Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
Amir Temur ulkan va qudratli saltanat barpo etib, ilm-fan va madaniyatning yuksalishi, gullab-yashnashi, anʼanalarning yangi tarixiy vaziyatda qayta tiklanishi uchun sharoit yaratdi. Sohibqiron ijtimoiy faoliyatining sermahsul natijalari, ayniqsa madaniyat sohasida yaqqol namoyon boʻldi.
XIV–XV asrlarda yuksak aqliy va ijodiy muvaffaqiyatlar timsoli sifatida fan, adabiyot, miniatyura, amaliy, musiqa va tomosha sanʼatlari ravnaq topdi.
Ilm-fan va madaniyatning aksar musulmon olamida yangidan gurkirab rivojlanishi Amir Temur nomi va faoliyati bilan uzviy bogʻliqdir. Oʻsha davrda Markaziy Osiyoda ilm va adabiy faoliyat uchun qulay sharoit yaratilganligi tufayli koʻplab olimlar bu yerda xotirjam yashab, barakali ijod qilishdi.
Amir Temur va Temuriylar davrida ilm-fanga boʻlgan qiziqishning oʻsishi maʼnaviy madaniyatning umumiy yuksalishiga, ishlab chiqarish va xunarmandchilikning oʻsishiga yordam beradi.
XIV va XV asrlar Markaziy Osiyo xalqlarining ilm-fan, sanʼat, meʼmorchilik, adabiyot yuksak taraqqiyotga erishgan davri hisoblanadi. Temuriylar davridagi yuksalishga aslida Amir Temur asosiy poydevor qoʻydi.
Sohibqiron Samarqandning obodonligiga alohida eʼtibor berdi. U zabt etilgan mamlakatlardan juda koʻp hunarmandlar, sanʼat ahllari va olimlarni Movarounnahrga olib keladi va mamlakatni obod etishda ularning mehnatidan foydalanadi. Amir Temurda har bir zafarli voqeani, quvonchli hodisani muhtasham meʼmoriy obida barpo etish bilan nishonlash odati boʻlgan. Shu maqsadda Hindistondan olib kelingan yuzlarcha mohir gʻisht teruvchilar, Sheroz, Isfahon va Damashqning mashhur usta-hunarmandlari mamlakatda goʻzal imoratu inshootlar bino qilishgan. U onasi Takinabonuga atab Keshda Oqsaroyni bunyod ettirdi. Ushbu saroyning peshtoqiga «Agar bizning qudratimizga shubha qilsangiz, biz qurdirgan imoratlarga boqing» degan mashhur yozuv bitilgan. Bundan tashqari, Samarqand va boshqa hududlarda ham juda koʻplab meʼmoriy inshootlar, masalan, Bibixonim masjidi, Shohi Zinda, Ahmad Yassaviy maqbarasi va Zangiota majmualari Amir Temur tomonidan qurdirilgan.
Samarqanddagi qurilishlar toʻgʻrisida gap ketganda, shahar atrofi Ohanin, Shayxzoda, Chorsu, Korizgoh, Soʻzangaron va Feruza kabi nomlar bilan yuritiluvchi oltita darvozali mustahkam yangi qalʼa devor bilan oʻrab chiqiladi. Shahar arkida Temurning qarorgohi Koʻksaroy, Tuman ogʻa masjidi va maqbarasi, Amir Temur jome masjidi, Oʻljaoyim xonaqohi, Amir Temur va Temuriylar maqbarasi (Goʻri Amir) kabi obidalar bino qilingan.
Temuriylar davrida madrasalarda ilohiyot bilan bir qatorda, dunyoviy fanlar: qonunshunoslik (fiqh), mantiq, matematika (riyoziyot), geometriya (handasa), falakiyot (ilmi hayʼat), tibbiyot, sheʼriyat (ilmi aruz), arab tili va boshqa fanlar ham oʻqitilgan.
Temuriylar silsilasida muhim oʻrin tutgan Mirzo Ulugʻbek mamlakatning siyosiy va iqtisodiy hayotini boshqarish bilan bir qatorda, ilmiy ishlar bilan ham shugʻullanadi, olimlarning munozaralarida faol qatnashadi. Ulugʻbek Movarounnahr shaharlarini, xususan, Samarqand va Buxoroni ilmu maʼrifat dargohiga aylantirishga intiladi. Uning farmoni bilan 1417 yil Buxoroda, 1417–1420 yillarda Samarqandda va 1433 yilda Gʻijduvonda madrasalar qad koʻtaradi.
Astronomiya va matematika sohasida erishilgan buyuk muvaffaqiyatlar Temuriylar davlatiga katta shuhrat keltirdiki, bu shuhrat, birinchi navbatda, Ulugʻbek nomi bilan bogʻliqdir. Mirzo Ulugʻbek oʻz zamonasining yetuk olimlari: Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi va Gʻiyosiddin Jamshidlar bilan birga faoliyat yuritgan.
