Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
Maʼnaviyat insonning oʻzligini anglatuvchi betakror moʻʼjizaviy kuch-qudratga egadir. Maʼnaviyat shunday qudratli kuchdirki, u millatni buyuk va ulugʻvor maqsadlar sari birlashtiruvchi bayroqdir
Jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot boʻlsa, uning joni va ruhi maʼnaviyatdir!
Shavkat MIRZIYOEV
Bugungi kunda mamlakatimizda aniq maqsadga yoʻnaltirilgan maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tizimli tashkil etish borasida samarali ishlar qilinmoqda. Zero, maʼnaviy-maʼrifiy ishlarning taʼsirchanligini oshirish, maʼnaviyat sohasidagi ichki va tashqi tahdid hamda xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashish, jamiyatda mafkuraviy immunitetni mustahkamlash jiddiy fikr yuritishni taqozo etadi. Shuning uchun ham Prezidentimiz raisligida joriy yil 19 yanvar kuni maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida maʼnaviyat masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Davlatimiz rahbari oʻz nutqida: «Biz yangi Oʻzbekistonni barpo etishga qaror qilgan ekanmiz, ikkita mustahkam ustunga tayanamiz. Birinchisi – bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot. Ikkinchisi – ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli maʼnaviyat», deya taʼkidlagani bejiz emas. Zero, diyorimiz milliy qadriyatlari, madaniyati rivojlangan, yuksak maʼnaviyatga ega tamaddun oʻchogʻidir. Tarixdan maʼlumki, yurtimizda maʼnaviyat mashʼalini baland koʻtargan buyuk allomalar yetishib chiqqan. Oʻzining boy maʼnaviy merosi bilan dunyoga ziyo taratgan Imom Buxoriy, Abu Rayhon Beruniy, Xorazmiy, Ibn Sino, Alisher Navoiy kabi mutafakkirlar merosi xalqimiz maʼnaviyatining yuksalishiga zamin yaratgan.
Dunyoning turli mintaqa va davlatlarida sodir boʻlayotgan ayanchli voqealar tahlili ommaviy axborot vositalari, zamonaviy axborot texnologiyalari, jumladan, internet tizimi, ijtimoiy tarmoqlar va elektron nashrlar koʻp hollarda ayrim buzgʻunchi kuchlar qoʻlida turli soxta, zararli gʻoya va mafkuralarni targʻib etishning qulay va tezkor vositasiga aylanib qolayotganligini koʻrsatayotir. Bu kabi tahdidlar milliy va umuminsoniy qadriyatlarning yemirilishiga, zoʻravonlik, inson taqdiri, jamiyat hayotiga bepisandlik, masʼuliyatsizlik, loqaydlik, andishasizlik, behayolik kabi illatlarning ildiz otishiga zamin yaratmoqda. Natijada odamzotning oʻz tarixiy, diniy, milliy-maʼnaviy ildizlaridan uzilib qolishiga sabab boʻlmoqda. Mazkur holat jahondagi koʻplab davlatlarda umumiy tendensiyaga aylanib bormoqda.
Maʼnaviyat va maʼrifat bashariyat farovonligining asosiy omili hisoblanarkan inson maʼnaviy olami, xalqimiz madaniyatini belgilaydigan manbalarni asrab-avaylash va boyitish, oʻz navbatida, jahon ilm-fani yutuqlari va umumbashariy taraqqiyotga zamin yaratishi shaksizdir.
Yangi Oʻzbekiston milliy taraqqiyotning yangi davriga qadam qoʻydi. Buni barcha sohalardagi tub oʻzgarishlar qatori, maʼnaviyat va maʼrifatga boʻlgan munosabatlarda ham koʻrish mumkin. Ayniqsa, yurtimizda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatimizda jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish borasida ulkan ishlar qilinilayotganligi diqqatga sazovordir. Xususan, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi faoliyatlarining yoʻlga qoʻyilishi mamlakatimizda muqaddas Islom dini qadriyatlari va anʼanalarini yanada rivojlantirishga zamin yaratmoqda.
Maʼnaviy-maʼrifiy sohada davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar zamirida yurtimizda taʼlim, ilm-fan, madaniyat maʼrifat, ajdodlar merosini oʻrganish, qadrlashga boʻlayotgan katta eʼtibor nafaqat mamlakatimiz va mintaqa aholisi, balki jahon hamjamiyati tomonidan ham yuksak eʼtirofga sazovor boʻlmoqda. Dunyo tamadduni buxoriylar, fargʻoniylar, samarqandiylar, xorazmiylar, termiziylar, nasafiylar taratgan ilm ziyosidan qanchalar bahramand boʻlgan boʻlsa, bugungi kunda ham bu bahramandlik davom etmoqda, ajdodlarimiz qoldirgan bebaho maʼnaviy meros oʻz qadri va ahamiyatini aslo yoʻqotgani yoʻq. Dunyo miqyosida xalqaro terrorizm, radikalizm, ekstremizm kabi chegara bilmas tahdidlar xavfi ortib borayotgan bugungi kunda ham maʼnaviyat va maʼrifat jaholatga qarshi kurashishning eng samarali vositasi sifatida tan olinmoqda.
