Uzoq sahro bagʻrida bir qishloq boʻlib, unda juda kichik suv manbaiga ega vodiy bor ekan. Tabiiyki, qishloqda suv eng qimmatli neʼmat hisoblanardi. 

Aholi uning har bir tomchisini qadrlar, tejab sarflar va bugʻlanib ketmasligi uchun quyosh taftidan asrardi. 

Kunlardan birida shu yerdan oʻtib ketayotgan yoʻlovchi vodiyda tunab qolibdi. U mahalliy aholining suvga boʻlgan kuchli ehtiyojini koʻrib, ularga rahmi kelibdi, yordam berish qoʻlidan kelmagani uchun achinibdi. Ertasi kuni u yoʻlida davom etibdi. 

Yoʻlovchi choʻlu biyobonlar osha yurib borar ekan ulkan bir saroyga koʻzi tushdi. Ichkariga kirib, saroyning hashamati va goʻzalligidan koʻzlari quvnab ketdi. Uni eng hayratga solgan narsa – oʻzaro uygʻunlik kasb etgan ulkan bogʻ va favvora edi.

Haligi kishi saroy sohibidan soʻrabdi: 

– Bu maskanda chindan ham bir qarashda koʻringanidek suv koʻpmi? 

– Ha, shunday. Saroyimda suv toʻlib-toshib oqadigan favvora va sharsharalar bor. Bu sizni nega qiziqtirib qoldi? 

– Bilasizmi, bu yerdan uncha uzoq boʻlmagan joyda qashshoq bir qishloqni koʻrdim. U yerda suv deyarli yoʻq. Aholi har bir tomchini tejab hayotga kechirishga majbur. Suv ular uchun hayotdagi eng muhim narsa. Nega saroyingizdagi suvni ular bilan baham koʻrmaysiz? Menimcha, bu sizga unchalik qiyinchilik tugʻdirmaydi, odamlar esa juda minnatdor boʻlardi. 

Saroy egasi bir muddat sukutdan soʻng shunday dedi: 

– Agar men bu qishloqqa suv bersam nima boʻladi, bilasizmi? Toʻgʻri, birinchi safar, minnatdorlik bildirishadi. Ikkinchi safar bu tuhfani tabiiy holat deb qabul qilishadi. Uchinchi safar esa bu yerga kelib, mendan suv talab qilishni boshlaydilar. 

Rus tilidan 

Gulchehra AZIMOVA tarjimasi.