Shu bois, bugungi kunda «Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish – oliy burchimiz!» konseptual gʻoyasi asosida xodimlar ongi va qalbida ona Vatan taqdiri, uning porloq kelajagi, tinchligi, xavfsizligi va osoyishtaligini taʼminlashga masʼullik tuygʻusini oshirish, insoniylik va milliy qadriyatlarni ulugʻlovchi fazilatlar egasi boʻlishiga koʻmaklashish, eng muhimi, har qanday ogʻir va murakkab vaziyatda ham qasamyodiga sodiq qoluvchi, yurti uchun jonini fido qiluvchi xodim boʻlib yetishishlarini taʼminlash uchun bir qator tarbiyaviy va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar olib borilmoqda.
Qachonki soha xodimlari maʼnaviy-maʼrifiy va siyosiy jihatdan yetuk, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, demokratik tamoyillar hamda fuqarolik jamiyati asoslarini har tomonlama puxta oʻzlashtirgan, erkin fikrlaydigan, intellektual salohiyatli, mafkuraviy immunitetga ega, zamonaviy tahdid va xurujlarga nisbatan hushyor va sergak, bir soʻz bilan aytganda, oʻz sohasining ongli bilimdoni boʻlsa, bunday shaxsiy tarkib zimmasiga yuklatilgan har qanday vazifani, shubhasiz, koʻngildagidek uddalaydi.
Ammo, afsuski, baʼzan tizimda kasbiga mehri boʻlmagan, vazifasiga masʼuliyatsiz yondashuvchi ayrim xodimlarning nomunosib xatti-harakatlari tufayli butun soha xodimlari shaʼniga isnod keltirish holatlari uchrayotgani ham sir emas. Ayniqsa, bugungi oshkoralik, ommaviy axborot vositalari va internet tarmoqlarining faollashgani natijasida bunday noxush holatlar tezda keng ommaga tarqalib ketayotgani ham barchamizga maʼlum.
Shu bois vazirlik rahbariyati tomonidan bunday salbiy holatlarning oldini olishga, ularga nisbatan keskin choralar koʻrishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Chunki bir xodimning bitta nojoʻya harakati, qilmishi, erta-yu kech tinim bilmay oʻz vazifasini bajarayotgan butun shaxsiy tarkibning, xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilayotgan halol, pok, fidoyi xodimlarning shaʼniga dogʻ tushiradi. Eng yomoni, xalqimizda ichki ishlar xodimlariga nisbatan salbiy fikr uygʻotib, soha imijiga, misqollab topayotgan obroʻsiga putur yetkazadi.
Shuning uchun xizmat intizomini buzuvchi xodimlarni barvaqt aniqlash, ayniqsa, sohani tamagirlik, poraxoʻrlik illatlariga, korrupsiyaga aralashgan xodimlardan tozalash boʻyicha alohida chora-tadbirlar muntazam ravishda, rejali tarzda olib borilmoqda. Albatta, bunda oʻrganuvchi va tekshiruvchi masʼullar tomonidan xodimlarning shaxsiy huquq va manfaatlariga zid xatti-harakatlar sodir etilishiga yoʻl qoʻymaslikka, holat yuzasidan adolatli qaror qabul qilinishiga alohida eʼtibor qaratilyapti. Negaki, har bir xodim muayyan taʼlim muassasalarida oʻqigan, muayyan muddat sohada ishlab yetarli tajribaga ega boʻlgan mutaxassis hisoblanadi. Qolaversa, uni oʻqitish uchun davlat mablagʻi sarflangan, tarbiyalashga ustozlar mehnati, tajriba orttirishiga esa yillar sarflangan. Shu bois xodimga nisbatan olingan har bir maʼlumot, avvalo, sinchkovlik bilan oʻrganilishiga alohida eʼtibor qaratish juda muhim ahamiyatga ega.
