Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
Hayotimizga internet kirib kelishi, taraqqiyotning jadallashuvi oldimizga avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan bebaho anʼana va qadriyatlarimizni asrab qolish vazifasini qoʻymoqda. Mamlakatimizda bugungi kunning eng dolzarb masalalarini hal etish borasida maqsadli qadamlar tashlanmoqda. Galdagi vazifa esa ularning ijrosi, amaliyotga tatbiq etilishidir.
Kino sanʼatining yoshlar tarbiyasiga taʼsiri haqida soʻz borarkan, koʻpchilikning tili uchida turgan gaplarni aytishga burchlimiz. Taʼkidlash joizki, milliy kino sanʼatimizning eng katta auditoriyasini yoshlar tashkil etadi. Kelajagimiz egalarining maʼnaviyatini
oshirishga, tarixiy qahramonlik, millatimizga xos boʻlgan milliy jasorat, vatanparvarlik, yurtga sadoqat mavzularida kinofilmlar yaratishga katta ehtiyoj paydo boʻlgan. Sababi bugungi davr yoshlari tarbiyasida boʻshliqlar bor, ular ongini, qalbini «ommaviy madaniyat» egallashga ulgurdi. Ijtimoiy tarmoqlardagi kanallarda qisqa metrajli, sayoz vaynlar koʻruvining ortib borayotgani esa yana tashvishlanarlidir.
«Tik-tok», «Instagram», «Twitter» ijtimoiy tarmoq sahifalariga kirgan odamga, ayniqsa, bu yaqqol seziladi. Aslida virtual tarmoq millat yoshlarining oʻzligini namoyon etishi uchun cheksiz maydon hisoblanadi. Lekin undagi maʼnisizlik, tarbiyasizlikdan koʻnglingiz ozadi, yengil-yelpi qoʻshiqlar, roliklarni koʻrishga ishtiyoqmandlar koʻp. Bu imkoniyatdan unumli foydalanayotganlar ham bor, lekin ular ozchilikni tashkil etadi.
Yoshlar qalbida milliy gʻururni uygʻotish, oʻz ajdodlaridan faxrlanish, tariximizni chuqur oʻrganishga boʻlgan qiziqishni paydo qilish kinoijodkorlarimiz oldida turgan muhim vazifalardan biridir.
Afsuski, kinolarimiz va seriallarimizda maishiy mavzular, qaynona-kelin, er-xotin mojarolari yetakchilik qilyapti. Gʻarb kinoseriallari taʼsiridanmi, sahnadagi hayot shaxsiy hayotimizga kirib kelayotgandek. Axir, bugun dasturxon atrofida televizor orqali koʻrsatilayotgan oilali erkak yoki ayolning xiyonati, ikkinchi xotinning iztiroblarini jimgina koʻryapmiz. «Iqror», «Qil ustidagi taqdirlar», «Tugun», «Meni asra», «Qora beva», «Bagʻritosh», «Koʻngil», «Yigʻlagan qizlar», «Parixona», «Daydi qizning daftari» kabi koʻplab seriallarimiz tomoshabinlar qalbini zabt etgan boʻlsa-da, afsuski, ular haqida ijobiy fikr aytib boʻlmaydi.
Har bir davrda kattalar va yoshlarning axloq-odob mezonlari oʻrtasida tafovut boʻlgan. Yoshlar tarbiyasi buzilib ketayotgani, ular milliy qadriyatlarimizga eskilik sarqiti sifatida qarayotgani, chiroyli kiyinish, qimmatbaho ulovlar minish, yengil-yelpi hayotga intilayotgani haqidagi gaplar tez-tez quloqqa chalinadi. Shuncha gaplar gapirilavergani bilan amaliy ishlar qilinmasa, barcha urinishlarimiz befoyda boʻlib qolaveradi. Lekin bugun yoshlarimizning tarbiyasi masalasi har qachongidan-da muhim ahamiyat kasb etayotganini anglashimiz kerak.