Mirzo Ulugʻbekning ustozi boʻlgan Qozizoda Rumiy madrasada dars berishdan tashqari, ilmiy ish bilan ham shugʻullangan, rasadxonada kuzatishlar olib borgan. U astronomiya va matematika boʻyicha bir qancha mashhur asarlar yaratdi. «Sharh ashkol at-taʼsis» asarida Rumiy samarqandlik olim Shamsiddin ibn Muhammad as-Samarqandiyning geometrik risolasiga izohlar bitgan. Ikkinchi mashhur asari «Sharh al-mulaxxas fi-l-xayali-l-nujum» xorazmlik olim Mahmud ibn Umar al-Chagʻminiy risolasiga yozilgan sharhdir. Qozizoda shu asar asosida Ulugʻbek madrasasida astronomiyadan dars bergan.
Ulugʻbekning zamondoshlaridan yana biri Jamshid al-Koshiydir. Koshiy matematika sohasida ancha salmoqli va ilmiy jihatdan qimmatli yutuqlarga erishdi. Uning risolalaridan «Miftoh al-hisob» va «Risola al-muhitiyya» ham Ulugʻbek kutubxonasi uchun yozilgan.
Ulugʻbek «Zij»i muqaddimasida tilga olgan Samarqandning uchinchi yirik olimi – Alovuddin Ali ibn Muhammad Qushchidir. Ulugʻbek u haqda katta mehr va samimiyat bilan gapirib, Ali Qushchi saroy qushchisining oʻgʻli boʻlishiga qaramay, uni «sadoqatli farzandim» deb ataydi. Ali Qushchi Ulugʻbekning tirishqoq va sodiq shogirdi edi. Ali Qushchi Sharq va Gʻarb fanlarini bir-biri bilan bogʻladi.
Shunday qilib, Temuriylar davri ilm-fani va madaniyati taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan Mirzo Ulugʻbekdan kelgusi avlodlarga «Risolai Ulugʻbek», «Tarixi arbaʼ ulus» «Ziji Ulugʻbek», «Ziji Sultoniy», «Ziji jadidi Koʻragoniy» asarlari meros qolgan.
Amir Temur davlatining maʼnaviy hayotida qoʻlyozma va nafis kitob sanʼati alohida ahamiyat kasb etgan. Papirus, pergament va qogʻoz qoʻlyozma kitob uchun asosiy ashyo hisoblangan. Xususan, qoʻy, echki, buzoq va ohu terisidan tayyorlangan pergament qadim zamonlardan buyon keng qoʻllanib kelingan.
Qadimgi Sharq sivilizatsiyasining vorislari boʻlmish Amir Temur va Temuriylar davri Markaziy Osiyo xalqlari qoʻlyozma sanʼatini rivojlantirishda ajdodlar tajribasidan foydalanishgan, uni sezilarli darajada boyitishgan. Qoʻlyozma kitob xattot, naqqosh, muzahhib, rassom va sahhof singari qator ustalar ijodining uygʻunligidir. Kitobda koʻk, qizil, yashil, tilla rang koʻproq ishlatilgan. Unvon (titul) choʻziq, yarim yumaloq, toʻgʻri burchakli qubba shaklida bajarilardi.
Sulton Ali Mashhadiy, Mir Ali Tabriziy, Mir Ali Hiraviy, Mir Imoda va boshqalarning goʻzal fragmentlari naqshchi-rassomlar tomonidan dabdabali bezatilib, ular ayrim ajoyib miniatyuralarga qaraganda ancha qimmat turadi. «Xattotlar shohi» Sulton Ali Mashhadiy, Hirot miniatyura maktabining asoschisi Kamoliddin Behzod va kitob naqsh ustasi mashhur naqqosh Mavlono Yoriy badiiy qoʻlyozma durdonalarini yaratish ustida ishlagan yuzlab ustalarga ustozlik qilishgan.
Alisher Navoiy «Xamsa»sining Sankt-Peterburgda saqlanayotgan, 1492–1493 yillarda qayta koʻchirilgan mashhur nusxasi Temuriylar davrining miniatyuralarsiz bezatilgan badiiy qoʻlyozmalari durdonalari sirasiga kiradi.
Qadimiy qoʻlyozmalarning muqova namunalari kam saqlanib qolgan. «Xamsa» qoʻlyozmasi bizgacha oʻzining eng birinchi muqovasida yetib kelgan boʻlib, uni Sulton Ali Marviy ishlagan.
Musiqa madaniyati. Amir Temur va Temuriylar davrini, mubolagʻasiz, nafaqat oʻzbek xalqi, balki butun Yaqin va Oʻrta Sharq xalqlarining musiqa sanʼati jadal ravnaq topgan, kamolot choʻqqisiga erishgan, chinakam Uygʻonish davri boʻlgan, deyishimiz mumkin.
