Arxeolog va tarixchilar «Voha devori», deb nom bergan Kanpirak devori nafaqat alohida joylashgan bir turkum shahar va qishloqlar mudofaasi uchun, balki ulkan madaniy hudud, butun bir voha mudofaasi maqsadlari yoʻlida xizmat qilgan. U oʻzining qurilish usullari bilan jahonga mashhur Buyuk Xitoy devorini eslatadi. Samarqand shahri va uning atrofini oʻrab turgan «Qiyomat devori» ham unga oʻxshash.

Narshaxiyning «Buxoro tarixi» asarida Kanpirak devori 782—831-yillarda qurilgani yozilgan. Arab tarixchisi va sayyohi Masʼudiyning yozishicha, Kanpirak devori qadimgi sugʻd podsholari zamonida bino qilingan. Oʻzbekiston tarixi fanida «Kanpir devor» atamasi Markaziy Osiyo dehqonchilik vohalarini koʻchmanchilar hujumidan himoya etish maqsadida barpo etilgan mudofaa inshootlari tizimini anglatadi. 

Masʼudiy xabar qilgan dastlabki koʻhna devorning uzunligi 336 km. boʻlgan. Qadimgi sugʻd vohasini oʻrab olgan ikkinchi Kanpirak devori VIII asr oxiri IX asr boshlarida barpo etilgan boʻlib, uzunligi 120 km. 

Turk hoqonligi davrida garchand hoqonlikning zodagonlar qismi choʻl-dasht hududlarida yashagan boʻlsa-da, sugʻdiy aholi va koʻchmanchilar oʻrtasida tinchlik, hamjihatlik aloqalarini oʻrnatishgan, savdo-sotiq rivojlangan. Bu davrda hozirgi Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo hududidagi 15 ga yaqin katta-kichik davlatlar hoqonlikka rasman boʻysundirilib, boj-xiroj toʻlashgan. Turk hoqonligi savdo-sotiqdan, ayniqsa, ipak savdosidan katta foyda koʻrgani uchun sugʻd savdogarlariga, hatto uzoq oʻlkalarda savdo qilish uchun sharoit yaratib berishgan. Natijada Kanpirak devori ahamiyatini yoʻqotib, xarobaga aylangan. VII asr oxirgi choragi va VIII asr boshlarida Turon hududida aholini islomlashtirish boshlandi. Islomni qabul qilgan aholi bilan choʻl-dasht hududidagi islomni qabul qilmagan aholi oʻrtasida qarama-qarshilik kuchayganidan Kanpirak devoriga yana ehtiyoj paydo boʻladi va u qayta tiklanadi. 

Arab xalifaligidan mustaqil faoliyat koʻrsatgan Somoniylar davlatiga 874-yilda Ismoil Somoniy asos soladi. Oʻzining qudrati, maʼnaviy-maʼrifiy hayotdagi oʻrni bilan mashhur boʻlgan bu hukmdor «To men tirik ekanman, Buxoroning devori men boʻlaman», deydi. Kanpirak devoriga ehtiyoj ham qolmaydi. U tamoman xarobaga aylanadi. 

Ayni vaqtda Kanpirak devori qoldiqlari Qiziltepa va Karmana tumanlarida yaxshi saqlanib qolgan. Va aytish joizki, u Navoiy viloyatining 7 moʻjizasi qatoridan joy olgan.

Mahliyo Xolova 

tayyorladi.