Ayni paytda dunyo miqyosida keskin tus olib borayotgan raqobatga faqat zamonaviy ilm-fan, yuqori texnologiyalar va innovatsiya yutuqlarini keng joriy etish orqaligina munosib javob bera olishimiz mumkin. Shu bois Yangi Oʻzbekistonda ham ilm-fan, taʼlim, iqtisodiyot, sport, sanʼat, maʼnaviyat singari barcha sohalarda oʻsishga erishish va buning natijasida ilmiy salohiyatini oshirish, aholi turmush tarzini bundan-da yaxshilash maqsadida tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda ilm-fan sohasini rivojlantirish davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Taʼkidlash joizki, qisqa vaqt ichida maʼrifat, taʼlim, ilm-fan sohalarini rivojlantirish uchun oʻttizdan ortiq qarorlar, farmonlar, farmoyishlar va qonunlardan iborat huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimiz taʼlim tizimini tubdan oʻzgartirish, malakali mutaxassis kadrlar tayyorlash hamda Vatanga sadoqatli yangi avlodni voyaga yetkazish mexanizmlarini yaratish maqsadida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Yangi Oʻzbekistonning keyingi taraqqiyoti jarayonida maktabgacha taʼlim tizimini rivojlantirish, umumtaʼlim maktablari faoliyatini yaxshilash, oliy taʼlim tizimini dunyo standartlariga moslashtirish, xalqaro reytinglarga kiritish, oʻquv yurtlariga qabul qilishda adolatli tizimni oʻrnatish, yurtimizda nufuzli chet el universitetlarining filiallarini ochish kabi koʻplab ishlar olib borilmoqda.
Taʼkidlash joizki, taʼlim va tarbiya bir-birini toʻldiradi. Tarbiya taʼlimga nisbatan keng qamrovlidir. Taʼlim aqlni rivojlantiradi va sayqallashtiradi. Lekin insonning ruhiy, aqliy va jismoniy taraflarini birdek qamrab ololmaydi. Shuning uchun ham taʼlim va tarbiya doimo birga boʻlishi talab etiladi.
Umumiy taʼlim tizimida jiddiy oʻzgarishlar sifatida badiiy ijod, sanʼat, madaniyat yoʻnalishlarida maxsus maktablar barpo etilganligini eʼtirof etish joiz. Qoraqalpogʻistonda Ibroyim Yusupov, Jizzaxda Hamid Olimjon va Zulfiya, Namanganda Ibrat, Fargʻonada Erkin Vohidov, Qarshida Abdulla Oripov, Xorazmda Ogahiy, Sirdaryoda Halima Xudoyberdiyeva, Andijonda Muhammad Yusuf nomlari bilan atalgan adabiyot va ijtimoiy soha maktablari faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, yoshlarning boshqa sohalarga boʻlgan qiziqishlari ham eʼtiborga olinib, respublikamizda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yoʻnalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktab tashkil qilindi.
Davlatimiz rahbarining taʼbiri bilan aytganda, «biz maktabgacha taʼlim va maktab taʼlimi, oliy va oʻrta maxsus taʼlim tizimi hamda ilmiy-madaniy muassasalarni boʻlgʻusi Renessansning toʻrt uzviy halqasi, deb bilamiz. Bogʻcha tarbiyachisi, maktab muallimi, professor-oʻqituvchilar va ilmiy-ijodiy ziyolilarimizni esa yangi Uygʻonish davrining toʻrt tayanch ustuni, deb hisoblaymiz».
Prezidentimizning «Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida»gi farmoni iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani jadal rivojlantirish, ilmiy-intellektual hamda moliyaviy resurslarni toʻliq safarbar etgan holda, ilmiy-innovatsion salohiyatdan keng foydalanish, istiqbolda ilm-fanni muntazam isloh qilib borishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash, zamonaviy bilimga ega va mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy infratuzilmani modernizatsiya qilish ishlarini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Ilm-fan, taʼlim-tarbiya va maʼnaviyat mamlakatimizda azaldan ustuvor masala boʻlib kelgan. Davlat rahbari raisligida 2024-yil 22-dekabrda boʻlib oʻtgan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yigʻilishida bugun jahon miqyosida taraqqiyot surʼatlari shiddatli tus olgani, oʻta ziddiyatli jarayonlarning taʼsiri mamlakatimizda ham sezilayotgani bejiz qayd etilmadi.
