Maʼnaviyat va maʼrifat darsi

Rivojlanish jarayonida har bir sohaga maʼnaviyat va maʼrifatni tatbiq etish, ishni shu asosda tashkil etish vazifasi qoʻyilayotgani bejiz emas. Zero, maʼrifatga yoʻgʻrilgan har qanday amal taraqqiyning tamal toshidir. Maʼnaviyat chashmasidan suv ichgan daraxt hosili bir necha avlodga yetgulik meva beradi.

Ichki ishlar organlari xodimlarining maʼnaviy-maʼrifiy bilimlarini oshirish, ularni milliy qadriyatlariga sodiq barkamol shaxs sifatida tarbiyalash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti tomonidan «Maʼnaviyat marshrutlari» ishlab chiqildi. Unga asosan, 2022-yil davomida yurtimizning diqqatga sazovor joylari, muzeylar, maʼnaviyat va maʼrifat maskanlari, tarixiy hamda madaniy obidalariga tashrif buyurish nazarda tutildi. Hududlar kesimida tasdiqlangan «Maʼnaviyat marshrutlari» loyihalariga muvofiq barcha ichki ishlar organlari xodimlari va harbiy xizmatchilarni reja-taqsimotga asosan borishlari taʼminlanmoqda. Ushbu marshrutlar orqali oʻlkamizning tarixiy maskanlariga sayohat qilish rejalashtirilgani birinchi galda xodimlarning oʻz tugʻilib oʻsgan yurti tarixini chuqurroq bilishni, ajdodlarning oʻchmas xotirasiga, ular qoldirgan boy maʼnaviy merosni asrash va uni kelajak avlodga yetkazish masʼuliyatini yuklaydi.

Xodimlar tashrif buyuradigan madaniy obyektlar roʻyxati hududlar kesimida tasdiqlangan boʻlib, unda tarixiy-diniy merosimizni oʻrganish, tiklash, yosh xodimga qadimiy, boy tarixiy me­rosimizni yetkazish orqali ichki ishlar organlari xodimlari maʼnaviyatini yuksaltirish maqsadida 108 ta madaniy obyekt tanlab olingan.

Tarixiy-madaniy obyektlar oʻtmishning zalvorli voqealaridan soʻzlaydi. Ularni oʻrganishga kirishar ekansiz, xalqimizning boy maʼnaviy merosga ega ekanligidan faxr-iftixor tuysangiz, ikkinchi tomondan, bu bebaho xazinani asrash, avlodlarga bus-butun yetkazish vazifasi zimmamizda ekanini teranroq anglaysiz. Shuning uchun ham hududlarda «Maʼnaviyat marshruti» doirasida tashkil etilayotgan sayohatlarga jiddiy eʼtibor qaratilishi kerak.

Tarixiy xotirasiz kelajak yoʻq, oʻtmishini unut­gan xalqning kelajagi inqirozga yuz tutadi. Bu isbot talab etmaydigan haqiqatdir. Roʻyxatdan oʻrin olgan madaniy obyektlar tarixiga nazar tashlasak, ularning tarbiyaviy ahamiyati,

qadr-qimmati katta ekani, ularni oʻrganish hayotiy zarurat ekani anglashiladi.

Insoniyat tamadduni beshiklaridan boʻlmish Buxoro zaminida ne-ne buyuk allomalar, diniy va dunyoviy ilm egalari yashab, ijod qilgan. Yetti pir – Abduxoliq Gʻijduvoniy, Muhammad Orif Revgariy, Mahmud Anjir Fagʻnaviy, Xoja Ali Romitaniy, Muhammad Boboyi Samosiy, Sayyid Amir Kulol va Bahouddin Naqshband meʼmoriy majmualari nafaqat yurtdoshlarimiz, balki butun dunyo musulmonlari uchun tabarruk maskanlar hisoblanadi. Yetti piri komil Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan boshlangan «oltin silsila»ning davomchilari sifatida eʼtirof etilgan.