Bundan tashqari, jamoadagi muhitning shaffof boʻlmasligi, rahbar va xodim oʻrtasidagi nizoli munosabatlarning paydo boʻlishi ham shaxsiy tarkib oʻrtasida xizmat intizomi va qonuniylik buzilishiga sabab boʻluvchi salbiy omillardan hisoblanadi. Shu bois rahbarlar tomonidan xodimlarning xizmat faoliyatiga asossiz ravishda aralashish, toʻsqinlik qilish yoki bevosita (bilvosita) taʼsir oʻtkazishga urinish qatʼiyan man etiladi. Bunday holatlar aniqlangan taqdirda, bunga yoʻl qoʻygan mansabdor shaxslar belgilangan tartibda intizomiy javobgarlikka tortiladi. Shu bilan birga, xodimlar bilan yetarli darajada tarbiyaviy ishlar olib bormagan rahbar xodimlar faoliyati salbiy baholangan taqdirda, ular moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirishga tavsiya etilmaydi.
Albatta, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha bevosita masʼul rahbarlar xodim bilan hujjatlarda belgilangan maʼnaviy-maʼrifiy, profilaktik va boshqa tegishli tadbirlarni oʻz vaqtida amalga oshirganligi tasdiqlangan boʻlsa, xodim salbiy harakatini sodir etgan vaqtda masʼul rahbar kasallik yoki boshqa turdagi taʼtilda yoxud xizmat safarida boʻlsa, xodim salbiy harakatini oxirgi zarurat, zaruriy mudofaa sharoitida yoki ruhiy buzilish yoki kasalligi tufayli amalga oshirganligi tasdiqlansa, rahbar jazoga tortilmaydi.
Ochigʻi, xodimlarning xizmat intizomiga qatʼiy rioya qilishi va qonuniylikni taʼminlashi, avvalo, ularning jamoatchilik orasida oʻzini tutishiga, qanday xizmat oʻtashiga bogʻliq. Agar xodim fuqaro bilan muloqotga kirishishdan oldin oʻzini belgilangan tartibda tanishtirsa, maxsus koʻkrak nishoni boʻlsa-da, fuqaro undan xizmat guvohnomasini koʻrsatishni talab qilsa, uning talabini bajarsa, oʻrtada nizo paydo boʻlmaydi. Xuddi shunday, xodim tomonidan fuqaroga nisbatan qoʻpollik qilish, tazyiq oʻtkazish, qoʻrqitish kabi salbiy xatti-harakatlarga yoʻl qoʻyilmasa, unga nisbatan ariza va shikoyat kelib tushmaydi.
Albatta, fuqaro mastlik holatida boʻlgan, shaxsini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etmagan yoki faol qarshilik koʻrsatgan taqdirda, oʻzi yoki maxsus guruh bilan birga oxirgi zaruriy chora sifatida fuqaroga nisbatan mutanosib ravishda jismoniy kuch ishlatish yoki boshqa maxsus vositalarni qoʻllash orqali vaqtinchalik ushlab, eng yaqin ichki ishlar organlariga yetkazish choralari koʻriladi va zudlik bilan toʻgʻridan-toʻgʻri rahbariyatga axborot beriladi.
Bir soʻz bilan aytganda, «Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun» kecha-yu kunduz tinim bilmay xizmat qilayotgan xodimlarning koʻchada yurishi, kiyim kiyish tartibiga rioya qilishi, fuqarolar bilan muomalasidan tortib, barcha harakati el nazarida. Shukrki, bu kunlar mashaqqatlar ortidan keladigan sharafli kunlar hisoblanadi. Mustaqillik bayrami arafasida yurtimizning yuksak mukofotlariga munosib koʻrilgan hamkasblarimizning bir qator orden, medal va oliy darajadagi maxsus unvonlar bilan taqdirlangani bunga yaqqol misol, desak, sira mubolagʻa boʻlmaydi.
Gʻayrat ABDULLAYEV,
podpolkovnik.
