Yer yuzi aholisining soni oshishi barobarida, insonning tabiatga zarari, atrof-muhit ifloslanishiga taʼsiri ham ortib bormoqda. Mamlakatimizda ham mana shu dolzarb muammoning oldini olish maqsadida tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning maxsus farmoni bilan respublikada ekologik xavfsizlikni taʼminlash, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvini tubdan takomillashtirish, ekologik holatni yaxshilash, chiqindilarning fuqarolar sogʻligʻiga zararli taʼsirining oldini olish, aholi turmush darajasi hamda sifatini oshi­rish uchun qulay sharoitlar yaratish, maishiy chiqindilarni yigʻish, saqlash, tashish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash va koʻmish tizimini yanada takomillash­tirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tashkil etildi.

Qoʻmita oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot berishi belgilab qoʻyildi. Ushbu yangiliklar Konstitutsiya­mizga kiritilgan soʻnggi oʻzgartish hamda qoʻshimchalarda ham oʻz aksini topdi.

Mazkur konstitutsiyaviy yangiliklar qoʻmita zimmasiga yuklatilgan vazifalar bajarilishi ustidan davlat boshqaruvi hamda nazorat tizimini takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasida faoliyat yuritayotgan davlat nazorati hamda boshqaruvi organlarining tizimli ish olib borish samaradorligini yuksaltiradi, bu borada idoralararo samarali hamkorlikni taʼminlaydi.

Shuningdek, keyingi paytlarda Prezident xalq qabulxonasiga atrof-muhitni ifloslantirish, daraxtlar kesilishi, chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash yuzasidan koʻplab murojaatlar kelib tushgan. Joriy yilning 24-avgustida boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida davlatimiz rahbari tomonidan yurtimizda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, yaʼni daraxtlarni ruxsatsiz kesish, brakonerlik, noqonuniy chiqindilar tashlash kabi holatlarga qarshi kurashishga qaratilgan tadbirlarni kuchaytirish maqsadida Ichki ishlar vazirligiga bir qator vazifalar yuklatilgan edi.

Mazkur koʻrsatma ijrosini taʼminlash maqsadida har bir tuman (shahar)da hududiy profilaktika inspektori, patrul-post xizmati, Davlat ekologiya qoʻmitasi xodimlaridan iborat qoʻshma guruhlar shakllantirish, ekologiya sohasidagi qonunbuzarliklarni aniqlashga doir maqsadli reydlar oʻtkazib borilishini yoʻlga qoʻyish topshirigʻi berilgan.

Shu oʻtgan davr mobaynida, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish hamda jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikda 8200 marotabadan ortiq oʻtkazilgan reydlar va maqsadli tekshiruvlar natijasida noqonuniy ravishda daraxt va boshqa oʻsimliklarni kesganligi uchun 350 nafarga yaqin, chiqindilarni toʻplash, tashish va tozalik talablarini buzganligi uchun 2100 nafardan ortiq, noqonuniy ravishda ov qilish va baliq ovlagani uchun 150 nafarga yaqin, aholi punktlarida xazon va shox-shabbalarni yoki oʻsimliklarni, boshqa qoldiqlarni yoqib yuborgani uchun 560 nafardan ortiq va ekologiya sohasidagi boshqa huquqbuzarliklar uchun 100 nafardan ortiq qonunbuzarlar ushlanib, ulardan 7 nafari jinoiy hamda 4300 nafardan ortiq maʼmuriy javobgarlikka tortildi.

Olib borilayotgan ijobiy ishlarga qaramay, hududlardagi ayrim rahbarlar ekologiya muammosiga panja orasidan qarayotganligi, fuqarolarning haqli eʼtiroziga sabab boʻlmoqda.

Videoselektor yigʻilishida Ichki ishlar vazirligi tizimida «Ekologiya politsiyasi» tashkil etish vazifasi qoʻyilgan edi. Hozirgi kunda ushbu vazifaning ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Loyiha bilan, ichki ishlar vazirligining Jamoat xavfsizligi departamenti tuzilmasida Ekologiya nazorat xizmatini hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati IIBB va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalarida Ekologiya nazorat xizmati boʻlinmalarini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Bugungi global ekologik muammolar insoniyatga katta xavf solayotgan bir paytda mamlakatimizda atrof-muhit ifloslanishiga qarshi kurashish uchun tashlangan bu qadam juda muhim hisoblanadi.

Xulosa shuki, butun dunyoda ekologik barqarorlikka erishish, yer yuzining hozirgi holatini tubdan oʻzgartirish uchun xalqaro hamkorlik, bu boradagi qonun talablarini buzganlik uchun javobgarlikning qatʼiy boʻlishi, aholining ekologik madaniyatini oshirish zarur. Bu muammo barchamizni masʼuliyat hissi bilan yashashga undashga ham chaqiradi. Zero, ona tabiatni muhofaza qilish yurt oldidagi farzandlik burchimizdir. Qolaversa, ona tabiat kelajak avlod uchun qoldirishimiz mumkin boʻlgan yagona va bebaho neʼmatdir.

Sarvar SOBIROV,

«Postda» muxbiri.