼni, davlat boshqaruvi va mahalliy ijroiya hokimiyati organlari hamda boshqa tashkilotlar rahbarlari, ishchi-xizmatchilarining favqulodda vaziyatlarning oldini olish, bartaraf etish va fuqaro muhofazasi boʻyicha bilimlarini izchil oshirib borish nazarda tutilgan. Shuningdek, qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalari, fuqaro muhofazasi tuzilmalarini favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga tayyorlash, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohasida band boʻlmaganlarni, maktabgacha taʼlim muassasalari tarbiyalanuvchilari, umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻquvchilari, oʻrta maxsus, kasb-hunar va oliy taʼlim muassasalari talabalarini favqulodda vaziyatlarda muhofazalanish, jabrlanganlarga birinchi yordam koʻrsatish, jamoaviy va shaxsiy himoya vositalari­dan foydalanish qoidalari va usullariga oʻrgatish ham shular jumlasiga kiradi.

Eng vayronkor tabiiy ofatlardan biri zilziladir. Yer qimirlashi roʻy berganida, yerning yuza qismi uncha uzoq boʻlmagan vaqt davomida tebranib turadi. Yer silkinish davri – silkinish yer qatlamining yuzasida va yaqin masofada boʻlsa, bir necha soniya, chuqurroq va olisda boʻlsa, 2–3 daqiqagacha davom etishi mumkin. Bu tebranishlar insonga noqulaylik tugʻdirib, qoʻrquvga tushiradi. Lekin yer silkinishining toʻxtashini kutishdan boshqa chora yoʻq. Bunday paytda sarosimaga tushmaslik, osoyishtalik va xotirjamlikni saqlash juda muhim.

Tabiiy ofatlarning yana bir dahshatlisi suv toshqinlaridir. Daryolarda iqlim omillari taʼsiri, xususan, qorlarning erishi va jala bilan bogʻliq mavsumiy suv koʻpayishlari roʻy berib turadi. Ayrim hollarda bunday toshqinlar tabiiy ofatlarga aylanib ketadi. Bunday suv toshqinlari koʻplab odamlarning qurbon boʻlishiga olib keladi, muhim xoʻjalik obyektlarini muhofaza qilish uchun maxsus tadbirlarni oʻtkazish lozim boʻladi.

Misol tariqasida aytadigan boʻlsak. 2020-yilda Sardobadagi suv ombori toʻgʻonining 6-piket devoridan suv sizib chiqib, suv oqimi tobora kuchayib toshqin yuzaga kelgan. 

Togʻlarning tik yonbagʻirlaridan qor massasining pastlik tomon agʻdarilib yoki sirpanib tushishiga togʻ koʻchkisi deyiladi. Baland togʻlarning ustiga koʻp qor yogʻib, uning qalinligi ortadi va oʻz ogʻirlik kuchi taʼsirida zichlashib, qayta kristallanib, yonbagʻirlikka, pastlikka qarab osilib turadi va natijada uning qalinligi oshgan sari turgʻunligi susayib boradi.

Kuchli shamol va toʻfon insonlar hayotiga va iqtisodiyot tarmogʻiga jiddiy zarar yetkazadigan ofatdir. Bu ofat uzoq davom etuvchi va buzish kuchiga ega. Kuchli shamolning paydo boʻlishi, yaʼni atmosferada muvozanatning buzilishi natijasida havo oqimi juda katta tezlikda harakatlanib, baʼzi joylarda u aylanma harakatga kelib qoladi. Bunday ofat oqibatida odamlarning halok boʻlishi, inshootlarning buzilishi, ekinzorlarning payhon etilishi kuzatiladi. Shuningdek, kuchli shamol esganda simyogʻochlar, daraxtlar agʻanaydi, uylarning tomlari buzilishi natijasida odamlar turli darajada jarohat oladi.

Yer koʻchkisi ham aholiga jiddiy zarar keltiradi. Xususan, 1991-yilda Toshkent viloyati Angren shahri yaqinidagi Jigariston qishlogʻida tabiiy-texnogen ofat natijasida aholining bir qismini koʻchki bosib qoladi. Butun boshli oilalar yer ostida qoladi.

Iqlim koʻrsatkichlarining tobora yomonlashib borayotganini insoniyat yerdagi resurslardan shafqatsizlarcha foydalanishni davom ettirayotgani bilan bogʻlash mumkin. Koʻpchilik davlatlar tomonidan bu jarayon xavfsizlikka qarshi eng katta tahdid sifatida koʻrilmoqda. Dunyo boʻylab sodir boʻlgan ayanchli hodisalar ekologik xavfsizlikni taʼminlashning qoʻshimcha mexanizmlarini ishlab chiqishga yetarli darajada kuchli turtki berishi kerak. Yoʻqsa, keyinchalik juda kech boʻlishi mumkin.

Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, bugungi kunda favqulodda vaziyatlarda toʻgʻri harakat qilishga tayyorlashda internet, xususan, ijtimoiy tarmoq va bloglardan foydalanish aholini bu borada oʻz vaqtida xabardor qilishning keng tarqalgan va eng samarali chora-tadbirlaridan biri hisoblanadi. Bundan samarali foydalanish umumeʼtirof etilgan afzalliklarga egadir.

 

Sarvar SOBIROV tayyorladi.