Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
Kitob zamonlar dengizida sayohat qilayotgan va oʻzining qimmatbaho yukini avlodlardan-avlodlarga tashiyotgan hikmat kemasidir. Kitobni bejiz oftobga qiyoslamaydilar. Negaki, quyosh butun olamni oʻz nurlari bilan yoritganidek, kitob ham ilm va maʼrifat ziyolari bilan inson qalbini munavvar etadi. Sababi, jamiki yaxshi fazilatlar inson ongiga kitoblar orqali singdiriladi.
Eng muhimi, kitob kishining qaygʻuli kunlarida, yolgʻiz qolgan damlarida, baxtli va masrur onlarida, yaʼni har bir qadamida, hatto kundalik turmushida ham maslahatchi, sadoqatli hamroh va eng yaqin doʻstdir. Buni ulugʻ alloma ajdodimiz Shayx Najmiddin Kubroning quyidagi soʻzlari bilan ham tasdiqlashimiz mumkin: «Kitob — sahroda doʻst, hayot yoʻllarida tayanch, yolgʻizlik damlarida yoʻldosh, baxtiyor daqiqalarda rahbar, qaygʻuli damlarda madadkor, odamlar orasida zeb-u ziynat, dushmanlarga qarshi kurashda quroldir».
Bilamizki, jamiyat taraqqiyotida ijtimoiy barqarorlik, millat maʼnaviy salomatligi, iqtisodiy yuksalishni taʼminlash ustuvor yoʻnalishlardan hisoblanadi. Taassufki, bugungi kunda aksar bolalarimizning kitob oʻqimay qoʻyganligi achinarli holdir. Kitob bilan dillashishdan yiroq yoshlar maʼnaviy olami sayoz, nutqida tarqoqliklar ildiz otgan, koʻngildagi kechinmalarda tuygʻusi yoʻq boʻlib ulgʻayishi mumkinligi barchani birdek oʻylashga majbur qilmogʻi zarur.
Bunda jamiyat bilan bir qatorda, oilaviy muhitning roli nihoyatda katta. Ozarbayjonliklarning «Kitobi Dada Qoʻrqut» dostonida onaga aytiladi: «Ey, ona. Sen hadeb qizingga unday qilma, bunday qil, bunday qilma, unday qil deyavermasdan, oʻzing oʻsha ishni qilgin. Qizing koʻrsagina sendan oʻrganadi. Aks holda, nasihatlaring besamar ketaveradi». Bundan kelib chiqadiki, oilada ota-ona kitob oʻqisa, ana oʻshaning taʼsiridagina yosh kitobxon paydo boʻladi.
«Bolaga kitob sovgʻa qilish kerak» degan gapning zamirida ham hikmat koʻp. Shunday qilaylikki, bola quvonchini kitobdan topsin, kitoblar oilada ham bolalarimizga bilim beruvchi, tarbiyalovchi kuchga aylansin. Natijada ularni oʻzi «oʻch» boʻlgan «foydasiz qiziqishlar»dan yiroqlashtirishga erishamiz, kitobdan maʼnaviy ozuqa olishni risoladagidek yoʻlga qoʻya olamiz. Mutolaa orqali maʼnaviy boylikka ega boʻlgan kitobsevar bolaning dunyoqarashida mukammallik seziladi. Shu bilan birga, koʻnglida yomonliklarga oʻrin qolmaydi.
Dunyodagi har qaysi davlat, har qaysi xalq, birinchi navbatda, oʻzining intellektual salohiyati, yuksak maʼnaviyati bilan qudratlidir. Bunday yengilmas kuch manbai esa insoniyat tafakkurining buyuk kashfiyoti – kitob va kutubxonalarda. Mutafakkirlardan biri «Agar uyingizda kitob uchun javon boʻlmasa, siz bilan suhbatlashish befoyda…» deganida ham kitobning yengilmas kuch manbai ekaniga ishora qilgan boʻlsa, ne ajab.
