Maʼnaviyat va maʼrifat darsi

Inson tabiatan qiziquvchan boʻlib, butun umri mobaynida doimo bilmaganlarini oʻrganishga intiladi. Bu yorugʻ olamdagi har qanday savollarga va barcha qiziqishlarimizga javobni faqatgina kitobdan topa olishimiz ham uning hayotimizda naqadar ulkan ahamiyatga ega ekanini anglatadi.

Kitobga turli davrlarda turfa taʼriflar berilgan. U bilim manbai, insoniyatni jaholatdan qutqaruvchi vosita, eng yaqin doʻst va maslahatchi, tafakkur quroli, beminnat ustoz, xazina kaliti, qalb koʻzgusi singari koʻplab ijobiy sifatlar bilan tilga olinadi.

Bugun jamiyatimizda kitobxonlikni rivojlantirish, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida mutolaa madaniyatini rivojlantirishga Prezidentimiz tomonidan alohida eʼtibor berilib, bu borada koʻplab ezgu ishlar amalga oshirilmoqda. Soʻnggi yillarda mazkur yoʻnalishdagi ishlarni yanada takomillashtirish maqsadida qabul qilingan farmoyish va qarorlar asosida mamlakatimizda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan bir qator tadbirlar amalga oshirilishi bilan birga, kitobga boʻlgan munosabatning ijobiy tomonga oʻzgarishiga zamin yaratdi.

Kezi kelganda, ichki ishlar organlarida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish borasidagi ishlarga alohida toʻxtalib oʻtish lozim. Chunki ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy malakasi, huquqiy bilimlarini oshirish, ularning maʼnaviy dunyoqarashini yuksaltirish, xodimlar bilan maʼnaviy-tarbiyaviy ishlarni yanada kuchaytirish kabi vazifalarni bajarishda kitob eng yaqin koʻmakchidir.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning toʻrtinchisi aholi, ayniqsa, yoshlarning maʼnaviyatini yuksaltirish, ular oʻrtasida kitobxonlikni keng targʻib qilish boʻyicha tizimli ishlarni tashkil etishga yoʻnaltirilgan. Shundan kelib chiqib, kitobxonlikni rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 dekabrdagi «2020–2025 yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida»gi qarorini alohida aytib oʻtish lozim. Mazkur qaror ijrosini taʼminlash maqsadida «2020–2025 yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash milliy dasturi» ishlab chiqildi.

Dasturda kitobxonlik sohasidagi milliy va ilgʻor xorijiy tajriba tahlili asosida Oʻzbekistonda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlashni yangi bosqichga olib chiqish, kitob mahsulotini yaratish, chop etish, yetkazib berish, kitobxonlikni ommalashtirish, ilmiy-metodik taʼminlash, kadrlar tayyorlash, kitobxonlik infratuzilmasini boshqarish bilan bogʻliq masalalar qamrab olingan. Dasturning maqsadi kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, ijodkorlar, noshirlar va kitob tarqatuvchilar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash tizimini izchil va samarali tashkil etish orqali faol kitobxonlar safini kengaytirish, aholi, ayniqsa, yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirishdan iboratdir.

Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash milliy dasturini 2020–2021 yillarda amalga oshirish boʻyicha tuzilgan «Yoʻl xaritasi»ga koʻra, aholi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida oilaviy kitob oʻqish anʼanasini yoʻlga qoʻyish maqsadida «Eng yaxshi kitobxon oila» respublika tanlovini oʻtkazishga masʼul etib Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Yoshlar ishlari agentligi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, «Mahalla» xayriya jamoat fondi biriktirildi.

