Yangilanayotgan Oʻzbekistonda ham maʼnaviy-maʼrifiy islohotlarga davlat siyosatining ustuvor yoʻna­lishlaridan biri sifatida qaraladi. Yurtimizda maʼnaviy-maʼrifiy muhitni yanada yaxshilash, ming yillar mobaynida uning bagʻrida sayqal­lanib kelayotgan ibratli anʼana va qadriyatlarni targʻib etish borasida koʻplab chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bularning barchasi jamiyatdagi sogʻlom kuchlar, yuksak isteʼdod va tafakkur sohiblari­ning aqliy salohiyatini Vatan istiqboli sari yoʻnaltirish, millatlararo doʻstlik va hamjihatlikni mustahkamlash, odamlarning maʼnaviyatini yuksaltirish, bebaho madaniy merosimiz, milliy qadriyatlarimizni tiklashga, eng asosiysi, oʻzligimizni anglashga katta taʼsir koʻrsatdi.

Bugungi kunda mamlakatimizda aniq maqsadga yoʻnaltirilgan maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tizimli tashkil etish borasida samarali saʼy-harakatlar qilinmoqda. Zero, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarning taʼsirchanligini oshirish, maʼnaviyat sohasidagi ichki va tashqi tahdid hamda xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashish, jamiyatda mafkuraviy immunitetni mustahkamlash jiddiy fikr yuritishni taqozo etadi. Shuning uchun ham Prezidentimiz maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashti­rish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.

Davlatimiz rahbari «Jamiyat hayo­tining tanasi iqtisodiyot boʻlsa, uning joni va ruhi maʼnaviyatdir» deya taʼkidlagani bejiz emas. Zero, diyorimiz milliy qadriyatlari, madaniyati rivojlangan, yuksak maʼnaviyatga ega tamaddun oʻchogʻidir.

Darhaqiqat, hayotimizning barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning samaradorligi, avvalo, azaliy qadriyatlar tikla­nishi, boy tarixiy merosimizning chuqur oʻrganilishi, anʼana va urf-odatlari­mizning saqlanishi, madaniyat va sanʼat, fan va taʼlim rivoji, eng muhimi, jamiyat tafakkurining oʻzga­rishi va yuksalishi bilan uzviy bogʻliqdir.

Bugun dunyo notinch va tahlikali boʻlgan zamonda, butun yer yuzi turli talatoʻplar girdobida qolayotgan, ziddiyatlar keskinlashgan bir paytda tinch va barqaror hayotni, ertangi kunimizni saqlab qolishning yagona najot yoʻli — maʼnaviyatni asrashdir. Ayniqsa, yosh avlod tarbiyasiga boʻlgan eʼtibor va talabchanlikni oshirish, ular ongi va qalbini egallash uchun kurash dunyo miqyosida kuchayayotgan bir paytda yanada muhim ahamiyat kasb etadi. Bunday tarbiya shu Vatanda emin-erkin yashayotgan, daxldorlik hissi joʻshib turgan har bir insonning mushtarak vazifasi hisoblanadi.

Barcha sohalar singari, ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi oʻrtasida ham maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni sifat jihatdan yangi pogʻonalarga koʻta­rish, xodimlarning bilim saviyasini yanada yuksaltirish, maʼnaviyatli, vatanparvar, oʻz kasbiga sadoqatli va fidoyi xodimlarni shakllantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni samarali tashkil etish tizimini yanada takomillashtirish, xodimlarning maʼnaviy salohiyati va mafkuraviy immunitetini kuchayti­rishni oʻzida mujassam etgan «Ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etish konsepsiyasi» qabul qilinganiga bir yil boʻldi.

«Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish – oliy burchimiz!» deb belgilangan konseptual gʻoyada davlat mustaqilligini himoya qilish, huquq-tartibotni mustahkamlash, jamoat xavfsizligini taʼminlash hamda fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini muhofaza qilish ustuvor vazifa ekanligi mujassamlantirildi.

Davlatimiz rahbarining jahon uzra oʻzgacha boʻy choʻzayotgan, iqtisodiy va farovonlik tobora ortib borayotgan Yangi Oʻzbekistonning hozirgi davrini milliy tiklanishdan milliy yuksalish tomon, deb eʼlon qilganligining zamirida qatʼiy ishonch va chuqur hikmat mujassam. Prezidentimizning: «Xalqimizning ulugʻvor qudrati joʻsh urgan hozirgi zamonda Oʻzbekistonda yangi bir uygʻonish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda», – degan soʻzlari bunga yorqin misol boʻladi.

