Millat qaygʻusi

Millatning maʼnaviy boyligi boʻlgan til nafaqat muomala vositasi, balki uning madaniyati, urf-odati, turmush tarzi, tarixidir. Boshqa millatlar­ning tillariga hurmat esa oʻz navbatida oʻzaro tushunishga, muloqotlarga imkoniyat yaratadi. Ona tilning saqlanib qolishi uchun qaygʻurish millat kelajagi uchun qaygʻurish, demakdir.

Afsuski, bugungi kunda ona tili­mizning qadrini tushirayotgan, uni buzib, sheva va lahjalarni oʻrinsiz qoʻllayotganlar ham yoʻq emas. Bozorlardagi, koʻchalardagi, doʻkon peshtaxtalaridagi, reklama afishalaridagi yozuvlarda yoʻl qoʻyilgan qoʻpol xatolar, hatto ayrim xususiy OAV va nashriyotlarda tilimizni buzib, savodsizlarcha yozilayotgan iboralarni koʻrib, millat shaʼnini, tilimiz istiqbolini oʻylab, koʻnglingiz ranjiydi.

Aziz millatdosh, ona tilimiz obroʻsi shu yoʻsinda tushib ketaversa, uni qay ahvolda kelajagimiz egalari qoʻliga topshiramiz? Ayting-chi, chet tillardan kirib kelayotgan soʻzlarni shundayligicha qabul qilishimiz kerakmi yoki qoʻlni qoʻlga berib millatning iqboli uchun kurashmogʻimiz afzalmi?

Tilni saqlab qolish millatning madaniyati, urf-odatlari, rasm-rusumlarini saqlab qolishni anglatadi. Chunki millat taqdiri uning tili taqdiri bilan bevosita bogʻliq. Shunday ekan, jonajon tilimizning xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborini yanada yuksaltirish, uni taraqqiy etgan tillar safiga qoʻshish haqida har birimiz qaygʻurishimiz kerak. Buning uchun, avvalo, tilimizga chuqur hurmat bilan yondashishimiz lozim.

Yaqinda xorijiy atamalar­ning oʻzbekcha muqobillari jamoatchilikka taklif etilayotganligi haqida xabarni oʻqib, toʻgʻrisi xursand boʻldim. Ata­malar komissiyasining ishchi kengashi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti olimlari tomonidan bir qancha muqobillar koʻrib chiqilgan. Bu yakuniy variant emas, ishchi organ taqdim etilayotgan atamalar­ning milliy muqobillari boʻyicha boshqa fikr va mulohazalarni ham eshitishga tayyor.

Aytish joiz, keyingi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik va yaratuvchanlik ishlariga monand nomlar qoʻyilmoqda. Ular «Davlat tili haqida»gi qonun talablariga toʻla javob beradi. Ammo «Evos», «Chicken», «Miss Sanam», «Elegant», «Eldorado» singari nomlar ustida jiddiy oʻylab koʻrish vaqti keldi. Axir har qanday nom qoʻyishda andazalar, talablar inobatga olinishi kerak-ku?! Zero, nom qoʻyishda milliylik, qisqalik, aniqlik, tushunarlilik tamoyilla­riga rioya qilish zarur. Aksincha, xorijga taqlid, koʻr-koʻronalik nusxa olish juda ayanchlidir.

Yaqinda koʻp qavatli uylardan birining birinchi qavatidagi peshlavhani koʻrib yoqamni ushladim. Unda rus tilidagi «Берегите вашу мать, природу!», chaqirigʻi oʻz tili­mizga «Tabiatni asra, onangni!» deb oʻgirilganiga nima deysiz?! Ekologiyani asrashga daʼvatmi bu yoki soʻkinishmi...

Oʻzbek tili dunyodagi eng boy va chuqur tarixiy ildizlarga ega boʻlgan buyuk tillardan biridir. Shunday ekan, tilimizning sofligi, tabiiyligi uchun kurashish, uning buloqdek musaffoligini, oʻziga xos tarovatini saqlab qo­lish barchamizning muqaddas burchimizdir.

 

Nargiza FAYZIYEVA,

oʻzbek tili va adabiyoti oʻqituvchisi.