Qor yogʻardi boʻralab,

Qolishmasdi dovuldan.

Toʻyga aytib ketishdi

Shundoq qoʻshni ovuldan.


Yoʻlga chiqdi ikki chol,

Toʻyga borish qarz beshak.

Birovi otga mindi,

Birovi mindi eshak.


Qor-chi, hamon yogʻardi,

Yogʻar edi gupillab.

Yoʻlni eshak boshladi,

Ot ergashdi loʻkillab.


Gapga tushdi ikki chol,

Suhbat u yoq-bu yoqdan.

Oʻtgan-ketgan, baland-past,

Goh kalla, goh tuyoqdan.


Suhbat degan soz narsa,

Qolmasang bas surgashib.

Yoʻrgʻalar eshak hamon,

Ot boradi ergashib.


Asta-sekin kun qaytar,

Ufqlarda oʻchgan rang.

Qor oralab qaydadir

Bir yulduz chaqnar arang.


Chollar-chi, hamon yoʻlda,

Suhbat oʻsha-oʻshaydi.

Biri dedi: – Oqsoqol,

Kun botganga oʻxshaydi.


Yoʻgʻ-e, usta, – der biri –

Koʻzdan qolibsiz butkul.

Toʻrt chaqirim ovulga

Nahot yursak bir kun yoʻl.


Ammo bu gap rost edi.

Yulduzlar chaqnar bot-bot,

Oldinda eshak borar,

Orqada loʻkillar ot.


Ovuldan-chi, darak yoʻq,

Oppoq edi qir-qiya,

“Adashib ketdikmikan,

Kuppa-kunduz kuni-ya?


Gap bosdimi yo gʻaflat,

Tavba, bu qandoq oʻyin?”

Qor tindi-yu, chollarning

Ichiga kirdi quyun.


– Qora qishda toʻy qilmay,

Battar boʻlgur nokas, gov.

Bachchagʻarning aslida,

Feʼli sovuq edi-yov.


Qaydadir choʻzib-choʻzib

Uvlab qoldi-ku qashqir,

Kim ham, ayting, bundoq choq

Tashvishga tushmas axir?


Xususan, keksayganda

Xafa boʻlib ketasan.

Aytaylik, oʻsha qashqir

Gʻajib ketsa netasan?


Qora sovuq tish qayrab

Qovurgʻani ezardi.

Keng sayhonda ikki chol

Yoʻl axtarib kezardi.


Yoʻl qayoqda, toʻrt taraf

Qalin, oppoq qor edi.

Eng battari – sovuqda

Jon saqlash dushvor edi.


Qaytay desa iziga,

Belgi ham yoʻq, iz ham yoʻq.

Qaltiraydi ikki chol,

Taskin ham yoʻq, soʻz ham yoʻq.


Ne boʻlsa ham topshirdik

Yaratganning oʻziga!

Tavakkal deb, ot boshin

Qayirdilar iziga.


Peshonada borini

Koʻrar inson degan zot.

Yoʻl soldilar qaygadir,

Ot boshin qoʻyib ozod.


Bir kor-hol boʻlmay endi,

Uyni topib borsak bas, –

Surgaladi ot horgʻin,

Orqada eshak besas.


To tonggacha ikki chol

Yurdi, turdi, surindi.

Uzoqlarda bir mahal

Qora narsa koʻrindi.


Boʻgʻoti bor, haytovur,

Oʻxshab turar qishloqqa.

“Xudoga ming shukr”, deb

Yurdilar oʻsha yoqqa.


Tuman ichra dov-daraxt,

Turar edi yaltirab.

Tongga yaqin qishloqqa

Kirishdilar qaltirab.


Tugagandi bardosh ham,

Tugagandi bor sabot.

Yetmay bir darvozaga

Toʻxtab qoldi shoʻrlik ot.


Joy soʻraylik, naryogʻi

Bir gap boʻlar, oqsoqol.

Qamchin bilan taqa-tuq,

Darvozani qoqdi chol.


Izgʻirin-chi, izgʻirin,

Yeru koʻkda horgʻin tus.

Bir kampir chiqdi shu tob,

Qoʻlida xira fonus.


Soʻz boshladi chol titrab,

Halqumiga kelib jon:

Bir kechaga bizlarga

Joy bersangiz, yangajon.


Qora quyun charx urib

Koʻz oldini tutardi.

Kampir kelib yaqinroq

Fonusini koʻtardi.


Hoy, senmi bu, yer yutkur,

Imoningdan kechdingmi?

Aljiraysan yo toʻyda

Aroq-paroq ichdingmi?


Alqissa shu: ot yoʻlni

Uy tomon burgan ekan.

Chol-chi, oʻz kampiridan

Joy soʻrab turgan ekan.


1972

Abdulla ORIPOV, Oʻzbekiston xalq shoiri.