Maʼnaviyat va maʼrifat darsi

Bugun bashariyat taraqqiyotning yangidan-yangi choʻqqilarini zabt etayotir. Afsuski, porloq istiqbolga xizmat qiladigan ulkan yutuqlarga erishilishi qatorida, insoniyat kelajagiga tahdid tugʻdiruvchi bir qancha omillar hamon saqlanib qolmoqda. Shulardan biri, allaqachon global muammoga aylangan giyohvandlik illatidir.

Tahlilllar koʻrsatadiki, giyohvandlikka mubtalo boʻlganlar soni yildan-yilga oshib boryapti. Birlashgan Millatlar Tashkiloti maʼlumotlariga qaraganda, hozirgi paytda dunyoda 200 milliondan ortiq (boshqa xalqaro tashkilotlarning bergan maʼlumotlariga koʻra esa, 500 milliondan ziyod) kishi giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni isteʼmol qiladi. Eng yomoni, ularning aksariyat qismi 30 yoshgacha boʻlgan yoshlardir.

Giyohvandlikning ayanchli va ogʻir oqibatlarini hech narsa bilan oʻlchab boʻlmaydi. Ushbu illat oqibatida har yili 200 mingdan ortiq kishi hayotdan bevaqt koʻz yumishi, dunyoda sodir etilayotgan jinoyatlarning 57 foizi gi­yohvandlar hissasiga toʻgʻri kelayotgani buning tasdigʻidir.

Darhaqiqat, giyohvandlik jinoyatchilik bilan bevosita bogʻliq holda kechadi. Negaki, narkotiklarni qoʻlga kiritish uchun pul topish maqsadida ogʻir oqibatli jinoyatlar sodir etiladi. Qolaversa, giyohvandlik taʼsirida, sarxush holda tez-tez jinoyatlarga qoʻl uriladi.

Bundan tashqari, giyohvandlik iqtisodiy (katta pul sarflanishi, daromadlarning yoʻqolishi, ishni yoʻqotish, qarzga botish, talonchilik, tilanchilik va boshq.) hamda maʼnaviy (oilalarning buzilishi, befarqlik, tushkunlik, norozilik, xudbinlik va boshq.) asoratlarni keltirib chiqaradi.

Yanada achinarlisi, homiladorlik davrida narkotik moddani isteʼmol qilgan ayollardan dunyoga kelgan bolalar falaj boʻlib tugʻiladi yoki odatda hayotining 2–3 kunida nobud boʻladi.

Xullas, giyohvandlik odamlarning hayoti va sogʻligʻiga jiddiy xavf tugʻdiradi, jinoyatlarning oʻsishiga imkon yaratadi, jamoat tartibi va xavfsizligiga tahdid soladi, jamiyatning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy asoslarini yemiradi. Bu illatga berilganlarning aksariyati 30 yoshgacha ham yashamaydi. Bir soʻz bilan aytganda, giyohvandlik aksariyat hollarda oʻlim bilan yakun topadi.

Hozirgi kunda butun dunyoda boʻlgani kabi, mamlakatimizda ham «asr vabosi»ga qarshi jiddiy kurash olib borilmoqda. Oʻzbekiston BMTning 1961-yildagi «Narkotik moddalar toʻgʻrisida»gi Yagona Konvensiyasiga,

1971-yildagi «Psixotrop moddalar toʻgʻrisida»gi hamda 1988-yildagi «Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurash toʻgʻrisida»gi Konvensiyalariga aʼzo boʻlgan. 1999-yilda Oʻzbekiston Respublikasining «Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar toʻgʻrisida»gi Qonuni qabul qilingan boʻlib, unda giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar bilan qonunga zid ravishda muomalada boʻlishning har qanday koʻrinishiga qarshi jinoiy javobgarlik belgilangan.

Davlatimiz rahbari tomonidan 2024-yil 6-mayda «Oʻzbekiston Respublikasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyish orqali ularning aholi salomatligi va mamlakatimiz genofondiga salbiy taʼsirini bartaraf etish strategik chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmon imzolandi. Unga koʻra, giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish boʻyicha 2024–2028-yillarga moʻljallangan milliy strategiya qabul qilindi.

