Hamma iqlimlarni qoʻlga kiritgan shoh Iskandar jahon mamlakatining taxtiga ega boʻldi. U borib olmagan biron yer qolmadi. Biron yer qolmadiki, u bormagan boʻlsin. Dunyodagi hamma yer va suv uning hukmiga oʻtib, xoʻlu quruq buyrugʻining qavzasiga tushdi.
Osmonning koʻk gumbazi ustida xutba oʻqib, adolat tamgʻalarini (oltin, kumushga emas), yulduzlarga urdi. Shohlar oʻz ixtiyorlari bilan unga qul boʻlishdi; unga qul boʻlish bilan ular faxrlandilar.
U ham shoh edi, ham valiy. Uning tabiati esa donishmandlik bilan rostlangan edi. Uning asl zotida Jamshidlik odatlari bor edi. Oddiy koʻzgu unga jahonni koʻrsatadigan jom boʻlib xizmat qilardi. Yetti qavat osmon hukmronligi unga muyassar, yetti iqlim unga boʻysungan edi. Shunday yuksak martabali baxtiyor podshoh bu oʻtkinchi dunyodan qilich koʻtarmoqchi boʻlib qolganda qiziq bir ojizlik va bechoralik xolatini boshidan kechirdi. Oldida qiziq bir ovoralik yuz berdi. Unga na hakimlari yordam qila oldi; na xizmatkorlari, na qullari uning farmonini bajara oldi. Ular barchasi bu yashil bogʻda qolib, u bir oʻzi qora tuprogʻning ichiga yoʻl oldi. Bunday halokat uning ichini oʻrtagach, shunday soʻzlar bilan u ichini boʻshatdi.
– Shu nafasda men pastga qarab borayapman; shohlik nogʻorasi safarga chorlamoqda. Kim oʻz or-nomus shartini saqlamoqchi boʻlsa, mening unga shunday vasiyatim bor: vaqtiki pok boʻston qushi men tomon uchib kelib, poklik ayvoniga borishimni eslatgan chogʻda, oh tortib, olamni qorongʻi qilib, tobutdan menga uxlash uchun joy hozirlab, yoʻlimni qabr tomon boshlar ekansizlar, bir qoʻlimni tobutning yonidan chiqarib qoʻyinglar. Kishilar tobutga nazar solar ekanlar, ibrat yuzasidan shu qoʻlga qarasinlar. Bilsinlarkim, yetti oʻlka podshosi, yetti osmon mushkullaridan xabardor odam, endi jismida jon yoʻq, bu makondan, bu jahondan boʻsh qoʻl bilan ketmoqda. Kimki jahon mamlakatini havas qilsa, ushbu qoʻl unga yetarli tajribadir.
Alisher Navoiyning «Hayrat ul-abror» dostonidan.
