Mutaxassislarning qayd etishicha, mutolaa asabni tinchlantiradi, miya faoliyatini yaxshilaydi, tushkunlikka qarshi kurashishga yordam beradi, tinglash, ijodkorlik va fikrlash qobiliyatlarini yuksaltiradi. Muhimi, maqsadni anglashga, qiyinchiliklarni yengishga yordam beradi, insonni goʻzallashtiradi, uni yaxshilik qilishga undaydi. Hatto birga kitob oʻqish ota-ona va bolalarning oʻzaro munosabatini mustahkamlaydi.
Yuqorida qayd etganimizdek, mutolaa kishini fikrlashga, tafakkur qilishga undaydi. Zero, jahon adabiyotining buyuk namoyandasi, Nobel mukofoti sovrindori Hermann Hesse «Biz oʻzimizni va turmushimizni unutish uchun emas, balki hayot jilovini yanada ongliroq ravishda anglash uchun oʻqishimiz kerak», deya bejiz taʼkidlamagan. Sharq donishmandlaridan biri esa «Fikr senga yaxshi va yomon amallaringni koʻrsatib turadigan koʻzgudir», degan.
Fikr va tafakkursiz hech bir inson oldinga siljimaydi. Shuning uchun yurtimizda kitob oʻqishni targʻib qilish, aholining kitobxonlik madaniyatini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining 2017-yil 13-sentabrdagi «Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻib qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi hamda 2019-yil 7-iyundagi «Oʻzbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati koʻrsatishni yanada takomillashtirish toʻgʻrisida»gi qarorlari mazkur sohani tamomila yangi rivojlanish bosqichiga oʻtishiga huquqiy zamin boʻldi.
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-dekabrdagi qarori bilan 2020–2025-yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash milliy dasturi qabul qilindi. Dasturni amalga oshirishning ustuvor yoʻnalishlari sifatida quyidagi:
– aholi, avvalo, yoshlarning maʼnaviy-maʼrifiy, badiiy-estetik talablariga javob beradigan kitoblarni yuksak sifat bilan chop etish, nashriyotlar va ijodkorlar faoliyatiga koʻmaklashish, bolalarga moʻljallangan adabiyotlarni chop etishni qoʻllab-quvvatlash;
– milliy va jahon adabiyotining eng sara namunalarini tarjima
qilish, mutolaa madaniyatini yuksaltirish, respublikaning olis hududlarida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish;
– kitob savdosini tashkil etish tartiblarini soddalashtirish, yangi nashr etilgan kitoblarni yetkazish va axborot manbalarini tarqatish tizimini takomillashtirish;
– kitob yetkazib beruvchilarni zamonaviy ijtimoiy ehtiyojlarga moslashtirish, infratuzilmani yaxshilash, axborot-kutubxona markazlarini chop etiladigan bosma nashrlar va ularning elektron nusxalari bilan toʻldirib borish, elektron kitoblar yaratish, kitoblarni raqamlashtirish va elektron kataloglarni tuzish hamda tizimli ravishda yangilab borish;
– aholining kitobxonlik darajasi va kitobga qiziqishini tizimli oʻrganib borish, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan loyiha va tanlovlarni tashkil etish, kutubxonachi kadrlar salohiyatini oshirish;
– xorijiy asarlarga onlayn buyurtma berish, ularni respublika hududiga olib kelish va tarqatish tizimini hamda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish boʻyicha xalqaro hamkorlikni kengaytirish kabi qator vazifalar belgilangan.
2023-yil 28-noyabrda Prezidentimizning «Yoshlar uchun ming kitob» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi yana bir qarori imzolandi. Qarorda tilga olingan «Yoshlar uchun ming kitob» loyihasi yosh avlodning intellektual va ilmiy salohiyatini oshirishga koʻmaklashuvchi jahonda mashhur 1000 ta kitobni tanlab olib, oʻzbek tiliga tarjima qilishga qaratilgani bilan ahamiyatli, albatta. Oʻtgan vaqt mobaynida Yoshlar ishlari agentligi masʼulligida bu borada eʼtiborga molik ishlar amalga oshirilganini ham alohida taʼkidlash joiz.
Shuningdek, «Oʻzbekiston – 2030» strategiyasida asosiy maqsadlar sifatida yosh kitobsevarlar sonini besh millionga yetkazish, har yili 100 ta badiiy asar va bolalar hamda oʻsmirlar uchun 50 ta kitob yaratish, «Oʻzbek adabiyoti xazinasidan» koʻp jildlik va «Jahon bolalar adabiyoti durdonalari» 100 jildligini oʻzbek tilida nashr etish hamda qariyb 40 millionga yaqin kitob fondini raqamlashtirish belgilangani bu soha davlatimiz taraqqiyotining bosh maqsadlaridan biri ekanini yaqqol koʻrsatib turibdi.
Bundan tashqari, har yili «Besh tashabbus olimpiadasi» doirasida kitobxonlik va intellektual oʻyinlar yoʻnalishida «Yosh kitobxon oila», «Mushoira», «Yosh kitobxon», «Zakovat» intellektual oʻyini va «Ibrat chet tillari» kabi 5 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Bu loyihalar yoshlarning kitob oʻqishga boʻlgan qiziqishini oshirib, intellektual oʻyinlar orqali mantiqiy fikrlash va bilim doiralarini kengaytirishga yordam beryapti.
Mamlakatimizda yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni keng targʻib qilish maqsadida 2017-yildan buyon anʼanaviy tarzda «Yosh kitobxon» tanlovi oʻtkazib kelinayotgani barchamizga maʼlum. Oʻtgan davr ichida
238 nafar yosh kitobxon tanlovning respublika bosqichida ishtirok etdi. Tanlov gʻoliblari Prezident sovgʻasi – «Spark» va «Cobalt» avtomashinalari bilan taqdirlandi. Eʼtiborlisi, tanlovda gʻolib boʻlgan 14 nafar qizning
8 nafari davlat mukofotlariga munosib koʻrildi.
Ichki ishlar organlari tizimida ham xodimlar oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Vazirlikning tegishli buyrugʻi ijrosini taʼminlash maqsadida xodimlarning maʼnaviy-intellektual salohiyati, ong-u tafakkuri va dunyoqarashini kengaytirish, kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda kitob sotib olishiga qulaylik yaratish uchun hududiy ichki ishlar organlarida muntazam ravishda kitob yarmarkalari tashkil etilmoqda. Kitobxonlik tanlovlari, viktorina va intellektual oʻyinlar oʻtkazilmoqda.
Shuhrat ROʻZIYEV,
oʻz muxbirimiz.