Farmonda Milliy strategiya doirasida quyidagi maqsadlarga erishish barcha davlat organlari va tashkilotlarning ustuvor vazifasi sifatida belgilandi:

– aholi, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarda «giyohvandlikka qarshi immunitet»ni, oʻquvchi va talabalar orasida kuchli taʼsir qiluvchi dorilarni isteʼmol qilishga murosasiz munosabatni shakllantirish, taʼlim muassasalarida psixofaol moddalar tarqalishining oldini olishga qaratilgan yangi taʼsirchan targʻibot-tashviqot va tarbiyaviy-profilaktik mexanizmlarni joriy etish;

– aholiga sifatli narkologik yordam koʻrsatish tizimini yangi usullar asosida rivojlantirish, giyohvandlik va zaharvandlikning barvaqt profilaktikasi, diagnostikasi, davolash va tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiyasi tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan manzilli choralarni amalga oshirish;

– giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli taʼsir qiluvchi moddalar hamda prekursorlarning noqonuniy aylanmasining yangicha, ayniqsa, internet tarmogʻidagi usullariga barham berish, bu boradagi tezkor-qidiruv, tergov va ekspert-kriminalistik choralar kompleksini, birinchi navbatda, raqamlashtirish orqali rivojlantirish;

– davlat va xususiy tibbiyot muassasalari hamda dorixonalarning giyohvandlik vositalaridan tibbiyotda foydalanish amaliyotini nazorat qilish, shuningdek, farmatsevtika korxonalari, giyohvandlik vositalarining ulgurji va chakana savdosi bilan shugʻullanuvchi subyektlar masʼuliyatini oshirishning taʼsirchan mexanizmlarini yaratish;

– giyohvandlikni davolash va narkojinoyatlarga qarshi kurashish sohasida ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, bu yoʻnalishdagi ilmiy izlanishlar, xulosalar, yutuqlar va yangiliklarni amaliyotga joriy etish hamda ommaga yetkazishni taʼminlash.

Mamlakatimizda giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashni takomillashtirishga qaratilgan farmonda, shuningdek, «Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar toʻgʻrisida»gi qonunning yangi tahririni ishlab chiqish ham koʻzda tutilgan.

Giyohvandlik vositalarining qonunga xilof ravishda aylanishiga qarshi kurashish borasida mamlakatimiz ichki ishlar organlari tomonidan salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, oʻtgan yilda respublika boʻyicha giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar boʻlgan dori vositalari bilan bogʻliq 12278 ta jinoiy holat aniqlandi. Shundan 39 foizi saqlash, 35 foizi oʻtkazish, 16 foizi yetishtirish, 7 foizi tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar boʻlgan dori vositalari bilan bogʻliq, 3 foizi esa kontrabanda jinoyatlariga toʻgʻri keldi. Noqonuniy muomaladan 2 tonna 138 kilogramm 233 gramm giyohvandlik va psixotrop moddalar olib qoʻyildi. Olingan ashyoviy dalillardan 735,8 kilogrami marixuana, 518 kilogrami gashish, 207,1 kilogrami koʻknor, 155,5 kilogrami opiy, 119,1 kilogrami sintetik, 116,2 kilogrami geroin giyohvandlik vositasidir.

Joriy yilning dastlabki 4 oyi davomida esa giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli taʼsir qiluvchi moddalar bilan bogʻliq 4506 ta jinoyat aniqlandi. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 34 foizga yoki 1133 taga koʻp. Shu davrda noqonuniy muomaladan 1 tonna 431 kilogramm 611 gramm miqdorida giyohvandlik vositalari olindi. Shu bilan birga, giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bogʻliq jinoyatlarni sodir etgani uchun 2649 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan. Ulardan 882 nafari yoki 35 foizi 30 yoshgacha shaxslarni tashkil etadi.

Giyohvandlik – illat, unga qarshi kurashish faqat davlat organlarining emas, balki butun jamiyatning vazifasidir. Bu borada, ayniqsa, oila, mahalla, taʼlim muassasalari va huquqni muhofaza qi­lish organlarining hamkorligi muhim ahamiyatga ega. Zero, birgalikdagi, hamjihatlikdagi saʼy-harakatlar orqali mazkur global muammoga qarshi samarali kurash olib borish, aholini, xususan, yoshlarni bu balodan asrash mumkin.

 

Sardorbek KURAMBOYEV,

podpolkovnik.

Kamol OLLOYOROV,

oʻz muxbirimiz.