– Hotamjon aka, siz askiya va qiziqchilik sanʼatining ulugʻ ustozlarini koʻrgan, ular bilan birga ijod qilgan va duo olgan insonsiz. Avvalo bolaligingiz va sizni sanʼat olamiga boshlab kirgan ustozlaringiz haqida gapirib bersangiz.
– Juda toʻgʻri taʼkidladingiz, mening birinchi baxtim shuki, Margʻilon shahrida sanʼatkorlar oilasida dunyoga kelganman. Otam Xaliljon Hakimjonov sanʼat kishisi edi. Togʻam Oxunjon qiziq Huzurjonovga esa ortiqcha taʼrif berishimning hojati boʻlmasa kerak. Onam rahmatli ham sanʼatsevar ayol boʻlgan. Men ana shunday ijodiy muhitda katta boʻldim. Uyimizda koʻplab cholgʻu asboblari turgani uchun esimni taniganimdan boshlab cholgʻu asboblariga qiziqqanman, ularni bir-bir chalib koʻrganman. Keyin-keyin doira chalishga mehrim ortib, shu cholgʻu asbobini tanladim.
Maktabga borgach toʻgarakka qatnay boshladim. Sanʼat sirlarini oʻrgatgan birinchi ustozim shu toʻgarak rahbari Xolmat Qurbonov boʻladi.
Maktabdagi toʻgaraklardan keyin Margʻilon shahar markaziy madaniyat uyida faoliyat koʻrsatuvchi «Nurxon» xalq teatriga qiziqishim ortdi. Dastlab tomoshabin boʻlib borgan boʻlsam, keyinchalik shu guruhga havaskor boʻlib qoʻshildim. Mazkur xalq teatrida Yusufjon Qiziq Shakarjonovning farzandlari – Zaynobiddin Yusupov hamda Madaminjon Yusupovdek ulugʻ ustozlarni uchratdim va ularning etagini tutdim.
Doirachi boʻlganim uchun bayram va toʻy-hashamlarda xalq xizmatini qilib yurganman. Yosh boʻlsam ham Joʻraxon Shodmonov, Murodjon Ahmedov kabi ustoz sanʼatkorlar bilan birga ishlash nasib etdi. 1974-yilda Margʻilon shahar madaniyat uyiga rasman ishga kirdim. Shundan soʻng ijodiy faoliyatim yanada rivojlanib ketdi.
– Xalqimizda «Sanʼatning nonini yeyish qiyin», degan gap bor. Haqiqatan ham shunday deb oʻylaysizmi?
– Albatta, shunday. Nimaga deysizmi? Masalan, men askiyachiman. Odamlar meni koʻrib, beixtiyor kulishni istaydi. Askiya va latifa
eshitib, kayifiyatini koʻtargisi keladi. Shunday ekan, mendan yaxshi kayfiyat ilinjida turgan odamga xoʻmrayib oʻtib ketolmayman. Chunki bu mening kasbim. Shu kasb orqali xalq meni tanidi, tan oldi va hurmat qilyapti. Nega men ularga ters burilib ketishim kerak?! Hatto shunday vaziyatlar boʻladiki, oʻzimning tashvishim, muammolarim bilan yurgan paytlarimda ham, koʻchada muxlislar «Yangisidan bormi?» deb qoladi. Shunda bir zumga tashvishni chekkaga surib, ularni kuldirib, yana yoʻlimda davom etib ketaveraman.
– Sizni telekanallarda, turli bayram tadbirlarida doim marhum Mamasiddiq Sherayev bilan birga koʻrardik. Sizlar birgalashib askiya qilganingizda, oldingizga tushadigan odam yoʻq edi. U kishi bilan ijodiy aloqalaringiz haqida gapirib bersangiz?
– Mamasiddiq Sherayev haqiqiy askiyachilar sardori edi. Juda soʻzamol, hozirjavob askiyachi edilar. Meni ham katta davralarga, bayram-tomoshalariga, konsertlarga u kishi yetaklab borgan. Ustoz bilan 30 yildan ziyod birga aka-ukadek boʻlib, samarali ijod qildik. Xalqimizga yaxshi kayfiyat ulashdik. Ammo Mamasiddiq Sherayevning ijodi, hayoti uning shogirdlari timsolida davom etadi.
