Maʼnaviyat va maʼrifat darsi

Milodiy 809–813-yillarda Xuroson, Movarounnahr va Xorazmda siyosiy faoliyatini amalga oshirgan al-Maʼmun buyuk bir ishga qoʻl urdi. Yaʼni, uygʻonish davrini boshlab beruvchi «Baytul-hikma» («Donishmandlar uyi»), hozirgi tilda aytganda, Fanlar akademiyasi faoliyatiga asos soldi. Uning ilmiy faoliyatini boshqarishga xorazmlik qomusiy alloma Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy va buyuk olim Ahmad al-Fargʻoniy tayinlandi.

Xorazmiy (783–850) qadimdan fan va madaniyat oʻchogʻi boʻlgan Xorazm vohasida dunyoga kelib, yoshligidan turli ilmlarga butun borligʻi bilan qiziqqan, ayniqsa, tabiiy fanlarni qunt bilan egallash uning asosiy mashgʻulotiga aylangan edi. Dastlabki saboqni zamonining eng mashhur ustozlaridan olib, soʻngra Marv shahridagi madrasada davom ettiradi.

Arab, fors, hind va yunon tillarini mukammal oʻrganib, oʻsha tillarda yozilgan ilmiy asarlarni qunt bilan mutolaa qilgan olim tabiiy fanlarning bundan keyingi rivojini taʼminlaydigan matematika, geometriya, trigonometriya, astronomiya, geografiya va tarix sohasida samarali ijod qildi. Natijada «Al-jabr val-muqobala», «Hisob al-hind», «Kitob at-tarix», «Kitob surat al-arz», «Kitob al-amal bil usturlabat» kabi yetuk asarlar dunyo yuzini koʻrdi.

Afsuski, buyuk ajdodimizning bizgacha faqat oʻntagina kitobi yetib kelgan, xolos. Urush-talashlar davrida bashariyatga, fan va madaniyatga xizmat qiladigan koʻplab noyob asarlar yoʻqolib ketgan. Biroq oʻsha oʻnta kitobning oʻzi ham tabiiy fanlar, shubhasiz, matematikaning buyuk kashfiyotchisi sifatida uni jahonga tanitdi. Matematikaga oid asarlari iqtisodiy, meʼmorchilik, texnika, irrigatsiya va boshqa koʻplab sohalar ravnaqida dasturulamal boʻlib xizmat qildi. Shu bois al-Xorazmiy nomi umumbashariy va umr­boqiydir. Bunday farzandni kamolga yetkazgan uning ona Vatani Oʻzbekiston ham jahon miqyosida doimo tilga olinishga loyiqdir.

Ilk uygʻonish davrining buyuk allomalaridan yana biri Abul Abbos ibn Muhammad ibn Nosir al-Fargʻoniy (797–865) ham fan, madaniyat ravnaqiga jahoniy hissa qoʻshgan buyuk olimlar sirasidan hisoblanadi. Uning butun ilmiy faoliyati Bagʻdoddagi Maʼmun akademiyasi bilan chambarchas bogʻliq boʻlib, matematika, geografiya, astronomiya, tarix va shu kabi boshqa koʻplab yoʻnalishlarda katta izlanishlar olib bordi. Bagʻdod va Damashq­da astronomiya sohasida buyuk kashfiyotlar qilinishiga xizmat qilgan rasadxona qurilishiga rahbarlik qilish shu inson nomi bilan bogʻliq. Ahmad Fargʻoniyning astronomiyaga bagʻishlangan «Kitob fi usul ilm an-nujum», «Falakiyot risolasi», «Al-Majitiy», «Fargʻoniy jadvallari», «Usturlob bilan amal qilish haqida», «Oy, yerning ustida va ostida boʻlganida vaqtni aniqlash risolasi», «Yetti iqlim hisobi», «Usturlob yasash haqida kitob» asarlari mashhur boʻlib, jahonning eng yirik ilmiy-madaniy markazlarida saqlanadi. Asarlari koʻplab tillarga tarjima qilingan Ahmad Fargʻoniyni yevropaliklar faxr bilan «Al-Fraganus» deb ataganlar.

Uygʻonish davrining yirik vakili, jahon fan va madaniyati tarixida chuqur iz qoldirgan ulugʻ alloma Abu Nasr Muhammad al-Forobiy (873–951) Oʻtror yaqinidagi Vasij shaharchasida dunyoga kelib, Damashqda vafot etgan.

U dastlabki ilmni Forobda olib, katta ilm maydoniga Buxoro va Samarqanddagi madrasalardagi faoliyati davomida kirib keldi. Bu ilm maskanlarida davrning mashhur ustozlaridan saboq oldi. Koʻplab tillarni mukammal egalladi. Fanlarning deyarli barcha sohalarini oʻzlashtirgan Forobiy 160 dan ortiq asarlar yozdi. Riyoziyot, falakiyot, tabobat, musiqa, falsafa, tilshunoslik va adabiyot, siyosatshunoslik sohasiga doir kitoblari dunyoga mashhur boʻlib, jahondagi turli xalqlar tillariga tarjima qilindi. U yozgan Aristotelning «Metafizika asariga sharh», «Tirik mavjudot aʼzolari haqida», «Musiqa kitobi», «Baxt-saodatga erishuv haqida», «Siyosat al-madaniyat», «Fozil odamlar shahri», «Masalalar mohiyati», «Tafakkur yurgizish mazmuni haqida kitob», «Falsafaning mohiyati haqida» va boshqa shu kabi koʻplab asarlari jahonda shuhrat qozondi.