Mafkura poligonlarida gʻoyaviy-mafkuraviy kurashning tobora avj olishi yoshlar ongi va qalbini ekspansiya (zabt etish) etishga zamin yaratmoqda. Shu tariqa, maʼnaviy tubanlik taʼsiri oqibatida madaniyatsizlik, eʼtiqodsizlik kabi bir qator «taʼlimotlari» baʼzan oshkora, baʼzan esa yashirin tarzda targʻib etilmoqda. Natijada milliy ruh, millatning oʻziga xosligi va uning asriy qadriyatlariga raxna solish orqali zimdan yemirishga zamin yaratilmoqda.
Globallashuv sharoitida mazkur illatning ijtimoiy namoyon boʻlishi muayyan mintaqa va mamlakat aholisi ongi, qalbini zabt etmoqda. Natijada mazkur illat asl maʼnaviy qadriyatlarni tanazzul sari yetaklab, har bir halq va millatning oʻz madaniyati, maʼnaviyati va qadriyatlarini inkor etishi orqali yoshlar ongida bir-biriga mutlaqo zid boʻlgan dunyoqarashni shakllantirmoqda.
Shuni alohida qayd etish joizki, maʼnaviyat xalqimiz or-nomusini uygʻotuvchi beqiyos kuch, ozodlik, vatanni sevishga undovchi daʼvatkor tugʻyondir. Bugungi zamon shiddati har bir millatning kelajakda oʻzligini saqlab qolishi uchun, eng avvalo, maʼnaviyat masalasiga boʻladigan tahdidlardan muntazam ogoh, sezgir va hushyor boʻlishni kechiktirib boʻlmas asosiy masala sifatida kun tartibiga qoʻymoqda.
Binobarin, dunyoda yuz berayotgan murakkab geosiyosiy va gʻoyaviy-mafkuraviy jarayonlarning mazmun-mohiyatini har tomonlama chuqur yoritish, terrorizm, ekstremizm, aqidaparastlik, separatizm, odam savdosi, «ommaviy madaniyat», narkobiznes va boshqa tahdidlarga qarshi samarali gʻoyaviy kurash olib borish; jamiyatimizning barqaror rivojlanishiga toʻsqinlik qilayotgan ichki tahdidlar – el-yurt taqdiriga loqaydlik, oilaviy qadriyatlar va yoshlar tarbiyasiga eʼtiborsizlik kabi holatlarga barham berishga qaratilgan kompleks tadbirlar tizimini ishlab chiqish va amalga oshirish; yoshlarda sogʻlom dunyoqarash, jumladan, kitobxonlik koʻnikmasini shakllantirish, internet, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan oqilona foydalanish madaniyatini oshirish, ularda gʻoyaviy va axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirish; xalqimizning tarixiy merosi, urf-odatlari va milliy tarbiya anʼanalarini asrab-avaylash, keng aholi qatlamlari, ayniqsa, yoshlarimiz oʻrtasida dinlararo bagʻrikenglik, millatlararo totuvlik va oʻzaro mehr-oqibat muhitini mustahkamlash boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqish va joriy etish kabi dolzarb masalalar Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi zimmasidagi hal qilinishi kechiktirib boʻlmaydigan vazifalardir.
Maʼlumki, salkam uch oʻn yillikdan buyon ichki ishlar organlarida ham maʼnaviy-maʼrifiy ishlar muntazam olib borilmoqda. Zero, bugungi osoyishtalik posboni nafaqat jismoniy va jangovar jihatdan davr talabiga javob beradigan, balki maʼnaviy jihatdan yetuk va buyuk ajdodlari kabi maʼrifat egasi boʻlishi lozim. Shu maqsadda, Prezidentimiz Murojaatnomasi hamda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida koʻtarilgan masalalardan kelib chiqqan holda, ichki ishlar organlarida oʻtkaziladigan haftalik maʼnaviyat va maʼrifat darslarini sifat va mazmun jihatidan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlarini belgilab olishimiz zarur.
Xulosa qilib aytganda, davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, «biz maʼnaviyat va maʼrifat ishini vatanparvarlik ishi, vijdon ishi, deb bilamiz. Vijdoni, maʼnaviyati bor inson Vatanni albatta yaxshi koʻradi. Vijdon, maʼnaviyat degani – xalqqa, Vatanga chin yurakdan xizmat qilish deganidir. Mana shunday qarash butun xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz tomonidan keng va qizgʻin qoʻllab-quvvatlanayotgani maʼnaviy tarbiyaning naqadar dolzarb ahamiyatga ega ekanini koʻrsatadi».
Mansur MUSAYEV,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi boʻlim boshligʻi, falsafa doktori,
Abduraim ULUGʻOV,
Markaz masʼul xodimi.