– Margʻilon shahrida Yusufjon qiziq Shakarjonov nomidagi respublika askiya va qiziqchilik sanʼati markazi tashkil etilayotgani haqida eshitgan edik.
– Bilasiz, 2014-yili askiya insoniyatning nomoddiy madaniy merosi sifatida YUNESKOning reprezentativ roʻyxatiga kiritilgan. Shu bois mazkur soʻz sanʼatiga nafaqat Oʻzbekistonda, balki butun dunyodagi mutaxassislar qiziqish bildiradi. Ammo yurtimizda askiyachilar soni juda kam, barmoq bilan sinagudek qolgan. Endi bitta muammo – ana shu asrlardan-asrlarga oshib kelayotgan askiya sanʼatini saqlab qolish va rivojlantirish kun tartibiga chiqib kelayotgan edi. Buni oʻz vaqtida bilgan muhtaram Yurtboshimiz 2023-yil
11-iyul kuni «Respublika milliy askiya va qiziqchilik sanʼatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarorini qabul qildilar. Mazkur qaror bilan Margʻilon shahrida Madaniyat va turizm vazirligi tizimida davlat muassasasi shaklida Yusufjon qiziq Shakarjonov nomidagi respublika askiya va qiziqchilik sanʼati markazi tashkil etilgani maʼlum qilindi. Endilikda ushbu sanʼat turining ilmiy asoslarini yaratish, oʻquv-qoʻllanmalar ishlab chiqish, «ustoz-shogird» anʼanalarini rivojlantirish, isteʼdodli yoshlarni izlab topib, tarbiyalash, ularning ijodiy salohiyatini qoʻllab-quvvatlash aynan mazkur markaz tomonidan amalga oshiriladi. Hozir bu borada dastlabki qadamlar qoʻyilgan. Ishlab chiqilgan yoʻl xaritasiga asosan, ayni kunda markazda jamlangan vodiylik qiziqchilar mamlakatimizning turli hududlarida gastrol-konsert dasturlarini namoyish qilib yurishibdi.
– Hotamjon aka, gazetamizning aksariyat mushtariylari ichki ishlar organlari xodimlari va ularning oila aʼzolaridir. Oʻz oʻrnida, soha vakillari orasida ham sizning ashaddiy muxlislaringiz juda koʻp...
– Men ichki ishlar organlari xodimlarining xizmatiga doim yuqori baho beraman, ularga hurmatim cheksiz. Sababi shuki, ular doim el-yurtimiz tinch boʻlsin, odamlar osoyishta yashasin, deb yelib-yugurishadi. Hamma yaxshiliklarning boshi esa ana shu tinchlik-osoyishtalikda. Yurtimizda tinchlik-osoyishtalik hukm surgani uchun bayramlar, konsertlar, toʻy-tomoshalar boʻlyapti. Xotirjam yashab, ijod qilyapmiz. Bu tinchlik va osoyishtalikka oʻz-oʻzidan erishilmaydi. Mana, uzoqqa bormaylik, shu dekabr oyida, izgʻirinli kunlarda ijodiy safar bilan poytaxtga ikki-uch marotaba borib-keldim. Havo qattiq sovuq, izgʻirin boʻlsa ham yoʻllarda ichki ishlar organlari xodimlari oʻz vazifalarini mardonavor ado etishyapti. Nima uchun? Albatta, biz fuqarolarning xotirjamligimiz uchun sovuqni sovuq, tunni tun demay tik oyoqda turib, xizmat qilishmoqda. Shu sababli
qayerdaki ularni koʻrsam duo qilaman. Hatto yoʻlda YPX xodimlari toʻxtatishganida ham, ayrimlarga oʻxshab eʼtiroz bildirmay, «otangizga rahmat» deb minnatdorligimni bildirib ketaman.
Fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizni kirib kelgan yangi yil bilan muborakbod etaman.
– Mazmunli suhbat uchun tashakkur.
«Postda» muxbiri
Abduvosit Sidiqov suhbatlashdi.