Jahon ilm fani ravnaqida yana bir vatandoshimiz Abu Rayhon Beruniy oʻziga xos oʻrin egalladi. U 973-yili Xorazm­da dunyoga keldi. Unda ilmga boʻlgan favqulodda qiziqish ona Vatanida shakllandi.

Taniqli olim Ibn Iroq Abu Rayhon Beruniyning katta ilm maydoniga koʻtarilishida ustozlik qiladi. Taqdir taqozosini qarangki, agar IX asr boshida ilk uygʻonish davri olimlarini homiylikka olgan Xalifa Maʼmun Bagʻdodda «Donishmandlar uyi» akademiyasi boshqaruvini al-Xorazmiy va Ahmad Fargʻoniylarga ishonib topshirgan boʻlsa, endi XI asr boshida Xorazm poytaxti Koʻhna Urganchdagi ilm-fan homiysi, xorazmshoh Maʼmun tashabbusi bilan uni boshqarish, nomi Movarounnahr va Xurosonga tanilayotgan Abu Rayhon Beruniyga ishonib topshiriladi. 1017-yilga qadar faoliyat yuritgan Xorazm Maʼmun akademiyasida mashhur olimlarning fandagi kashfiyotlari va ilmiy qimmati dunyo turguncha oʻz ahamiyatini yoʻqotmaydigan asarlar yaratiladi. Bunda Beruniyning ilm-fan sohasidagi fidoyiligi, shuningdek, atrofiga toʻplangan olimlarga ibrat boʻlishi muhim ahamiyatga ega boʻldi.

Beruniyning 200 ga yaqin asarlari orasida alohida mashhur boʻlgan «Hindiston» asari Gʻaznadagi ilmiy faoliyati hosilasi sifatida 1030-yilda yozib tugallangan. Mahmud Gʻaznaviy 1025-yildagi yurishlaridan birida Beruniyni ham oʻzi bilan Hindistonga olib ketadi. Ana shu jarayonda ushbu nomda yaratiladigan asariga noyob manbalarni toʻplaydi. Natijada jahonga mashhur «Hindiston» asari vujudga keladi.

Ilm-fanning eng yuksak choʻqqilarini zabt etgan buyuk alloma 1048-yili abadiyat dunyosiga doxil boʻldi.

IX–XII asrlardagi uygʻonish davrining yana bir buyuk allomasi Abu Ali ibn Sino 980-yili Buxoroning Afshona qishlogʻida tavallud topdi. U dunyoga kelgan Buxoro Sharqning madaniy markazlaridan biri edi. Ibn Sinoning ilk ustozi otasi boʻlgan. Hind hisobi, falsafadan oʻgʻliga saboq bera boshlaydi. Ayni vaqtda u tabobat va mantiq ilmini favqulodda kuch va intilish bilan oʻrganishga ahd qiladi.

Buxorodagi notinch vaziyatdan xabar topgan Abu Rayhon Beruniy Ibn Sinoni oʻzi boshqarayotgan Maʼmun akademiyasiga taklif qildi. 1001-yilda Beruniy taklifini bajonidil qabul qilgan Ibn Sino Xorazmshohlar poytaxti Koʻhna Urganchga kelib, oʻz davrining mashhur faylasuf olimi Abusahl Masihiy, tabib Abul Xayr Hammor, as-Saolibiy, matematik va astronom Ibn Iroq va boshqalar bilan yaqindan tanishib, butun borligʻi bilan ilmiy faoliyatga kirishadi. Beruniy va Xorazmshoh Maʼmun Ibn Sino uchun alohida qulay shart-sharoitlar yaratib beradi.

1017-yilda Xorazmni Mahmud Gʻaznaviy egallab olar ekan, bunday hukmdorga boʻysunishni istamagan Ibn Sino ancha payt Eron hududining turli shaharlariga koʻchib, oxir-oqibat Hamadonda qoʻnim topdi. Darbadarlik azoblarini boshidan kechirdi, fisq-u fasod, tuhmatlar oqibatida zindonga tashlandi. Ana shunday azoblar va tuhmatlarni boshidan kechirgan Ibn Sino 57 yoshida 1037-yil bu dunyoni tark etdi. Ammo shu yoshida ham jahoniy eʼtirofga ega allomayi zamon Gʻarbda faxr bilan «Avitsenna», Sharqda esa «Shayxur rais» nomi bilan ulugʻlanadi.

 

Jumaboy RAHIMOV,

Jamoat xavfsizligi universiteti professori.