Bir kuni akaning eshigi taqilladi. Ostonada katta yoshli odam turardi...
– Men ustaman, ish qidirib yuribman. Balki, hovlingizda menbop yumush topilib qolar, – dedi.
– Ha, albatta. Hovlini kesib oʻtgan ariqni koʻryapsizmi? Oʻtgan haftada ukam kovlatdi, oʻzicha hovlini ajratib, yerni chegaralab qoʻydi. Bu yerda yetarlicha taxta bor, – dedi omborxonaga ishora qilib. – Hovlini butkul ajratish uchun oʻsha ariq boʻylab toʻsiq qurib bering.
Usta darhol ishga kirishdi. Taxtalarni olib chiqdi, oʻlchab kesdi, randaladi. Bu orada ohorli kiyimlarini kiyib olgan aka uyidan chiqib kelib soʻradi:
– Men bozorga ketyapman. Toʻsiq uchun yana biror narsa kerak emasmi?
– Rahmat, hamma narsa yetarli, – javob berdi usta.
Kechga yaqin shahardan qaytgan akaning jahli chiqdi. Chunki usta ariq ustiga koʻprik qurib qoʻygandi.
– Men sizga toʻsiq quring, degandim-ku! – dedi aka gʻazab bilan ustaga qarab.
Usta javob berib ulgurmasidan, uyidan chiqib koʻprikni koʻrgan uka ular tomonga yura boshladi. Shoshib koʻprikdan oʻtdi va akasini quchoqladi. Ariq qazdirgani, qoʻpol muomalasi uchun uzr soʻradi. Birpasda ikkovi suhbatga kirishib ketdi. Bu orada anjomlarini yigʻishtirib ketishga hozirlanayotgan ustaga «Shoshilmang, mehmonimiz boʻling», deb taklif qildi aka. U esa:
– Rahmat, qololmayman. Men hali juda koʻp koʻpriklar qurishim kerak, – dedi tabassum bilan va yoʻlida davom etdi...
Feruza RAHMONQULOVA
tayyorladi.