Koreys kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan «Jumong», «Saroy javohiri» kabi tarixiy kinolari oʻzbek tomoshabinlari qalbini zabt etdi. Hatto yoshlar oʻrtasida kinoaktyorlarga taqlid qilib kiyinish, ulardek bir soʻzli, qatʼiyatli boʻlishga intilish kuzatildi.
Aynan bugungi kunga kelib millatimiz tarixida butun dunyo tan olgan buyuk shaxslar haqida seriallar yaratishga katta ehtiyoj sezilib qoldi. Jaloliddin Manguberdi jasorati, sohibqiron Amir Temur bobomizning sarkardalik va davlat boshqaruvidagi mohirligi, Spitamen, Shiroq, Temur Malik kabi tarixiy qahramonlarning mardligi, ilmi, maʼnaviy salohiyati butun dunyoda oʻrganilayotgan allomalarimiz – imom Buxoriy, Moturudiy, Zamaxshariy, Navoiy, Avloniy, Fitrat va boshqa yana yuzlab tarixiy shaxslar haqida kinoasarlar olinishiga saʼy-harakatlar boshlandi.
Davlatimiz rahbari boshchiligida 2023-yilning 22-dekabr kuni maʼnaviyat va madaniyat faollari, adabiyot va sanʼat namoyandalari ishtirokida oʻtkazilgan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yigʻilishida ilm-fan, taʼlim va tarbiya, maʼnaviyat ustuvor masala ekani, ijtimoiy sohani rivojlantirish uchun eng koʻp – 134 trillion soʻm mablagʻ ajratilgani taʼkidlandi. Madaniyat va sanʼat sohasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash hajmi 2017-yilga nisbatan 5 karra oshib, 2023-yilda bu maqsadlar uchun 712 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltirilgani aytildi.
Eʼtirof etish kerakki, kino sanʼatida ham yangi asarlar paydo boʻlyapti. Buyuk sarkardalar, ulugʻ allomalar haqida tarixiy filmlar yaratildi. Qariyb chorak asrdan keyin Toshkent xalqaro kinofestivali qayta tiklandi.
Prezidentimiz taʼkidlaganidek, «Tarixdan maʼlum: Vatan va xalq taqdiriga nisbatan tahdidlar kuchaygan vaziyatda aynan millat fidoyilari – uygʻoq qalbli ziyolilar, shoir va adiblar, sanʼat namoyandalari, maʼnaviyat va maʼrifat sohasi xodimlari jasorat bilan maydonga chiqqanlar. Mamlakatimiz oʻz taraqqiyotining yangi, yuksak bosqichiga kirayotgan hozirgi paytda bizga jadid bobolarimiz kabi gʻarb ilm-fan yutuqlari bilan birga, milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlar suv bilan havodek zarur».
Shu maqsadda maʼrifatparvar bobolar gʻoyalarini oʻrganish va rivojlantirish boʻyicha Prezident qarori qabul qilinishi belgilandi. «Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari toʻgʻrisida»gi qonun qabul qilingani esa soha rivojida muhim ahamiyatga ega boʻldi.
Shuningdek, kino sohasida «Tirik tarix» seriyasida Vatanimizning shonli oʻtmishiga bagʻishlangan filmlar yaratish dasturi ishlab chiqilishi, ushbu loyihaga xorijiy ijodkorlar, kino kompaniyalari hamda investorlar jalb etilishi ham sohani rivojlantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, bolalar uchun buyuk ajdodlarimizning ibratli hayot yoʻli haqida koʻp qismli animatsion filmlar yaratiladi.
Millat yoshlarini sogʻlom fikrli etib tarbiyalash, maʼnaviyat masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarilib, bu borada manzilli chora-tadbirlar rejasini amalga oshirish arafasida turibmiz. Uni amaliyotga tatbiq etishda esa har birimiz befarq boʻlmasligimiz, ezgu maqsadlarning ishtirokchisiga aylanishimiz zarur.
Gulchehra BUVAMIRZAYEVA.