Mazkur yigʻilishda Prezidentimiz tomonidan turli yoʻnalishlar, xususan, maʼnaviyatga oid ustuvor vazifalar oʻrtaga tashlanib, muhim tashabbuslar ilgari surildi. Davlatimiz rahbarining bildirgan takliflari jamiyatimizning maʼnaviy qiyofasini tubdan oʻzgartirishga xizmat qiladigan konseptual asos boʻldi. Ustuvor konsepsiya sifatida, avvalo, maʼnaviyat va madaniyat sohasi uchun metodik asos boʻladigan milliy gʻoyani rivojlantirish boʻyicha alohida dasturiy hujjat ishlab chiqish lozimligi taʼkidlandi.
Prezidentimiz taʼkidlaganidek, Vatan va xalq taqdiriga nisbatan tahdidlar kuchaygan vaziyatda aynan millat fidoyilari – uygʻoq qalbli ziyolilar, shoir va adiblar, sanʼat namoyandalari, maʼnaviyat va maʼrifat sohasi xodimlari jasorat bilan maydonga chiqqanlar. Mamlakatimiz oʻz taraqqiyotining yangi, yuksak bosqichiga kirayotgan hozirgi paytda bizga jadid bobolarimiz kabi gʻarb ilm-fan yutuqlari bilan birga, milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlar suv bilan havodek zarur.
Bir soʻz bilan aytganda, Prezidentimizning maʼnaviyat va madaniyat yoʻnalishidagi tashabbuslari yurtimiz ravnaqi yoʻlida ilm-fan va maʼnaviyat tizimlari borasida ilmiy izlanishlarni olib borish, bu sohani rivojlantirishda aniq takliflarni ishlab chiqish, uni yanada rivojlantirishda yangi istiqbollarni ochishda alohida ahamiyat kasb etadi.
Shu oʻrinda taʼkidlash mumkinki, mamlakatimizni innovatsion rivojlantirish strategiyasi va mexanizmlari, eng avvalo, shu davlatda yaratilgan intellektual, ilmiy-texnikaviy salohiyatdan qanchalik samarali foydalanish bilan chambarchas bogʻliq. Hozirgi vaqtda mamlakatimizda uch yuzdan ortiq ilmiy tadqiqot muassasalari, oliy oʻquv yurtlari, tajriba konstruktorlik tashkilotlari, ilmiy ishlab chiqarish korxonalari, kichik innovatsion markazlar va boshqa ilmiy texnikaviy tuzilmalar faoliyat yuritmoqda.
Oʻzbekiston 2030-yilga qadar global innovatsion indeks reytingida dunyoning yetakchi davlatlari qatoriga kirishdek ulkan maqsadga erishishda inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan strategik reja eʼlon qilindi. Bizning maqsadimiz ilm-fan sohasini zamonaviy iqtisodiyot talablariga moslashtirishdan iborat boʻlib, ilm-fandagi tegishli huquqiy baza bilan tartibga solinadigan tub tarkibiy, tashkiliy-moliyaviy infratuzilmaga oid islohotlarni amalga oshirishni talab etadi.
Darhaqiqat, qaldirgʻoch ham oʻz uyasini butlash payida boʻladi. Biz ham biror narsa qurmasak, yaratmasak, shu ona yurtning tuzini oqlagulik xayrli ish qilolmasak, yashamoqdan maʼno bormi?! Hayotda kimdir ilmi, yana kimdir hunari bilan oʻzidan muhim iz qoldiradi. Zero, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini egallash, elga nafi tegadigan kasb-hunar sohibi boʻlish, maʼnaviy komillik insonning asosiy ehtiyojidir.
Azizjon FAYZIYEV,
mayor.
