Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
Oʻqituvchi va murabbiylar – Yangi Oʻzbekistonni barpo
etishda katta kuch, tayanch va suyanchimizdir.
Shavkat MIRZIYOYEV
(1-oktabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni)
Dunyoda kasblar koʻp, hunarlar bisyor. Ular ichida eng ulugʻi va sharaflisi esa oʻqituvchilik va murabbiylikdir. Zotan, zahmatkash va olijanob oʻqituvchilar yoshlarga taʼlim berish barobarida, yurtning yorugʻ kelajagini bunyod etishga qodir avlodni tarbiyalab voyaga yetkazadi.
Jahon tamadduniga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk ajdodlarimiz taʼlim-tarbiya masalasiga gʻoyat muhim va ustuvor vazifa sifatida eʼtibor qaratgan. Zotan, azal-azaldan ustoz va murabbiylarga yuksak hurmat-ehtirom koʻrsatilgan. Birgina sohibqiron Amir Temur oʻzini ustozi va piri Mir Sayyid Barakaning oyoq tomoniga dafn etishlarini vasiyat qilgani ham ana shu ehtiromning yorqin dalili boʻla oladi. Qolaversa, soʻz mulkining sultoni Alisher Navoiy ustoz maqomini shunday yuksaklikka koʻtarganki, bu uning quyidagi misralarida yaqqol tajassumini topgan:
Haq yoʻlida kim senga bir
harf oʻqitmish ranj ila,
Aylamak boʻlmas ado
oning haqqin yuz ganj ila.
Oʻzbek maʼrifatparvarlaridan biri Abdurauf Fitrat «Hayot yoʻlida birinchi masala – maktab masalasidir», deya eʼtirof etadi. Abdulla Avloniy esa oʻzining «Turkiy guliston yoxud axloq» asarida «Ilm inson uchun gʻoyat oliy va muqaddas bir fazilatdur. Zeroki, ilm bizga oʻz ahvolimizni, harakotimizni oyina kabi koʻrsatur. Savobni gunohdan, halolni haromdan, tozani murdordan ayurib berur. Toʻgʻri yoʻlga rahnomolik qilub,
dunyo va oxiratda maʼsud boʻlishimizga sabab boʻlur. Ilmsiz inson mevasiz daraxt kabidur...» deb yozadi. Albatta, jamiyatni savodsizlik, bilimsizlik botqogʻiga botishdan saqlab, umr yoʻllarimizni ilm-u maʼrifat mashʼalasi bilan charogʻon etib turadiganlar, avvalambor, oʻqituvchilar, ustoz-muallimlardir.
Taʼkidlash joizki, mamlakatimizda taʼlimga yuksak eʼtibor qaratilmoqda. Ilm-fan va taʼlim-tarbiya sohasini davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylantirishga qaratilgan muhim dastur va loyihalar amalga oshirilmoqda. Buning natijasi oʻlaroq, xususan, maktabgacha taʼlim tashkilotlari soni 28 ming 12 taga yetkazildi. Ayni paytda 3–7 yoshli bolalarning maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasi qariyb 70 foizni tashkil etmoqda.
Soʻnggi yillarda Prezident maktablari, ijod maktablari, ixtisoslashgan maktablar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Jumladan, hozirgi vaqtda matematika, fizika, kimyo-biologiya, informatika va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, xorijiy tillar boʻyicha oʻnlab yangi sifat bosqichidagi taʼlim maskanlari – ixtisoslashgan maktablar muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda.
Xuddi shuningdek, oliy taʼlim sohasida jiddiy islohotlar amalga oshirildi. Xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda yangi universitet va institutlar hamda ularning filiallari barpo etilib, buning natijasida qamrov darajasi sezilarli darajada ortdi.
Mamlakatimiz ichki ishlar organlari tizimidagi taʼlim muassasalarida: IIV Akademiya, Malaka oshirish instituti, akademik litsey va maktab-internatlarida yuzlab pedagog xodimlar faoliyat yuritmoqda. Ularning saʼy-harakati va jonbozligi tufayli ichki ishlar organlari uchun professional kadrlar tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimi amalda joriy etilgan. Taʼlim jarayonlari zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalari asosida tashkil qilinib, kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash hamda malaka oshirish ishlari keng koʻlamda olib borilyapti.
Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, «Jamiyatimizda bogʻcha tarbiyachisi, maktab muallimi, oliygohlarning professor-oʻqituvchilari va ilmiy-ijodiy ziyolilarni bugun biz intilayotgan Uchinchi Renessansning toʻrt tayanch ustuni deb eʼtirof etmoqdamiz. Shundan kelib chiqib, ularning hurmat-eʼtiborini oshirish, xususan, muallim va ustozlarning qadri, shaʼni va gʻururini tiklash, mashaqqatli va sharafli mehnatini moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish boʻyicha boshlagan ishlarimizni albatta yangi pogʻonaga koʻtaramiz». Darhaqiqat, taʼlim-tarbiya sohasi fidoyilari – zahmatkash oʻqituvchi va murabbiylar qoʻllab-quvvatlansa, ularga har qancha ehtirom koʻrsatilsa, arziydi.
Eʼtirof etish kerakki, hozirgi kunda yurtimizda taʼlim sohasida faoliyat koʻrsatayotgan xodimlar munosib ragʻbatlantirib kelinmoqda. Ular orasida davlatimizning yuksak mukofoti – «Oʻzbekiston Qahramoni» unvoniga sazovor boʻlganlar ham bor. Qanchadan-qancha soha fidoyilari «Oʻzbekiston Respublikasi xalq oʻqituvchisi», «Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan xalq taʼlimi xodimi», «Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi», «Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sport ustozi» singari faxriy unvonlar bilan taqdirlangan. Koʻplab ustoz va murabbiylarning koʻksini «El-yurt hurmati», «Fidokorona xizmatlari uchun», «Mehnat shuhrati», «Sogʻlom avlod uchun», «Doʻstlik» ordenlari, «Shuhrat» medali bezab turibdi.
Bugun tezkor va shiddatli zamonda yashayapmiz. Ana shunday murakkab davrda oldimizda dunyodagi taraqqiy topgan davlatlar qatoriga kirish, xalqimiz uchun erkin va farovon hayot qurishdek vazifa turibdi. Buning uchun, avvalo, kuchli, salohiyatli, oʻz bilimi va isteʼdodiga suyangan, hech kimdan kam boʻlmagan navqiron avlodni tarbiyalash talab etiladi.
Bu borada oʻta masʼuliyatli vazifani oʻz zimmasiga olgan, bu yoʻlda oʻzini ayamasdan mehnat qilayotgan oʻqituvchilar, murabbiylarning zahmatli mehnati har qancha maqtovga loyiq. Binobarin, Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, ular dunyodagi eng bebaho boylik va boqiy merosni yaratish, uni xalqimizga, unib-oʻsib kelayotgan yosh avlodimizga bezavol yetkazish yoʻlida chinakam fidoyilik koʻrsatib mehnat qilayotgan ulugʻ insonlar sanaladi. Bu ulkan boylik – aql-zakovat va ilm, bu oʻlmas meros – yaxshi tarbiyadir.
Kamol OLLOYOROV,
«Postda» muxbiri.
