Bu islohotlarning eʼtiborli jihati har bir insonni, ayniqsa, yoshlarni oʻzlarining imkoniyatlarini keng na­moyish etishi, ish joylariga ega boʻlishi, zamonaviy taʼlim va tarbiya olishiga shart-sharoitlar yaratishga qaratilganidadir. 

Oʻzbekiston fuqarosining mamlakat boʻylab erkin harakatlanish, turar yoki yashash joyini erkin tanlash huquqi kafolatlanmoqda. Qolaversa, endilikda har bir fuqaroning mamlakatdan toʻsiqlarsiz chiqish va qaytish huquqi qonun bilan taʼminlangan. Shuningdek, oxirgi yillardagi islohotlar natijasida Toshkent shahri va viloyatidan koʻchmas mulk sotib olmoqchi boʻlgan fuqaroning ushbu hududlarda doimiy propiskada turishi talabi bekor qilindi. Poytaxtda roʻyxatdan oʻtmasdan 

yashash muddati 15 kunga uzaytirildi. Vaqtincha yashash joyi boʻyicha roʻy­xatga olish muddati 1 yildan 5 yilgacha uzaytirilib, fuqarolarni oʻz xohishi bilan roʻyxatdan oʻtishga undaydigan mexanizmlar yaratildi. Pasport tizimini takomillashtirish orqali xorijga chiqish uchun ruxsatnoma (stiker) rasmiylashtirish tartibi bekor qilindi.

2017–2021-yillarda inson huquq va manfaatlarini himoya qilish boʻyicha muhim qadamlar tashlandi. Jumladan, mamlakat aholisi uchun uzoq yillardan bu­yon ogʻriqli masala boʻlib kelgan «propiska» tizimi tubdan isloh qilindi. Fuqarolik berish tartibi­ning soddalashtirilishi natijasida 2018–2021-yillarda 70 mingdan ortiq shaxs Oʻzbekis­ton Respublikasi fuqaroligiga qabul qilindi. Shu­ningdek, 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida koʻzda tutilgan «Propiska» tizimini yanada soddalashtirish vazifasini hal etishning oʻzi aholi­ning Kons­titutsiya va qonunlarga, davlat va islohotlarga boʻlgan ishonchini yanada oshirdi. 

Quvonarli tomoni shundaki, Oʻzbe­kis­ton Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 

20-iyun kuni Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvida: «Fuqarolar­ning mamlakat boʻylab erkin harakatlanish, turar yoki yashash joyini erkin tanlash huquqi, mamlakatdan toʻsiqlarsiz chiqish va qay­tish huquqi kafolatlanishi lozim. Bundan tashqari, shaxsiy hayot daxlsizligi va 

uning kafolatlari Kons­titutsiya darajasida mustahkam­lanishi zarur», – deb taʼkidlagan edi. Bu esa Fuqaroviy va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro paktning talablarini bajarishga xizmat qiladi. 

Mazkur qoidalar, oʻz navbatida, Oʻzbekiston Res­publikasi Prezidentining «Doimiy propiska qilish hamda turgan joyi boʻyicha hisobga olish tartibini isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida» 2020-yil 22-apreldagi farmonida oʻz aksini topgan. Eʼtiborli jihati, mazkur huquq va erkinliklarni taʼminlayotgan AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Ispaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Turkiya va boshqa bir qator davlatlarning kons­titutsiyalarida ham koʻrish mumkin. 

Bunday konstitutsiyaviy islohotlarda inson qadri, shaʼni ulugʻlanishi yangi Oʻzbekis­tonning ilk bora BMTning «Inson huquqlari boʻyicha Kengashi aʼzoligi» davrida amalga 

oshayotgani ham davlat siyosatining markazida inson manfaati turganligi­ning isboti, desak, toʻgʻri boʻladi. 

Yana bir yangilik Prezidentimizning 2022-yil 29-iyundagi qarori bilan «Ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtab boʻlgan fuqarolarning ijtimoiy moslashuviga koʻmaklashish boʻyicha «dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paketi»ni berish tartibi toʻgʻrisida»gi nizomning tasdiqlanganidir. Mazkur nizomga koʻra, ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtab boʻlgan fuqarolarning ijtimoiy moslashuviga koʻmakla­shish boʻyicha «dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paketi»ni berish tartibi belgilangan.

Aholining konstitutsion huquqlari va manfaatlari davlat siyosati darajasida konstitutsiyaviy yangi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish takliflarida ham aks etganining guvohi boʻlayapmiz. Jumladan, «inson qadri uchun» ustuvor tamoyilini tatbiq etishni yanada chuqurlashtirish fuqarola­rimiz uchun dunyoning qayerida yashamasin, mehnat qilmasin, taʼlim olmasin davlat tomonidan tinch va xavfsiz hayotini, fundamental huquq va erkinliklarini himoyalash Konstitutsiyada kafolatlanishi va mustahkamlanishi xalqning Asosiy Qonunimizga boʻlgan ishonchi va hurmatini 

oshiradi. Shu­ningdek, ijtimoiy davlatning muhim vazifasi sifatida fuqarolarga ma­lakali tibbiy xizmat koʻrsatish, sifatli taʼlimning joriy etilishi ijtimoiy himoyaning yuqori darajasidir.

Inson qadri, huquqlari va erkinliklari taʼminlanishining konstitutsion norma sifatida mustahkamlanishi Oʻzbekistonning xalqaro obroʻ-eʼtiborini oshirishi bilan birga, BMTning Inson huquqlari Kengashidagi oʻrnini ham yanada kuchaytiradi. Bu holat konstitutsiyaviy islohotlarning yangi Oʻzbekistonda demokratik muhitning yangilanishiga, amalga oshirilayotgan islohotlarga boʻlgan xalqning ishonchini mustahkamlaydi. Shuningdek, islohotlar yangi qadriyatlarning rivoj­lanishiga, davlat hokimiyati ustidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatishning bugungi kun talabiga javob beradigan shart-sharoitlarini asoslaydi.

Feruza MUHITDINOVA,

Toshkent davlat yuridik universiteti 

professori, yuridik fanlar doktori.