Yangi Oʻzbekistonda soʻnggi olti yilda katta yutuqlarga erishildi. Xususan iqtisodiyot, inson huquqlari, odil sudlov, soʻz va eʼtiqod erkinligi, ijtimoiy himoya sohalaridagi yuzlab cheklovlarning olib tashlangani, naqd pul, valyuta, kredit, debitor-kreditor masalalaridagi muammolar hal qilingani, qoʻshnilarimiz bilan oramizdagi chorak asrlik «muzlar erigani» kabi salmoqli yutuqlarimizni nafaqat xalqimiz, balki butun dunyo hamjamiyati eʼtirof etmoqda. Ushbu erishilgan yutuqlar, huquq va erkinliklardan kelajak avlodlarimiz ham emin-erkin foydalanishi uchun, ular albatta, Konstitutsiyada muhrlab qoʻyilishi zarur.
Shu maʼnoda, Yangilanayotgan Konstitutsiya Oʻzbekiston jamiyatining evolyutsion rivojlanishidan kelib chiqib hayotiy zaruriyatdir, millat va xalq sifatida keyingi qadamlarimizni aniqlab olishimiz uchun oʻta ahamiyatlidir, adolatli jamiyat qurish yoʻlida qilinayotgan ulkan qadamdir. Bu Konstitutsiya taraqqiy etgan davlat – Yangi Oʻzbekistonni qurish gʻoyasi atrofida butun jamiyatimizni jipslashtirishi, unda barcha qatlam manfaatlari inobatga olinganligi, loyihani ishlab chiqishda keng jamoatchilik, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari, ekspertlik va ilmiy doiralar vakillari, ziyolilar faol ishtirok etganligi bilan muhim ahamiyat kasb etadi.
Xususan, loyiha yuzasidan fuqarolarning fikr va takliflarini qabul qilish, umumlashtirish va ularga javob qaytarish mexanizmlari joriy qilinganligi, «Meningkonstitutsiyam.uz» elektron platformasi, qisqa raqamli call-markazi, pochta aloqasi, mahallalar, xalq deputatlari mahalliy kengashlari va ijtimoiy tarmoqlar orqali fuqarolardan 220 mingdan ortiq takliflar qabul qilinib, ularning har toʻrttasidan bittasi loyihadan joy olganligi yangilanayotgan Konstitutsiya tom maʼnoda xalq Konstitutsiyasi, uning yagona manbai ham, muallifi ham xalq ekanligidan dalolatdir.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan amaldagi Konstitutsiyaga 27 ta yangi modda kiritilmoqda. Moddalar soni 128 tadan 155 taga, normalar soni 275 tadan 434 taga oshdi. Yaʼni, Asosiy qonunimizning 65 foiz matni xalqimiz takliflari asosida yangilandi. Oʻzbekiston – huquqiy davlat deb belgilanmoqda. Unda insonning huquq va erkinliklari xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalariga binoan hamda ushbu Konstitutsiyaga muvofiq eʼtirof etilishi va kafolatlanishi qayd etilmoqda.
Amaldagi Konstitutsiyamiz 65 foizga yangilanib, Oʻzbekiston «ijtimoiy davlat» degan konstitutsiyaviy tamoyil muhrlanmoqda, davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bogʻliq normalar
3 baravar oshirilmoqda.
Aholidan kelib tushgan takliflarning qariyb 20 foizi, yaʼni 18 mingtasi aynan parlamentni isloh qilish bilan bogʻliq. Shundan kelib chiqib, xalq hokimiyatchiligini kuchaytirish, xalq vakillik organi boʻlmish parlamentning rolini va oʻrnini, masʼuliyatini oshirish, uning vakolatlarini yanada kengaytirish, umuman, mamlakatimizda parlamentarizm, xalq hokimiyatchiligini yanada kuchaytirishga qaratilgan bir qator normalar loyihaga kiritilgan.
Yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasida Senatni ixchamlashtirish, senatorlar sonini amaldagi 100 nafardan 65 nafarga qisqartirish taklif etilmoqda.