Temuriylar sulolasi hukmronligi davrida xonanda va sozandalar rasmiy-diplomatik, harbiy va boshqa tantanalarning doimiy qatnashchilariga aylangan. Xalq tomoshalari, ommaviy bayramlar ularsiz oʻtmas edi. Bu esa, oʻz navbatida, musiqaning boshqa sanʼatlar qatoridan muhim oʻrin egallashini taʼminladi.
Manbalarda keltirilishicha, oʻzbek xalq musiqasi qatori harbiy-rasmiy musiqa turlari, mumtoz maqom sanʼati, mintaqaning boshqa turkiy hamda arabzabon, forsiyzabon xalqlarining musiqaviy folklari rivoj topdi. Eng muhimi, musiqiy anjomlar jasorat va mardlik timsollariga aylandi.
Temuriylar davriga xos boʻlgan maʼnaviy koʻtarinkilik musiqa sanʼatining deyarli barcha jabhalari uchun keng imkoniyat yaratdi: sozandalik va xonandalik, musiqa taʼlimi, bastakorlik ijodi, musiqa ilmi kamol topdi. Asrlar qaʼrida shakllangan anʼanaviy «ustoz–shogird» taʼlim tizimi keng quloch yozdi.
Musiqa ustozini hammadan ustun qoʻyib, «ustozlar ustozi», deb ulugʻlagan Alisher Navoiyning oʻzi ham musiqiy ilmga ega boʻlib, bu borada muayyan asarlar yaratgani maʼlum. Uning ustozi Xoja Yusuf Burhon oʻz davrining yirik musiqashunosi va bastakori edi. Bastakorlardan Abdulla Marvarid, Hofiz Sharbatiy, Pahlavon Muhammad, xonandalardan Mavlono Ayniy, Hofiz Qozoq, sozandalardan Hoja Kamoliddin Udiy, Ali Karmal, Hoja Abdulloh Sadr, musiqiy risolalar mualliflari Jomiy, Binoiy, Mavlono Salimiy, Mavlono Riyoziylar Alisher Navoiyning yaqin doʻstlari boʻlishgan. Bundan tashqari, Temuriylar davrida bastakor va xonandalardan Abduqodir Nayiy, Qulmuhammad Shayxiy, Husayn Udiy, Shohquli Gʻijjakiy, Qosim Rabboniylar ham samarali ijod qilishdi. Temuriylar davrida Shashmaqom, Dugoh, Segoh, Chorgoh, Panjgoh, Royi Iroq, Buzruk maqomlari yaratildi.
Amir Temur faoliyati, xususan, uning boy shaxsiyatini badiiy adabiyotsiz tasavvur etib boʻlmaydi. Amir Temurning davlat siyosati tufayli turkiy tilda ham badiiy adabiyot keng rivojlana boshladi. Temuriylar davrida forsiy sheʼriyatda jahonga mashhur Hofiz Sheroziy, Kamol Xoʻjandiy, Salmon Sovajiy; turkiy sheʼriyatda Sayyid Nasimiy, Sayfi Saroyi, Lutfiy, Durbek, Shoh Mirzo Gʻolib kabilar yashab ijod etgan. Fors-tojik adabiyotining ulugʻ namoyandasi Abdurahmon Jomiy bilan hamkorlikda Alisher Navoiy Hirot va boshqa shaharlarda maʼnaviyat taraqqiyotiga oʻz hissasini qoʻshdi. Alisher Navoiyning «Xamsa», «Chor devon», «Xazoyin ul-maoniy», «Majolis un-nafois», «Mahbub ul-qulub» singari juda koʻplab asarlari adabiyotimizning oʻlmas durdonalaridir.
Zahiriddin Muhammad Boburning memuar asari «Boburnoma» esa butun Sharq dunyosining yirik geografik, tarixiy, badiiy durdonasi hisoblanadi.
Bu davrda oʻzbek adabiyoti, ayniqsa, Navoiy ijodi misolida adabiy janrlar rang-barangligi nuqtai nazaridan ham, gʻoyaviy-badiiy kamolot jihatidan ham yuksak choʻqqiga koʻtarildi. Oʻzbek adabiy tili shakllandi. Oʻzbek nazmi va nasrida oʻziga xos xuroson uslubi paydo boʻldi. Bu adabiy uslubning xususiyatlaridan biri adabiy va ilmiy asarlarda fikr ifodasida forsiy va arabiy soʻz hamda iboralardan, atamalardan, forsiy tilga xos jumla tuzilishi qoidalaridan keng foydalanishdir.
Xulosa oʻrnida aytish kerakki, Amir Temur va Temuriylar davri madaniyati Sharq xalqlari hayotidagi Ikkinchi uygʻonish davridir. Bu davrlarda ilm-fan, sanʼat, adabiyot, xattotlik, amaliy sanʼat yuksak darajada rivoj topdi va boshqa davlatlar madaniyatiga ham katta hissa qoʻshdi.
Husniddin TOSHKENBOYEV,
Temuriylar tarixi davlat muzeyi xodimi.
