Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
Korrupsiya hamma zamonda, har bir davlatda eng dolzarb muammolardan biri boʻlib kelgan. Hozirda ushbu illatga qarshi bizning mamlakatimizda ham jiddiy kurash olib borilyapti. Respublikamizda korrupsiyaga qarshi kurash doirasida bir qator normativ-huquqiy hujjatlar, dasturlar qabul qilingan.
Maʼlumki, shaffoflik, ochiqlik-oshkoralik mavjud joyda korrupsiyaga qoʻl urish murakkablashadi. Shuni nazarda tutgan holda, soʻz va matbuot erkinligini taʼminlashga, davlat idoralarining jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari uchun ochiq boʻlishiga, rahbarlarning kundalik faoliyatida jurnalistlar bilan yaqin muloqot va hamkorlik oʻrnatishiga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Tan olish kerakki, bu korrupsiyaning oldini olish, uni kamaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Yana bir muhim jihat sifatida soʻnggi yillarda aholiga davlat xizmatlari koʻrsatish tizimining isloh qilinganini, 200 dan ortiq turdagi davlat xizmatlari qulay, markazlashgan hamda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari orqali koʻrsatilayotganini aytish mumkin. Bu jarayonda inson omilining kamaytirilgani, shubhasiz, korrupsiyaviy holatlarni sezilarli darajada kamaytirdi.
Korrupsiyaning oldini olish, uni yoʻqotish uchun nima qilish kerak, degan savolga hamma har xil javob beradi. Kimlardir jazoni ogʻirlashtirish, uning muqarrarligini taʼminlash lozim, desa, boshqalar fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish, jamiyatda shaffoflik va ochiqlikni taʼminlash, korrupsiyaga qarshi immunitetni shakllantirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish shart, deya fikr bildiradi. Lekin bir jihatni eʼtibordan chetda qoldirmaslik kerak. Yaʼni, ishi bitishi, muammosi hal boʻlishi uchun oʻzi rozi boʻlib, kimlargadir pora berayotgan, bu porani qoʻrqmasdan olayotganlarni koʻrganlar, jamiyatning turli sohalarida uchrayotgan oldi-berdilarga guvoh boʻlganlar ongida qanday qilib korrupsiyaga qarshi kurash immunitetini shakllantirish mumkin? Yoki jazo olmasligi uchun ota oʻgʻliga yolgʻon gapirishni oʻrgatib turgan, birovning haqqi degan tushunchaga zid ravishda harom luqma yeyishda ota namuna boʻlib turgan oilada qanday qilib axloqiy tarbiya haqida gap boʻlishi mumkin?
Taʼkidlash joizki, pora olib siri fosh boʻlgan, keyin jazo sifatida aksariyat holatlarda axloq tuzatish ishlari yoki ozodlikni cheklash yo jarima bilan «qutulib» ketgan shaxs boshqa safar yana oʻrgangan hunarini davom ettirmaydi, deb kim kafolat bera oladi? Bu soʻzimizni «Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tomonidan oʻtkazilgan soʻrovnoma natijalari ham tasdiqlaydi. «Korrupsiyaga qarshi kurashishda qanday choralar eng samarali hisoblanadi?» degan soʻrovga respondentlarning deyarli 61 foizi jinoiy javobgarlik va jazo choralarini kuchaytirish kerak, deb javob bergan.
Masalaning yana bir muhim jihati – mamlakatdagi korrupsiya darajasi uning xalqaro maydondagi ham siyosiy, ham iqtisodiy nufuziga toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir koʻrsatishidir. Boshqa davlatlar bilan munosabatlar, investitsiyalarning jalb etilishi va boshqa jihatlarda ushbu mezon hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻladi. Korrupsiya rivojlangan, poraxoʻrlik avj olgan davlatga hech kim investitsiya kiritmaydi. Chunki bozor iqtisodiyoti tizimi kushandasi, davlatlar oʻrtasida hamkorlik, biznes va investitsiya rivojidagi shafqatsiz toʻsiq ham aynan korrupsiya sanaladi.
