Qahraton qish, pagʻa-pagʻa qor yogʻardi. Havo sovuq, lekin tiq etgan shamol yoʻq. Oppoq, momiq qor parchalari raqs tushgan misoli osmondan aylanib-aylanib tushardi.
Yonma-yon uchib borayotgan ikkita qor parchasi oʻzaro suhbatlashib qoldi. Ular bir-birini yoʻqotib qoʻyishdan qoʻrqib, qoʻl ushlashib oldi. Shunda ulardan biri quvnoq ovoz bilan dedi:
– Uchish, parvozdan zavq olish qanday yaxshi!
– Axir, biz uchmayapmiz, shunchaki yerga tushyapmiz, – maʼyus javob qildi ikkinchisi.
– Tez orada biz yer bilan uchrashib, momiq choyshab kabi toʻshalamiz.
– Yoʻq, biz halok boʻlish uchun tushyapmiz, odamlar bizni oyoqlari bilan ezib tashlaydi.
– Adashyapsan, bizning umrimiz tugamaydi. Havo isib ketsa, jilgʻalar hosil qilib, koʻl va dengizlar sari yoʻnalamiz. Soʻngra bugʻlanib, osmon sari intilamiz. Vaqt oʻtib, yana qor-u yomgʻir koʻrinishida yerga tushamiz. Shu tariqa, abadiy yashaymiz, – zavq-shavq bilan gapirishda davom etdi birinchi qor parchasi.
– Yoʻq, biz bugʻlanib, tamoman gʻoyib boʻlamiz, – eʼtiroz bildirdi ikkinchisi.
Axiyri, ular bahslashishdan charchab, bir-birining qoʻlini qoʻyib yuborishdi va har ikkisi oʻzi tanlagan taqdir sari uchib ketdi.