Demak, ushbu gʻoyani ichki ishlar organlari xodimlari ongiga singdirish, ularda xizmat burchini bajarish borasida qatʼiy hayotiy eʼtiqodni qaror toptirish, ularning Vatan va xalq taqdiriga, davlatimiz hamda islohotlar talablariga daxldorligini yanada oshirish talab etiladi.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, Konseptsiya qabul qilinganiga 

qisqa vaqt – bir yil boʻlganligiga qaramasdan, ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar sohasida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi.

Chunonchi, maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni samarali tashkil etishda 7 ta vazirlik va idoralar bilan hamkorlik memorandumlari imzolanganligi ham tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilganligidan dalolatdir. Har haftaning juma kunlari «Vatanparvarlik kuni» tadbirlar kompleksi tashkil etilishi yoʻlga qoʻyildi. Idoraviy taʼlim muassasalarida «Vatanparvarlik asoslari», «Maʼnaviyat asoslari», «Vatanparvarlik tarbiyasi» va «Kasbiy madaniyat» kabi fanlar oʻqitilishi joriy etildi.

Ichki ishlar organlari xodimlarida xizmat burchiga sadoqat va masʼuliyat hissini oshirish, Vataniga sidqidildan xizmat qilish sharafli burch ekanligini, har qanday mashaqqatli xizmati ortida yurtimiz manfaati va xalqimizning baxt-saodati turganini ong-u shuuriga singdirish maqsadida kitobga boʻlgan mehrini yuksal­tirish bugunning talabidir.

Shu bois tizimda kitobxonlikni yuksaltirish boʻyicha meʼyorlar belgilanib, xodimlarning kitob oʻqishi qatʼiy nazoratga olindi. Ichki ishlar organlari xodimlari oʻqishi uchun tavsiya etiladigan 23 ta oʻzbek, 16 ta jahon adabiyoti roʻyxati tasdiqlanib, xodimlar bir oyda ushbu asarlarning kamida bittasini mutolaa qilishi maj­buriy meʼyor sifatida belgilandi. Buning samarasi oʻlaroq, kutubxonalarga shaxsiy tarkibning aʼzo boʻlish darajasi 70 foizga koʻtarildi.

Tizim xodimlari oʻrtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ularning intellektual salohiyati, siyosiy-huquqiy bilimlarini oshirish, maʼnaviy dunyoqarashini kengaytirish, ulugʻ ajdodlarimizning maʼnaviy merosini, ularning noyob asarlari, ibratli hayoti va ijtimoiy faoliyatini chuqur oʻrganish maqsadida «Namunali maʼnaviyat va maʼrifat xonasi», «Eng yaxshi kitobxon» va «Eng yaxshi kutubxona» koʻrik-tanlovlari oʻtkazib kelinmoqda.

Shuningdek, tizim tarixida birinchi marotaba respublika miqyosida «Eng yaxshi hududiy ichki ishlar organi boshligʻi», «Eng yaxshi profilaktika inspektori», «Eng yaxshi tergovchi», «Eng yaxshi tezkor xodim» va «Yilning eng faol faxriy xodimi» nominatsiyalari boʻyicha tanlovlar oʻtkazildi.

Ichki ishlar organlarida 288 ta «Vatanparvarlik burchagi», 5 ta muzey va 250 ta «Maʼnaviyat va maʼrifat» xonasi tashkil etilganligi, shu bilan bir qatorda, tizim faoliyati va tarixiga oid 24 ta kitob yaratilib, nashrdan chiqarilishi maʼnaviy-maʼrifiy ishlar­ning mantiqiy davomi boʻldi.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, maʼnaviyat insonning goʻzalligini ang­latuvchi betakror moʻjizaviy kuch-qudrat, millatni buyuk va ulugʻvor maqsadlar sari birlashtiruvchi bayroq ekan, bu yoʻlda faqat fidoyilik, Vatanga cheksiz muhabbat muhim tushunchalar boʻlib qolaveradi.

Azizjon FAYZIYEV,

mayor.