27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni sifatida 1993-yildan buyon har yili Oʻzbekistonda keng nishonlanadi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad davlat suvereniteti gʻoyalarini targʻib etish, yangi demokratik jamiyat qurish, aholini Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashda matbuot va ommaviy axborot vositalarining xizmatlarini eʼtirof etishdan iborat.
Mamlakatimizning yangilangan Konstitusiyasida ommaviy axborot vositalarining erkin faoliyat yuritishini taʼminlash boʻyicha muhim qoida va tamoyillar mustahkamlab qoʻyilgani, sohaga doir huquqiy asoslar takomillashtirib borilayotgani bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.
Bugungi kunda ommaviy axborot vositalari nafaqat «toʻrtinchi hokimiyat», balki mudofaa va xavfsizlik kabi hal qiluvchi sohaga aylanib bormoqda. Bu esa mazkur yoʻnalishda rostgoʻy va pok qalbli, halol, Vatanini chin dildan sevadigan va kasbiga sodiq, fidoyi insonlarning tobora koʻproq boʻlishini taqozo etmoqda.
Ommaviy axborot vositalari xodimlarining ishi nihoyatda murakkab va masʼuliyatli, chunki ularning qoʻlida yer yuzidagi eng kuchli qurollardan biri boʻlgan soʻz turadi. Qadimgi Rim davlat arbobi, faylasuf olim Sitseron taʼkidlaganidek, eng yaxshi notiq – tinglovchilarga oʻz soʻzi bilan taʼlim beradigan va zavq bagʻishlaydigan, ularda kuchli taassurot qoldiradigan kishidir. Bu haqiqat ming yillar davomida oʻz tasdigʻini topdi va bugungi kunda notiqlik eng qadimiy va sharafli kasb – jurnalistikaning ajralmas qismiga aylandi va usiz bugun zamonaviylikni tasavvur qilib boʻlmaydi.
Hozirgi kunda Oʻzbekistonda 2140 ta yoki 2016 yilga nisbatan 626 taga koʻp ommaviy axborot vositasi faoliyat yuritmoqda, ularning 65 foizi nodavlat media vositalaridir. Anʼanaviy nashrlar bilan birga, internet nashrlar ham jadal rivojlanib, ularning soni 745 taga yetdi.
Shiddat bilan oʻtayotgan zamonda hayotni axborot, yangiliklar, matbuot, radio va televideniedagi voqealarsiz tasavvur etib boʻlmaydi. Hozirgi globallashuv davrida esa Oʻzbekistonda jurnalistika, mubolagʻasiz, yangi davrga qadam qoʻydi, bu esa axborot taraqqiyoti va ilgʻor texnologiyalar, internet va fikr erkinligini joriy etishga turtki boʻldi.
Jurnalistlarga berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar kengayib, ularning oldiga qoʻyilayotgan talab va vazifalarning salmogʻi va qamrovi ham shunga yarasha ortib boryapti. Ularni ragʻbatlantiradigan asosiy kuch esa, davlat rahbarining eʼtiboridir.
Prezidentimizning soha xodimlariga nisbatan hurmati va ishonchini «Bir haqiqatni hech qachon esdan chiqarmasligimiz kerak: barchamiz demokratiya deb atalgan buyuk maktabning oʻquvchilarimiz. Bu borada hali koʻp narsalarni oʻrganishimiz zarur. Farzandlarimizni ayni shu ruhda tarbiyalashda jurnalistika sohasi vakillari, muhtaram faxriylarimiz oʻzlarining boy tajribasi va ibratli fazilatlari bilan alohida namuna koʻrsatadilar, deb ishonaman», deya taʼkidlagan soʻzlaridan ham anglash qiyin emas.
Ayni paytda mamlakatimizda demokratik islohotlarni amalga oshirishda ommaviy axborot vositalarining oʻrni va taʼsirini yanada kuchaytirish, huquqiy, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, jurnalist kasbining nufuzini oshirish, soha xodimlari mehnatini moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
XXI asr – axborot asri! Bir soʻz bilan aytganda, ayni kunda OAVning aholiga tezkor axborot yetkazish, ularning tafakkur doirasi, dunyoqarashi va maʼnaviyatini yuksaltirishdagi ahamiyati nihoyatda katta ekanligini hech kim inkor eta olmaydi.
Shu nuqtai nazardan, mamlakatimizda olib borilayotgan odilona va xalqparvar siyosatni targʻib etadigan qalam ahlining Oʻzbekiston taraqqiyotidagi ulushi salmoqli va sharaflidir, xizmatlari esa samimiy ehtiromga loyiq.
Gʻayratulla ShUKUROV,
oʻz muxbirimiz.
