Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
Inson moddiy qiyinchiliklarga chidashi mumkin, lekin nohaqlikka, adolatsizlikka chiday olmaydi. Shuning uchun ham xalqimiz tomonidan «Qornimga emas, qadrimga yigʻlayman» degan purmaʼno naql toʻqilgan. Lekin ayni paytda qadr-qimmatni moddiyatdan butunlay ayro holda ham tasavvur etib boʻlmaydi.
Shu boisdan ham mamlakatimiz Prezidenti «Albatta, inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balandparvoz tushuncha emas. Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini taʼminlashni nazarda tutamiz. Inson qadri deganda, biz har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma tashkil etishni, malakali tibbiy xizmat koʻrsatish, sifatli taʼlim, ijtimoiy himoya tizimi, sogʻlom ekologik muhit yaratib berishni tushunamiz», – degan edilar.
Bugungi kunda insonning qadr-qimmati, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash davlatimizning ustuvor vazifasiga aylandi. «Inson qadri uchun» degan hayotbaxsh gʻoya asosida «Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak»
degan tamoyil joriy etildi.
Ana shu talabdan kelib chiqib soʻnggi yillarda jamiyat hayotining barcha sohalarida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Yangi Oʻzbekiston inson shaʼni va qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblangan mamlakat boʻlishi uchun barcha zaruriy chora-tadbirlar koʻrilyapti. Jumladan, ichki ishlar organlari xodimlari yurtdoshlarimiz tinch va xavfsiz hayot kechirishini taʼminlash yoʻlida xizmat qilyapti. Mahalla yettiligi esa aholining muammolarini «xonadonbay» asosda oʻrganib, hal etyapti.
Yurtimizda insonning shaʼni va qadr-qimmati daxlsizligini taʼminlash, uning huquqlari va qonuniy manfaatlariga zid keladigan har qanday harakatlarga qarshi kurashish eng dolzarb vazifalar sirasiga kiradi. Ushbu yoʻnalishda Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili, Bolalar ombudsmani, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil va boshqa milliy institutlar faoliyat koʻrsatib kelmoqda.
Endilikda odamlar tashvishi bilan yashash, xalqimizning qonuniy talab-istaklari va xohish-irodasini roʻyobga chiqarish davlat organlari faoliyatini baholashning eng muhim mezoniga aylanib boryapti. Muayyan hududlar boʻyicha barcha muhim qarorlar aholi ishtirokida qabul qilinishi kerak. Mamlakat miqyosida esa ushbu jarayonga fuqarolik jamiyati institutlarini jalb etish xalqchil qarorlar qabul qilishda yaxshi samara beradi.
Mamlakatimiz yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning muqaddimasida Oʻzbekiston Respublikasi inson huquq va erkinliklariga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiq ekanligi eʼlon qilingan. Asosiy qonunimizdan davlat hokimiyati xalq manfaatlarini koʻzlab amalga oshirilishi toʻgʻrisidagi qoida oʻrin olgan. Shuningdek, insonning hayoti, erkinligi, shaʼni va qadr-qimmati oliy qadriyat ekanligi taʼkidlangan. Konstitutsiyada davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlariga taalluqli normalar 3 barobar koʻpaydi.
Buning amaldagi ijrosini aholining kam taʼminlangan qatlamini ijtimoiy himoya qilish tizimi yaratilganligida koʻrish mumkin. Kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha izchil chora-tadbirlar koʻrilyapti. Yangi uy-joylar, maktablar va maktabgacha taʼlim tashkilotlari qurilyapti, madaniyat va sport maskanlari bunyod etilmoqda. Yurtdoshlarimizning yashash tarzi yaxshilanib, turmushi farovonlashyapti. Yurtimizda yuqori texnologiyali yangi sanoat majmualari, infratuzilmalar va logistika tarmoqlari, avtomobil va temiryoʻllar barpo etilmoqda. Sayyohlik sohalari tobora taraqqiy etmoqda.
Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarni jamiyatga moslashtirish borasida ham tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Ular qayta jinoyat sodir etmasliklari uchun kasbga oʻqitilyapti, ish bilan taʼminlanyapti, har biriga ijtimoiy yordam koʻrsatilyapti.
Tadbirkorlar uchun yanada keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Yoshlarning zamonaviy bilim va kasb-hunar egalari, barkamol boʻlib tarbiya topishlari uchun zarur choralar koʻrilyapti. Xotin-qizlarning ijtimoiy himoyasi kuchaytirilyapti. Harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari har tomonlama qoʻllab-quvvatlanyapti.
Shu oʻrinda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 19-mart kuni tadbirkorlar bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvida kichik va oʻrta biznesni rivojlantirishning ustuvor vazifalari muhokama qilindi. Xususan, 2025-yildagi asosiy maqsadlar belgilandi. Ushbu maqsadlarga erishish uchun xalqaro ekspertlar bilan hamkorlikda kompleks dastur ishlab chiqildi. 2025-yilda uni amalga oshirish uchun turli manbalardan 10 milliard AQSH dollari ajratish rejalashtirilgan. «Bu yil kichik va oʻrta biznesga 120 trillion soʻm resurs beryapmiz. Buncha katta mablagʻ ilgari hech qachon boʻlmagan», – dedi davlat rahbari.
Yurtboshimiz Oʻzbekiston xalqiga Yangi yil tabrigida «Muxtasar aytganda, «Inson qadri uchun, inson baxti uchun!» degan olijanob maqsadni barchamiz birgalikda amalga oshiramiz», degan edilar. Rahbar xodimlariga gʻamxoʻrlik qilsa, malakali mutaxassislarni qadrlasa, bu uning ana shu yuksak maqsadni amalga oshirishga qoʻshgan hissasi boʻladi. Xodim ham oʻz navbatida har tomonlama qulay ish sharoiti yaratgan, qoʻl ostidagilarning ijtimoiy himoyasi haqida qaygʻurgan rahbarni qadrlashi lozim.
Oʻzbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripov inson qadr-qimmati haqida topib yozgan edi.
Uning «Izhor» sheʼridagi quydagi satrlarga eʼtibor bering-a:
Qancha diyorlarda sayr etib yurdim,
Qancha manzillarda tuzdim oshyon.
Va buyuk hikmatga axir yuz burdim,
Siylangan joyida azizdir inson.
Yurtim, senda ekan nasibam tugal,
Sen oʻzing maskanim, sen oʻzing shonim.
Sen onam, sen singlim, yorimsan, azal,
Ey, jonim, jahonim – Oʻzbekistonim.
Aslida «baxt» va «qadr» tushunchalari egizak. Kimki qadr topsa, u oʻzini baxtli his qiladi. Lekin oʻz Vatanida qadr topmay, begona oʻlkalarda qadrlangan insonning baxti kemtik boʻladi. «Oʻzga yurtda shoh boʻlguncha, oʻz yurtingda gado boʻl» deb bejiz aytishmagan. Shuning uchun har kimga ham oʻz diyorida qadr topish nasib etsin.
Bobomurod TOSHeV.