Bu illatga qarshi kurashishda ichki ishlar organlarida ham keng qamrovli islohotlar oʻtkazilmoqda. Shaxsiy tarkib oʻrtasida korrupsiyaga qarshi immunitet va murosasizlikni shakllantirish maqsadida samarali profilaktik choralar koʻrilyapti. Xodimlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyati oshirilib, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabat kuchaytirilmoqda. Shuningdek, sohada axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng qoʻllanilishi hisobidan fuqarolar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotda inson omilini kamaytirishga erishilyapti.
Korrupsiyaga qarshi kurashishda «Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida»gi qonun loyihasining ishlab chiqilgani yaxshi natija berishi mumkin. Keng jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilgan, Oliy Majlis Senati tomonidan maʼqullangan ushbu qonun kuchga kirsa, davlat boshqaruvi va mahalliy hokimiyat idoralarida mehnat qilayotgan 100 mingdan ortiq davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyati, ularning maqomi hamda huquq va majburiyatlari, shuningdek, davlat fuqarolik xizmatiga kirish hamda ushbu tizimda korrupsiya va manfaatlar toʻqnashuvi oldini olishga oid munosabatlar tartibga solinadi.
Ayni paytda mazkur qonun bilan davlat fuqarolik xizmatchisiga quyidagilar taqiqlanmoqda:
– oʻzaro yaqin qarindoshlik yoki quda-andachilikda boʻlgan shaxslar bevosita boʻysunuv va nazorati ostidagi davlat fuqarolik xizmati lavozimini egallash;
– pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatdan tashqari haq toʻlanadigan boshqa faoliyat bilan shugʻullanish;
– tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish yoki tadbirkorlik faoliyati tashkil etib, uning muassisi boʻlish;
– oʻz mavqeidan foydalanib yoki oʻz xizmat vazifasini bajarish evaziga jismoniy va yuridik shaxslardan har qanday turdagi mukofot yoki sovgʻa olish;
– chet el fuqaroligiga ega boʻlish;
– respublika hududidan tashqarida bank hisobvaraqlari ochish, koʻchmas va boshqa mol-mulkka egalik qilish.
Shuningdek, davlat xizmatchisiga oʻzining daromadi va mol-mulki toʻgʻrisida deklaratsiya topshirish, oʻz xizmat faoliyatiga tashqi taʼsirlarning oldini olish hamda oʻz vakolatidan foydalangan holda jismoniy va yuridik shaxslar faoliyatiga noqonuniy taʼsir oʻtkazmaslik majburiyatlari yuklanmoqda. Eng muhimi, korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslar davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilinmaydi.
Bu borada rivojlangan davlatlar tajribasini oʻrganish ham foydadan xoli boʻlmaydi. Ular bu darajaga qanday yetib kelgan, qanday choralar koʻrishgan?
Gruziyaning korrupsiyaga qarshi kurashish tajribasi noyob va muvaffaqiyatli boʻlib, uning koʻp jihatlari boshqa mamlakatlarda moslashtirilishi va qoʻllanilishi mumkin. Bunday deyishimizning boisi bor. Bunga korrupsiyaga qarshi kurashishda juda qattiq choralar koʻrish tufayli erishildi, deyish mumkin. Xususan, shaxs nafaqat korrupsiya huquqbuzarligi, balki pora talab qilgan yoki taklif qilayotgan shaxslar uchun ham jinoiy jazo kuchaytirildi. Bundan tashqari, mansabdor shaxs oʻz mol-mulkini qanday qilib qoʻlga kiritganligini tushuntirishi lozimligi belgilandi.
Xulosa qilib aytganda, korrupsiya – taraqqiyot kushandasi. Xavfsizlikka tahdid soluvchi xavfli jinoyat. Bu illatga qarshi kurashish tegishli organlarninggina emas, barchaning ishi boʻlishi zarur. Shundagina biz ushbu xavfni bartaraf etamiz.
Foziljon MAMASHARIPOV,
«Postda» muxbiri.
