Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 26-aprel kuni turizm xizmatlari koʻlamini kengaytirish va infratuzilmasini rivoj­lantirish chora-tadbirlari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi. Unda turizm infratuzilmasining hozirgi holati tahlil qilinib, kam­chiliklar koʻrsatib oʻtildi. Shuningdek, imkoniyatlarni ishga solib, tu­rizm sohasida pandemiyagacha boʻlgan koʻrsatkichlarni tiklash, xizmatlar koʻlamini kengayti­rish chora-tadbirlari muhokama qilindi. Avvalo, har bir viloyatda turistlarni oʻziga ohanraboday jalb qiladigan yirik loyihalarni amalga oshirish zarurligi taʼkidlandi. 

Yigʻi­lishda ichki tu­rizmni rivoj­lantirish masa­lalariga alohida eʼtibor qaratilib, bu boradagi koʻrsatkichni 10 million nafarga yetkazish vazifasi qoʻyilar ekan, buning imkoniyatlari ham belgilab berildi. Shu bilan birga, xorijiy turistlarga sayohatning barcha bosqichlarini tashkillashti­rishga koʻmaklashuvchi saytlar, mobil ilovalar yaratish zarur­ligi taʼkidlandi.

Joriy yilda Navroʻz bayrami munosabati bilan qoʻshimcha dam olish kunlari belgilangani, 250 ta mehmonxona va muzeyda chegirma berilgani, ziyorat obyektlari bepul qilingani ichki turizm uchun katta turtki berdi. Buning natijasida Buxoro va Samarqandga qoʻshimcha 110 ming nafar mahalliy turist borgan. Ramazon hayiti munosabati bilan ham xalqimizga yana 5 kunlik dam olish berildi. Davlatimiz rahbari bunday ishlarni faqat bayramlar arafasida emas, balki yil davomida tizimli ravishda tashkil etish zarurli­gini taʼkidladilar.

Shu maqsadda joriy yildan boshlab barcha davlat tashkilotlari xo­dimlari uchun yiliga bir marta mahalliy sayohatga chiqish xarajatlarining 20 foizini budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan qoplash amaliyoti yoʻlga qoʻyilishi belgilandi. Bundan tashqari, 1-sentabrdan boshlab, yurtimiz boʻylab sayohat qilayotgan fuqarolarga avia, temiryoʻl va avtobus chiptalari narxining 15 foizi, mehmonxona xarajatining 20 foizi, muzey va boshqa madaniyat obyekt­lariga chipta narxining 50 foizini qaytarish tizimi joriy etiladi.

Muzeylar faoliyatini samarali tashkil etish ham tu­rizmni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega. Shu bois respublika boʻyicha barcha muzeylar eksponatlarini toʻliq xatlovdan oʻtkazib, ular­ning elektron bazasini yaratish, muzeylar rahbar va xodimlari­ning malakasini oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Yana bir eʼtiborli jihat – tu­ristlarning xavfsizligi masalasi. Bu borada ichki ishlar organlari xavfsiz turizmni taʼminlash boʻlinmalarining alohida oʻrni bor. Ular tomonidan joriy yilning oʻtgan davri mobaynida boshqa sohaviy xizmatlar bilan hamkorlikda turizm namoyishi obyekt­lari va ularga tutash hududlarda jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish, turistlarning huquq va qonuniy manfaatlarini, shu jumladan, ular­ning hayoti, sogʻligʻi va mol-mulkini himoya qilish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi.

Afsonaviy Samarqanddagi Re­giston maydoni Markaziy Osiyoning noyob meʼmoriy yodgorligi hisoblanadi. Qadimda bu maydon Samarqandning savdo va ijtimoiy markazi boʻlgan. Bu yerda uchta goʻzal madrasa – Ulugʻbek, Sherdor, Tilla-kori madra­salari qad rost­lagan.

Goʻri Amir maqbarasi koʻhna Samarqandning yana bir durdonasi boʻlib, u yerda Amir Temur, uning oʻgʻillari va nabiralari, jumladan, buyuk olim va hukmdor Mirzo Ulugʻbek orom topgan.

Registon maydoni, Goʻri Amir, Ruhobod, Muqaddas Doniyor maq­baralari, Bibixonim majmuasi, Shohi­zinda majmuasi, Ulugʻbek rasad­xonasi – bular Samarqand yod­gorliklarining toʻliq boʻlmagan roʻy­xatidir.

2500 yillik tarixga ega boʻlgan Buxoroda 140 dan ortiq qadimiy arxitektura yodgorliklari jamlangan. Ismoil Somoniy maqbarasi, Ark qalʼasi, Kalon minorasi, Labi Hovuz, karvonsaroylar, hammomlar – bu yodgorliklarning barchasi qadimiy shaharning ruhini aks ettiradi. Bu­xoro butun dunyo musulmonlarining ziyoratgohi boʻlib, bejiz muqaddas deb atalmagan. U gʻayrioddiy, oʻziga xos atmosferasi bilan oʻziga jalb qiladi.

Xivani haqli ravishda ochiq osmon ostidagi muzey deyish mumkin. Shahar oʻzagi – Ichan-qalʼaning aksariyat meʼmoriy yodgorliklari XVIII asr oxiri – XIX asrning birinchi yarmiga toʻgʻri keladi. Qalʼa devori­ning balandligidan shaharning ajoyib pa­noramasi ochiladi. Xivada bir qan­cha xon saroylari saqlanib qolgan va ulardan eng mashhuri Tosh Hovli saroyi hisoblanadi.

Qoraqalpogʻiston – zamonlarni bogʻlab turuvchi oʻlka. Qadimiy Qirqqiz, Ayoz qalʼa, Jonbos qalʼa, nodir Tuproq­qalʼa manzilgohi va boshqa tarixiy va ar­xeologik yod­gorliklar il­miy va madaniy jihatdan barchada katta qiziqish uygʻotadi.

Ayni paytdaToshkent shahri, Buxoro, Surxon­daryo, Toshkent, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlaridagi turistik infratuzilma obyekt­larining umumiy soni 7 562 tani tashkil qiladi. Shundan 73 tasi muzey, 131 tasi tu­rizm obyektlari, 1 796 tasi arxeologiya, arxitektura, monumental sanʼat yodgorliklari va diqqatga sazovor joylarni oʻz ichiga olgan madaniy meros obyektlari, 5 ming 185 tasi turistik namoyish obyektlari, 299 tasi madaniyat va sport obyektlaridir.

Joriy yilning ayni paytigacha mamlakatimizga kelgan 807 ming 666 nafar chet el fuqarolaridan 37 ming 147 nafari sayohat qilish maqsadida tashrif buyurgan. Bu esa oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 14 ming 825 nafarga koʻpdir. 

Yuqoridagilardan koʻrinib turibdiki, Oʻzbekistonda turizmni yanada rivojlantirish imkoniyatlari mavjud. Uning rivojlanishi mamlakatimizning xalqaro aloqalari rivojlanishiga, iqtisodiyoti mustahkamlanishiga oʻz hissasini qoʻshadi. Xalqaro aloqalarning rivojlanishi xalqimizni boshqa millatlar bilan yanada yaqinlashtiradi, oʻzaro hamkorlikni kuchaytiradi. Bu esa Oʻzbekistonga kirib kelayotgan xorijiy investitsiyalarning yanada oʻsishida muhim omil boʻlishi shubhasizdir.

Mixli SAFAROV,

«Postda» muxbiri.