Mamlakatimizda inson huquq va erkinliklariga davlat ahamiyatiga molik masala sifatida eʼtibor qaratilmoq­da. Ayniqsa, soʻnggi besh yil mobaynida mamlakat ijtimoiy-siyosiy tuzumida yuz bergan oʻzgarishlar, vujudga kelayotgan munosabatlarni tartibga solishning yangi huquqiy asoslari yaratilib, yangi qonunlar qabul qilinmoqda va bu huquqiy islohotlar izchillik bilan davom etmoqda.

Xususan, soʻnggi yillarda mamlakatimizda davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorli­gini taʼminlash, iqtisodiyotni li­berallashtirish, ijtimoiy sohani rivojlantirish, ayniqsa, bolalar mehnati, ishsizlik va kambagʻallikni bartaraf qilish, aholini uy-joy bilan taʼminlash, shu­ningdek, koʻp yillardan buyon toʻplanib qolgan taʼlim, tibbiyot va eʼtibordan chetda qolgan boshqa sohalardagi keng qamrovli islohotlarni izchillik bilan amalga oshirishda Bosh qomusimiz muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi inson va davlatning huquqiy holatini belgilashda inson huquqlari ustuvorligi, davlat bilan fuqaroning oʻzaro siyosiy-huquqiy masʼulligi prinsiplariga asoslanuvchi tamomila yangi konsepsiyaga tayangan boʻlib, unda ilk bor inson huquqlari kategoriyasi konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab qoʻyilgan va mustaqil davlatimiz oʻzining demokratik gʻoyalarga, ijtimoiy adolat tamoyillariga amal qilishini jahon hamjamiyati tomonidan tan olingan inson huquqlari va erkinliklariga sodiq boʻlishini namoyon qilgan.

Birinchidan, inson va fuqaroning huquq, erkinlik va maj­buriyatlari tenglik hamda teng huquqlilik asosida amalga oshiriladi.

Bu prinsip Konstitutsiyada uch jihatdan taʼriflangan. Fuqarolarning qonun va sud oldida tengligi prinsipi hamda fuqarolarning huquq va erkinliklari tengligi prinsipi Konstitutsiyamizning tegishli moddalarida mustahkamlab qoʻyilgan. Mazkur prinsipning yana bir muhim jihati, erkak va xotin-qizlarning teng huquqliligi Bosh qomusimizning 46-moddasida belgilangan. Respublika xotin-qizlarining huquqiy va ijtimoiy muhofazasini kafolatlovchi hukumat darajasida bir necha qonunlar va dasturiy hujjatlar ishlab chiqildi. Xotin-qizlarning davlat boshqaruv tizimlaridagi lavozimlarda, Oliy Majlisning quyi va yuqori organlariga depu­tatlikka sayla­nish jarayonida, siyosiy partiyalar va harakatlar faoliyatida keng ishtirok etayotganligi respublikada jinslararo teng huquqlilik taʼminlanganidan dalolatdir.

Ikkinchidan, konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarning kafolatlanligi prinsipi. Asosiy qonunimiz demokratik huquq va erkinliklar davlat tomonidan muhofaza qilinishi alohida eʼtirof etilgan. 13-moddaning 2-qismida demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinishi, 19-moddada esa fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qoʻyilgan huquq va erkinliklari daxlsizligi, ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qoʻyishga hech kim haqli emasligi qonuniy mustahkamlab qoʻyilgan. Asosiy qonunimizning ikkinchi boʻlimi bevosita inson va fuqarolarning asosiy huquqlariga bagʻishlanganligi ham demokratik huquq va erkinliklarning konstitutsiyaviy kafolatlanganligining yorqin dalilidir.