Bundan tashqari, «Yoʻl xaritasi»dan oʻrin olgan «Kitobxonlik haftaligi» doirasida tadbirlar tashkil etish, «Eng yaxshi kitobxon hudud», «Eng yaxshi kitobxon mahalla», «Eng yaxshi kitobxon taʼlim muassasasi» reytingini joriy etish, «Yosh kitobxon» respublika tanlovini oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratilgan. Shuningdek, Harbiy qism va muassasalarda xizmat qilayotgan yosh harbiy xizmatchilar oʻrtasida «Jaloliddin Manguberdi», «Alpomish», «Temur tuzuklari bilimdoni» kabi tadbirlar respublikamiz miqyosida yuqori saviyada oʻtkazib kelinyapti.

«Eng yaxshi kitobxon oila» koʻrik-tanlovi toʻgʻrisida alohida toʻxtalish lozim. Mazkur tanlov farzandlarimizga sharqona taʼlim-tarbiya asosida yondashuvning muhim jihatlarini ochib berganligi bilan ahamiyatlidir. Zero, tarbiyaning asosi oilada shakllanadi. Ota-ona kitobxon boʻlgan oilada ilmli, ziyoli oʻgʻil-qizlar kamol topadi. Respublika miqyosida oʻtkazilgan ushbu koʻrik-tanlov maʼnaviy jihatdan qanchalik foydali boʻlsa, gʻolib chiqqanlar ham moddiy tomondan munosib taqdirlanganini eʼtirof etish lozim. 

Shu oʻrinda aytish muhimki, oilalarda kitobxonlikni targʻib etishga yoʻnaltirilgan mazkur respublika koʻrik-tanlovi koʻzi ojizlar oʻrtasida ham oʻtkazildi. Bundan asosiy maqsad, koʻrish boʻyicha nogironligi boʻlgan aholi oʻrtasida kitobxonlikni, mutolaaga boʻlgan qiziqishni keng joriy etish, ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish, shuningdek, kitob oʻqish, bilim olishga boʻlgan intilishlarini ragʻbatlantirish orqali kitobxonlik madaniyatini oshirishdir.

Quvonch bilan aytish lozimki, «Eng yaxshi kitobxon oila», «Yosh kitobxon» singari yosh avlod tafakkurini charxlaydigan, ular oʻrtasida sogʻlom raqobatni vujudga keltiradigan intellektual koʻrik-tanlov ishtirokchilari safi tobora kengayib bormoqda. Tanlovning hududiy bosqichlarida millionlab yoshlarning katta ishtiyoq bilan ishtirok etayotgani buning isbotidir.

Jumladan, «Kitob markazi – Kitob dunyosi» tarmoq savdo markazlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar va Xalq taʼlimi vazirliklari hamda hamkor tashkilotlar bilan birgalikda umumtaʼlim maktablari oʻrtasida «Eng kitobxon maktab» loyihasi oʻtkazib kelinayotganini taʼkidlash lozim. Mazkur loyihada 350 dan ortiq maktab ishtirok etdi. Taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan 150 ming nafardan ziyod oʻquvchi, shuningdek, ularning ota-onalari va oʻqituvchilar uchun kitob savdo yarmarkalari, kitobxonlik bayramlari oʻtkazilgani mamlakatimizda kitobxonlik darajasi oʻsib borayotganining ifodasidir.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, kitob oʻqishning inson maʼnaviyatini boyitishga qoʻshgan hissasini hech qanday moddiy boylik bilan taqqoslab boʻlmaydi. Bilamizki, dunyo boʻylab har yili qotillik, bosqinchilik, talonchilik singari son-sanoqsiz jinoyatlar sodir etiladi. Bu jinoyatlar taʼsirida olam ahli juda katta miqdorda moddiy va maʼnaviy zarar koʻradi. Eʼtiborli tomoni, oʻsha jinoyatchilarning shaxsiyatiga nazar solinganda, ular orasida kitobga mehr qoʻygan kishilar deyarli uchramas ekan. Zero, kitob insonni yomonlikka, jinoyatga undamaydi, yovuzlikdan, zulmdan qaytaradi.

Saodat JUMANOVA,

IIV Ixtisoslashtirilgan maktab-internati katta oʻqituvchisi.