Mamlakatimizda kitob va kitobxonlikni rivojlantirish maqsadida. Prezidentimizning qator farmon va qarorlari qabul qilingan. Vazirlar Mahkamasining qarori bilan esa 2020–2025-yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash milliy dasturi tasdiqlangan.
Bugungi kunda yurtimizdagi koʻplab axborot-kutubxona markazlari ilmiy-maʼrifiy va badiiy adabiyotlarning elektron shakllarini, oʻzbek mumtoz va zamonaviy adabiyoti hamda jahon adabiyoti namunalarining audio, video variantlarini yaratib, muntazam ravishda internet manbalariga joylashtirib bormoqda. Bu, oʻz navbatida, hamyurtlarimizning kitob oʻqishi va mutolaa madaniyatini oshirishi uchun mustahkam zamin yaratdi.
Aytish joizki, bugungi kunda ichki ishlar organlari xodimlari oʻrtasida kitob mutolaasi va kitobxonlikni yanada ommalashtirish maqsadida qator ibratli ishlar qilinmoqda.
Xususan, ichki ishlar organlarining 26 ming nafardan ortiq xodimlari shaxsiy kutubxonalarga ega. Vazirlik va uning hududiy boʻlinmalaridagi mavjud kutubxonalarda umumiy kitoblar fondi 850 mingga yaqin. Ularning 550 mingdan ziyodi badiiy, 38 mingdan ziyodi publitsistik, 47 mingdan oshigʻi ilmiy-ommabop, 133 mingga yaqini oʻquv, 56 mingga yaqini maʼnaviy-maʼrifiy yoʻnalishdagi adabiyotlar.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-yanvardagi «Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yoʻnaltirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarori bilan ichki ishlar organlari xodimlarini vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular oʻrtasida kitobxonlikni ommalashtirish orqali maʼnaviy dunyoqarashini yuksaltirish maqsadida 2023-yilda tuman (shahar) tarmoq ichki ishlar organlari hamda saf boʻlinmalarida kutubxonalar tashkil etilib, shaxsiy tarkib sonidan kelib chiqqan holda (har bir xodimga kamida 10 ta kitob), axborot-kutubxona fondini shakllantirish belgilangan.
Mazkur qarorga asosan, 2023-yilning oʻzida 139 ta tuman-shahar tarmoq ichki ishlar organlarida zamonaviy yangi kutubxonalar tashkil etilib, 180 mingga yaqin adabiyot bilan toʻldirildi. Hozirgi kunda 68 ta tuman-shahar tarmoq ichki ishlar organlarida yangi kutubxonalar tashkil etilishi boʻyicha qurilish va taʼmirlash ishlari olib borilmoqda.
IIVning 2021-yil 21-oktabrdagi «Ichki ishlar organlari maʼnaviy-maʼrifiy ishlar xizmati faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi buyrugʻi bilan ichki ishlar organlari xodimlari oʻqishi uchun tavsiya etiladigan 39 turdagi adabiyotlar roʻyxati tasdiqlanib, xodimlarning kitob mutolaasi boʻyicha qatʼiy soʻrovlar qoʻyilgan, shuningdek, 2023-yilning oʻzida yana qoʻshimcha 10 turdagi adabiyotlar roʻyxatga kiritildi. Unga asosan, xodimlar xizmat faoliyati davomida oʻqishi kerak boʻlgan 49 turdagi adabiyotlarning barchasi vazirlik kutubxonalariga sotib olingan. Ushbu adabiyotlarni keng targʻib qilish maqsadida ichki ishlar vazirligining rasmiy veb-saytlarida kitoblarning elektron va audio formatlari joylashtirib borilmoqda.
Bir soʻz bilan aytganda, ichki ishlar organlarida kitobxonlik madaniyatini shakllantirish, xodimlarning huquqiy va maʼrifiy bilimlarini oshirish davr talabi hisoblanadi. Zero, kitob – beminnat ustoz, hayotni oʻrgatuvchi murabbiydir.
Abror POYONOV,
oʻz muxbirimiz.