Uchinchidan, muhim prinsiplardan yana biri fuqarolar­ning huquq va erkinliklari cheklanishiga yoʻl qoʻyilmasligi. Bu prinsip insonga tugʻilishidan tabiatan tegishli boʻlgan

uning ajralmas huquq va erkinliklari davlat tomonidan tan oli­nishidan kelib chiqadi. Konstitutsiyaning 43-moddasida eʼtirof etilishicha, davlat fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini taʼminlaydi. Fuqarolarning huquq va erkinliklari faqat jamiyat hamda davlat xavfsizligi nuqtayi nazaridan, aholining sihat-salomatligi, xalqning axloqi va maʼnaviyati, jamoat tartibotini saqlash maq­sadida qonunda belgi­langan darajada cheklanishi mumkin. Ammo fuqarolarning yashash huquqi, shaxsiy qadr-qimmatni muhofaza qilish huquqi, shaxsiy hayot daxlsizligi huquqi, vijdon va eʼtiqod erkinligi huquqi kabilar cheklanishi mumkin emas.

Toʻrtinchidan, fuqarolarga beri­ladigan huquq va majburiyatlar birligi prinsipi. Har bir shaxs nafaqat muayyan huquq va erkinliklar egasi, balki majburiyatlar sohibi ham hi­soblanadi. Jamiyatda huquqiy munosabatlar ishtirokchisi boʻlmish fuqaro faqat huquq va imtiyozlardan foydalanib qolmasdan, jamiyat, davlat va boshqa fuqarolar oldida muayyan majburiyatlarni ham oʻtaydi. Konstitutsiyaning 20-moddasiga koʻra, fuqarolar oʻz huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklariga putur yetkazmasliklari shart.

Maʼlumki, mamlakatimizda maʼnaviyat, maʼrifat, huquqiy ong va madaniyat masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Konstitutsiyamizning mazmuni va mohiyati, maʼnaviyat va maʼrifat masalalari, milliy istiqlol mafkurasi gʻoyalari bilan hamohangligini alohida eʼtirof etish lozim. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev lavozimga kirishish tantanali marosimiga bagʻishlangan Oliy Majlis palatalari qoʻshma majlisidagi nutqida islohotlar­ning bardavomligini taʼminlash maqsadida «Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari» konsepsiyasida «Yangi Oʻzbekiston – maʼrifatli jamiyat» gʻoyasini ilgari surdi. Chunki yangi Oʻzbekistonni rivojlantirishning muhim manbai yuksak maʼnaviyat va maʼrifat, milliy mafkuradir.

Konstitutsiya, milliy mafkura va maʼnaviyat oʻzaro chambarchas bogʻliqdir. Konstitutsiya – huquqiy tizim oʻzagi, uning boshqa barcha manbalarini

uyushtiruvchi, bahamjihat etuvchi va harakatlantiruvchi markazi boʻlsa, milliy huquqiy mafkura – uning gʻoyaviy aso­sini, tarkibiy boʻgʻinlarini mazmunan oziqlantiruvchi hamda yagona maqsad sari yoʻnaltiruvchi manbadir.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi xalqning maʼnaviy-madaniy merosi, milliy tafakkur, muqaddas islomiy qadriyatlar va koʻp asrlik davlatchilik tajribasi hamda huquqiy anʼanalarga asoslangan boʻlib, ularning boy ijobiy tajribasini oʻzida aks ettirgan. Asosiy qonuni­mizning muqaddimasidan oxirgi moddasigacha mustaqillik, demokratiya, inson huquqlari va Vatan ravnaqi gʻoyalari tarannum etilgan.

Xulosa qilib aytganda, har bir shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish, huquqiy demokratik davlat hamda fuqarolik jamiyatini shakllantirish Konstitutsiyamizning asosiy maqsadidir. Bosh qomusimiz mustaqil davlatimizning buyuk kelajak sari intilishining huquqiy poydevori hamda inson huquqlarini himoya qilish va samarali taʼminlashning huquqiy kafolatidir.

Abdugʻafur SATTOROV,

yuridik fanlar doktori.