Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
Yer yuzida aholi sonining tez surʼatlar bilan oʻsishi natijasida ehtiyojlarni qondirish uchun ishlab chiqarish korxonalari sonining muttasil oshib borishi, tabiiy resurslarning koʻplab ishlatilishi, transport vositalari soni va turlarining koʻpayishi kuzatilmoqda. Buning oqibatida tabiatdagi antropogen oʻzgarishlar koʻlami kengayib bormoqda.
Ekologik muammolar global koʻrinish kasb etib, muayyan sharoitga moslashgan ekotizim yoʻqolib ketishiga birinchi navbatda antropogen omillar sabab boʻlayotgani jahon ahlini tashvishga solmoqda.
Dunyo boʻyicha yiliga qariyb olti million gektar yer choʻlga aylanayotgani, oltmish mingga yaqin oʻsimlik, yetti mingdan ortiq hayvon turlari yoʻqolib ketish arafasida turgani, inson tomonidan hosil qilinayotgan chiqindi miqdori yil sayin koʻpayib, atrof-muhitga salbiy taʼsir koʻrsatayotgani, haydaladigan yerlarning
40 foizdan ortigʻi degradatsiyaga uchrab, ziroatchilik, qishloq xoʻjaligi ekinlari yetishtirish uchun mutlaqo yaroqsiz boʻlib qolgani hamjihatlikda tegishli choralar koʻrishga undaydi.
Aks holda, mutaxassislarning hisob-kitoblariga koʻra, sayyoramizda millionlab yillar davomida shakllangan biologik xilma-xillik yaqin 50 yil ichida qariyb 50 foizga kamayishi mumkin ekan. Bu qanday oqibatlarga olib kelishini esa hatto tasavvurga ham sigʻdirib boʻlmaydi.
Shu oʻrinda jahon hamjamiyati eʼtiborini atrof-muhitni muhofaza qilish hamda global ekologik inqirozning oldini olishga qaratish va bu borada aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish maqsadida 1972-yil 5-iyunda Stokgolm shahrida oʻtkazilgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining ekologik masalalarga bagʻishlangan konferensiyasini eslatish joiz koʻrinadi. Chunki unda qabul qilingan qarorga muvofiq, mazkur anjuman oʻtkazilgan kun, yaʼni, 5-iyun dunyo miqyosida – Jahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni sifatida keng nishonlanadi. Ushbu sana munosabati bilan tadbirlar, koʻrik-tanlovlar, bogʻ-rogʻlar yaratish, obodonlashtirish, aholi, ayniqsa, yoshlarning ekologik madaniyatini oshirishga qaratilgan aksiyalar oʻtkazib kelinadi.
Mamlakatimizda ham ayni shu yoʻnalishda keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Prezidentimiz tomonidan yurtimizda aholi salomatligini mustahkamlash va ekologik osoyishtalikni taʼminlash, chiqindilarni qayta ishlash tizimini takomillashtirish masalalariga alohida eʼtibor berilmoqda. Ekologik xavfsizlikni taʼminlashga muhim siyosiy masala sifatida qaralmoqda. Orol dengizining qurigan tubida oʻrmonzorlar barpo etilib, Orolboʻyidagi shahar va tumanlarni rivojlantirishga qaratilgan dasturlar jadal amalga oshirilmoqda.
Tahlillar shuni koʻrsatadiki, soʻnggi yillarda maishiy va sanoat chiqindilari yildan-yilga koʻpayib boryapti. Ayniqsa, XXI asrda maishiy chiqindilar hajmining oʻsishi ekologik barqarorlikka juda katta salbiy taʼsir koʻrsata boshladi.
Mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, aholi salomatligini taʼminlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, sanitariya va ekologik holatni yaxshilash borasida izchil ishlar olib borilmoqda. Ishlab chiqarish sohalarini zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash va qayta jihozlash natijasida atmosferaga chiqarilayotgan zararli moddalarning miqdori kamayishiga erishilmoqda.
Jumladan, mamlakatimizda qabul qilinayotgan qonun, farmon va qarorlar chiqindilarning fuqarolar hayotiga va sogʻligʻiga, atrof-muhitga zararli taʼsirining oldini olish hamda chiqindilar hosil boʻlishini kamaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Ammo ayrim zavod va fabrikalar havoga meʼyoridan ortiqcha tashlanma chiqarib, atrof-muhitga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Bunday holatlar fuqarolarning haqli eʼtiroziga sabab boʻlmoqda. Shuning uchun ham respublikamizda bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, har bir hudud havo ifloslanishini tezkor tahlil qiladigan mobil laboratoriyalar bilan taʼminlanayotir. Atrof-muhitga yuqori va oʻrta xavfli yirik sanoat korxonalarida zamonaviy lokal tozalash inshootlarini oʻrnatish va mavjudlarini modernizatsiya qilish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.
Yana bir muhim masala, dunyoda ilmiy-texnik taraqqiyot qanchalik rivojlanmasin, tabiat va inson oʻrtasidagi ayrim muammolar, jumladan, tabiiy ofatlar xavfi yildan-yilga ortib, jiddiy talafotlarga sabab boʻlmoqda. Keyingi vaqtlarda yer kurrasida sodir boʻlgan voqealar: Amerika, Osiyo qitʼalaridagi kuchli zilzila va sunamilar, Yevropadagi suv toshqinlari, turli mintaqalardagi yongʻinlar ayrim tabiat hodisalari oldida insoniyat ojizligini, yetarli darajada tayyor emasligini koʻrsatdi.
Maʼlumotlarga koʻra, har kuni dunyoda oʻrtacha 200 ga yaqin kishi tabiiy ofat qurboni boʻladi. Lekin tabiiy ofatlarni tizginlash, ularning oldini olishning aniq koʻrsatmalarini ishlab chiqish hanuzgacha muammo boʻlib qolmoqda. Asosiy maqsad sayyoramizda tabiiy ofatlarning xavfini kamaytirish sohasidagi global madaniyatni shakllantirish, tabiiy ofatlar xavfini bartaraf qilish, ularning oqibatlarini kamaytirish va ofatlarga tayyorgarlikni oshirishdir.
BMTning Tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish Xalqaro strategiyasi, Xalqaro fuqaro muhofazasi tashkiloti va Osiyo tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish markazi (ADRC) bu masala bilan bevosita shugʻullanadi. ADRC Osiyo qitʼasida tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish maqsadidagi asosiy xalqaro hamkorlik tashkiloti sifatida 1998-yil tuzilgan, unga 25 ta mamlakat, jumladan, Oʻzbekiston ham aʼzo.
Yurtimizda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi huquqbuzarliklar profilaktikasi va ularga qarshi kurashish tizimini yangi darajaga koʻtarish maqsadida Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya va Davlat ekologiya qoʻmitasining «Ekologik patrul» tizimi joriy etildi. Ekologik patrul guruhlari tomonidan 2023-yilning oʻtgan davri mobaynida 14 mingdan oshiq reydlar oʻtkazilgan va maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan 14 ming nafardan ortiq fuqarolar oʻrnatilgan tartibda javobgarlikka tortilgan.
Xulosa shuki, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiatga oqilona munosabatda boʻlish, flora va fauna olamini asrab-avaylash, kelajak avlodga tabiiy boyliklarni bus-butun yetkazish, ekologik muammolarni bartaraf etishga hissa qoʻshish har birimizning oldimizda turgan muhim vazifa hisoblanadi.
Sarvar SOBIROV
tayyorladi.