Konstitutsiyada shaxsning sudlanganligi va undan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos boʻlmasligi belgilanmoqda. Ushbu qoida zarracha aybi yoʻq shaxsga nisbatan aybdor sifatida qarash kabi sarqitlardan xoli etishga qaratilgan.
Inson huquq va erkinliklari qonunlarimizning, har bir vazirlik va idora faoliyatining mazmuniga aylanishi qatʼiy talab sifatida belgilanmoqda. Davlat organlari va mansabdor shaxslar faqat va faqat fuqarolarning manfaatlarini koʻzlab faoliyat koʻrsatishi alohida norma tarzida aniq qayd etilmoqda.
Qonunlardagi noaniqliklar ham bundan buyon inson foydasiga hal boʻladi. Davlat va inson oʻrtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilikdagi noaniqliklar turli tushunmovchiliklar, inson va fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiliklari oldi olinadi. Davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qoʻllaniladigan huquqiy taʼsir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli boʻlishi kerakligi mustahkamlanmoqda.
Oʻzbekiston fuqarosi Oʻzbekistondan tashqariga chiqarib yuborilmasligi yoki boshqa davlatlarga berilmasligi belgilanmoqda. Bu esa fuqarolarimizni doimiy ravishda davlat himoyasida ekanligiga ishonchini mustahkamlashga, oʻz yurtidan chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berilishi kabi holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Davlat xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni saqlab qolishi hamda rivojlanishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilishi belgilanmoqda. Ushbu norma chet ellarda yashayotgan, ishlayotgan, taʼlim olayotgan vatandoshlarimizni Oʻzbekiston bilan doimiy aloqada boʻlishiga, tili, madaniyati, urf-odatlari va anʼanalarini saqlab qolish hamda rivojlantirishga, oʻzlarining tarixiy Vatani – Oʻzbekistonning obroʻsini yanada oshirishga oʻz hissasini qoʻshishga xizmat qiladi.
Konstitutsiyamizda ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligi, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga boʻlgan huquqlari kafolatlanmoqda. Bosh qomusda davlatning Internet tarmogʻidan foydalanishni taʼminlash uchun shart-sharoitlar yaratishi mustahkamlanmoqda.
Shu bilan birga ommaviy axborot vositalari faoliyatiga toʻsqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻlishi qayd etilmoqda. Ushbu norma jurnalistlarning erkin, turli maʼmuriy bosimlardan qoʻrqmasdan faoliyat yuritishini taʼminlaydi hamda mamlakatimizda axborot erkinligining yanada yuksalishiga, jamiyatda ochiqlik va oshkoralik, qonuniylik muhitini mustahkamlashga xizmat qiladi. Davlat va jamiyat oʻrtasidagi muloqotni mustahkamlashga, kuchli jamoatchilik nazoratini yoʻlga qoʻyishga va soʻz erkinligini taʼminlashga erishiladi.
«Inson qadri uchun» tamoyili Konstitutsiyada, qonunlarimizda va davlat idoralari faoliyatida bosh mezon boʻlishi shart. Shu bois, Konstitutsiya loyihasida insonning shaʼni va qadr-qimmati daxlsizdir hamda hech narsa ularni kamsitish uchun asos boʻlishi mumkin emasligi belgilanmoqda.
Xulosa sifatida shuni qayd etish joizki, loyihani ishlab chiqishda keng jamoatchilik, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari, ekspertlik va ilmiy doiralar vakillari, ziyolilar faol ishtirok etganligi, bir soʻz bilan aytganda, bu loyiha tom maʼnoda xalq Konstitutsiyasi boʻlayotganligidan, yaʼni
uning manbayi ham, muallifi ham xalq ekanligidan dalolatdir.
Sherzod ZULFIQOROV,
JXU professori, yuridik fanlari doktori.
Anvarjon MIRKAMILOV,
«Taraqqiyot strategiyasi» markazi boʻlim boshligʻi.