Bundan tashqari, Buxoroi sha­rifning betakror tarixini koʻrsata oladigan maʼnaviy boyliklar – Ark Qoʻrgʻoni, Sitorai Mohi Xosa saroyi, Fayzulla Xoʻjayev uy muzeyi, Poyi kalon majmuasi, Buxoro drama

teatri, Ibn Sino uy muzeyi, «Jasorat» muzeyi, Mahmud Torobiy vatanparvarlik bogʻi kabi oʻndan ortiq madaniy obyektlar ham maʼnaviyat marshrutlaridan joy olgan.

Samarqandning butun olamga mashhur obidalari sayyohlarni bir necha asrlardan buyon oʻziga mahliyo etib kelmoqda. Koʻhna va navqiron, yer yuzining sayqali deb taʼrif-u tavsif etilgan muazzam shahar jonli tarixdir. Sohibqiron bobomiz, Mirzo Ulugʻbek va yana koʻplab tarixiy shaxslarning mangu qoʻnim topgan orom­gohiga ziyorat asnosida har gal yangidan-yangi maʼlumotlarni olasiz, bu dunyo oʻtkinchi ekani, yaxshi amallargina inson nomini abadiyatga muhrlashini anglab, ruhingiz tozargandek boʻladi, goʻyo. Maʼnaviyat xazinalari xalqimiz tomonidan chuqur oʻrganilishi, avaylab-asralishi juda ham muhim. Har bir obida-yu osori atiqada ajdodlarning barhayot aʼmollari aks etgan.

Shu oʻrinda yana bir mulohaza. Har bir asrning oʻziga xos nodir osori atiqalari bor. Keyingi yillarda yurtimizda meʼmoriy yechimlarga ega goʻzal inshootlar, dam olish maskanlarini qurish anʼanaga aylandi. Buni Namangandagi Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan, nomi oʻziga monand «Afsonalar vodiysi» deb atalgan goʻzal yirik tematik bogʻ misolida koʻrishimiz mumkin.

Bogʻ hududida uch qavatli yirik hunarmandlar markazi, 15 ming kishi sigʻadigan jome masjidi, savdo markazi, zamonaviy mehmonxona va villalar joylashgan. Zamonaviy sharshara va musiqali favvoralar, manzarali daraxtlar va oʻrindiqlar bilan oʻralgan kanal va koʻl bogʻ hududida ajoyib manzarani hosil qilgan. Bogʻga bugungi kunda butun dunyodan sayyohlar tashrif buyurmoqda. Bu kabi madaniyat maskanlarini respublikamizning boshqa hududlarida ham uchratish mumkin.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, «Maʼnaviyat marshruti» ichki ishlar organlari xodimlari zimmasiga, avvalo, buyuk ajdodlarning munosib izdoshi boʻlish masʼuliyatini yuklaydi. Tariximiz sahifalarida hali oʻrganishimiz kerak boʻlgan maʼlumotlar bisyor. Ularni oʻrganish, kitoblar chop etish, avlodlarga ta­rixiy-madaniy maskanlarni bus-butun yetkazishimiz ham kerak. Bunga, ayniqsa, marshrut boʻylab sayohat davomida iqror boʻlmoqdamiz. Xodimlarimiz oʻz taassurotlari asosida ommaviy axborot vositalarida chi­qishlar qilishmoqda.

Shuningdek, «Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish – oliy burchimiz!» shiori ostida oʻtkazilayotgan «Maʼnaviyat oyligi» koʻtarinki ruhda oʻtkazilmoqda. Oylik doirasida koʻplab maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, tanlovlar, intellektual oʻyinlar tashkil etilmoqda.

Bu tadbirlarni oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad xalqimizning boy tarixiy, ilmiy va maʼnaviy merosini har tomonlama va chuqur oʻrganish, keng tanishtirish, eng muhimi, qanday buyuk va betakror merosimiz borligini anglatish, yosh ichki ishlar organlari xodimlarini shu ulugʻ merosga munosib etib tarbiyalashdan iboratdir.

Xulosa oʻrnida aytadiganimiz, bu kabi tadbirlarning bardavom boʻlishi ichki ishlar organlari sohasida dunyo­qarashi keng, tafakkuri taraqqiy etgan shaxslarni tarbiyalashda katta yordam berishi shubhasizdir.

 

Mirabbos MIRSAIDOV,

podpolkovnik.