Kitob inson uchun eng yaqin hamroh, sadoqatli doʻst va bebaho maʼnaviy boylik hisoblanadi. Kishining maʼnaviy dunyosini kitobxonlik darajasiga qarab ham aniqlash mumkin. Shuning uchun bugungi kunda yurtimizda aholining kitobxonlik madaniyatini oshirishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Ayniqsa, doimo odamlar koʻz oʻngida boʻladigan, xalq bilan birga ishlaydigan ichki ishlar organlari xodimlarining maʼnaviyatini yuksaltirish, ularni Vatanga va xalqqa sadoqat ruhida tarbiyalashda kitobning oʻrni beqiyos. 

Men badiiy asarlar oʻqishni sevaman. Ayniqsa, Fyodor Dostoevskiyning «Jinoyat va jazo» romanini qayta-qayta mutolaa qilib turaman. Ushbu asar badiiy-gʻoyaviy, ifodaviy jihatdan oʻziga xosligi bilan ajralib turadi. Roman 

1866-yilda yozilgan boʻlsa-da, unda koʻtarilgan muammolar bugungi kunda ham oʻz dolzarbligini yoʻqotgan emas. Romanda yoritib berilgan ijtimoiy masalalar kitobxonni butunlay oʻziga rom qiladi. Har gal asarni oʻqiganimda, uning qaysidir yangi jihatini kashf etaman. 

Asarda huquqshunoslik fakulʼtetining sobiq talabasi Rodion Raskolnikovning goʻyoki hech kimga foydasi tegmaydigan, jirkanch odamlarni jamiyatdan yoʻqotish orqali insoniyatning turmush darajasini yaxshilash toʻgʻrisidagi oʻy-xayollari ortidan mudhish jinoyatga qoʻl urganligi qiziqarli syujet orqali koʻrsatib berilgan. Uning nazdida, jamiyat rivoji uchun oʻz hissasini qoʻshmoqchi boʻlgan oʻzi kabi ziyrak va ilmga chanqoq talabalar amal-taqal qilib kun kechirayotgan bir vaqtda, sudxoʻr kampir Alyona Ivanovna odamlarning chorasizligidan foydalanib, boylik ketidan boylik topayotgani adolatsizlik boʻlib koʻrinadi. Bu adolatsizlikka chek qoʻyish – kampirni oʻldirish rejasini tuzib, bir necha bor oʻz fikridan qaytadi. Biroq oxiri vijdoni chegarasidan chiqishga jazm etib, qotillikka qoʻl uradi. 

Men har safar Raskolʼnikovning ziyrak tergovchi Porfiriy Petrovich bilan boʻlgan suhbatlarini sinchiklab, diqqat bilan oʻqiyman. Tergovchi sobiq talaba yigitning sodir etgan jinoyatini uning oʻzi yozgan maqolasi asosida isbotlab beradi. Bu ayni paytda yozuvchining ham yuqori darajadagi mahorat egasi ekanligidan dalolat beradi.

Asar yakunida yozuvchi bosh qahramon hayoti orqali hech bir oliy maqsad inson hayotidan ustun emasligi, hech bir jinoyat jazosiz qolmasligini koʻrsatib bergan. Men jahon adabiyoti durdonasi boʻlgan «Jinoyat va jazo» romanini nafaqat kasbdoshlarimga, balki barcha kitobxonlarga oʻqishni tavsiya qilaman. Yana shuni ham aytib oʻtishim kerakki, mazkur asar mening hayotimda ham, kasbiy faoliyatimda ham koʻp bora qoʻl kelgan. 

Shohrux ABDUSALOMOV,

Navoiy viloyati IIB huzuridagi 

Tergov boshqarmasi katta tergovchisi, kapitan.