Maʼnaviyat va maʼrifat darsi

Maʼnaviyat har qan­day davr va zamonda ham, har qanday jamiyatda ham insoniyatning birlamchi va asosiy ehtiyoji boʻlib kelgan, unga hamisha zarurat seziladi.

Maʼnaviyat – ochlik, yoʻqchilikka goʻzal sabrni, jahl-u nafsni tiyish va yengishni, xullas, barcha illatlarga qarshi tura olishni koʻrsatadi, oʻrgatadi. Uni chin maʼnoda, borligicha his qila olmaydiganlar, anglab yetmaganlargina inkor etadi, past baho beradi, ahamiyatsiz koʻradi. Jamiyatning, millatning yoki ayrim bir kishi­ning ichki hayoti, ruhiy kechinmalari, aqliy qobiliyati, idrokini mujassamlashtiruvchi, inson va jamiyat madaniyatining negizi, inson va jamiyat hayoti yoʻnalishining bosh omilidir. U muayyan iqtisodiy-ijtimoiy hayot tizimining shakllanishi, oʻzgarishi yoki inqirozga yuz tutishiga kuchli taʼsir koʻrsatadi.

Millatning maʼnaviy qiyofasi, jamiyatning moddiy-ijtimoiy, tari­xiy sharoitlarga qarab maʼnaviyatning boyib borishi qonuniy hodisa. Maʼnaviyatning muhim unsuri boʻlgan milliy ong nisbiy mustaqildir. U jamiyatning moddiy va maʼnaviy qiyofasini tubdan oʻzgartirishga faol taʼsir qilishi mumkin.

Milliy ong va uning shaklla­nishi, eng avvalo, milliy uygʻonish zamirida sodir boʻladi. Milliy ong va ang­lash har bir odamdan oʻzining qay­si millatga tegishliligi, milliy ta­rixi, madaniyati, merosi, urf-odatlari, tilini toʻgʻri, har taraflama chuqur bilishni talab etadi. Milliy oʻzlikni anglash, ilmiy-siyosiy tus olsa va ijtimoiy harakat uchun qoʻllanma darajasiga koʻtarilsa, u, shubhasiz, milliy mafkuraga aylanadi.

Maʼnaviyatda diyonatning oʻrni muhim.

Diyonat keng maʼnoda oʻz ichiga din, eʼtiqod, diniy taʼlimot, ishonish, vijdon, vijdonlilik, insof tushunchalarini qamrab oladi.

 Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning «Dunyoda diyonat hali mavjuddir, hali mard yigitlar yashab yuribdi» degan satrlarida ham bu soʻzning maʼnosi aks etgan.

Maʼnaviyatni ushlab turadigan ustunlardan yana biri eʼtiqod ma­salasidir. Xoʻsh, eʼtiqod nima?

«Eʼtiqod» arabcha soʻz boʻlib, «aqada» feʼli asosida yuzaga kelgan. Mohiyatan bir narsani ikkinchisiga mahkam bogʻlash maʼnosini ang­latadi.

Kishi odatda biror narsaga eʼtiqod qilishi uchun uning mohiyatini aʼlo darajada bilishi kerak. Aks holda, eʼtiqod borasida chalkashlik va xatoliklar kelib chiqishi tabiiy. Buning uchun maʼrifat zarur.

U ongimizda mustahkam qaror topsagina, eʼtiqodimiz musaffo boʻladi. Demak, eʼtiqod ilmga asos­langan boʻlishi lozim. Aslini olganda, barcha narsaning tub magʻzini anglashda ilm-u maʼrifatga muhtoj­ligimiz kundan-kun sezilib turadi.

Eʼtiqod sofligi har bir inson uchun oʻta muhimdir. Chunki eʼtiqodsiz amallarning zarracha foydasi yoʻq.

Eʼtiqodning zaruriy masalalarini bilmagan kishi har qancha riyozat cheksa ham, qilgan ibodatlari unga hech qanday naf bermaydi.

Oʻz turmushini ongli tashkil etish, turli rejalar tuzish, orzu-havaslariga, koʻngli va tafakkuriga mos yashashga, komillikka intilish insonning xos belgisi. Uning nafaqat moddiy-iqtisodiy, shuningdek, maʼnaviy ehtiyojlari ham bor. Inson maʼnaviyatining oʻzagini esa eʼtiqod tashkil qiladi. Maʼnaviyat eʼtiqod tevaragida shakllanadi. Maʼnaviyatning mazmunini, eng muhim xususiyatlarini eʼtiqod belgilaydi.

Insonning barcha tuygʻulari, kechinmalari yoki barcha amal qiladigan gʻoyalari, meʼyorlari, qarashlari maʼnaviyat boʻlib qolavermaydi. Tuygʻular orasida nafs va hirs, jahl va qiziqqonlik tufayli yuzaga kelganlari, tushunchalar, gʻoyalar, baholar fikr-mulohazalar, xulosalar orasida ilmsizlik, ada­shish, xato, notoʻgʻri axborot sababli vujudga kelganlari boʻlishi mumkin. Nafsilamrini aytganda, hech kim adashishlardan, xatolardan kafolatlanmagan. Botil tuygʻular va fikrlar esa maʼnaviyat hisoblanmaydi. Jaholat, zolimlik, odob-axloq qoidalariga rioya qilmaslik, nafs va hirs qutqusiga berilish, zoʻravonlik orqali hammani bir xil oʻylashga, bir xil yashashga majburlash maʼnaviyatsizlikdir.

Keyingi yillarda mamlakatimizda «Inson qadri uchun» degan ezgu gʻoya asosida har bir fuqaro erkin va farovon yashaydigan Yangi Oʻzbekistonni barpo etish maqsadida xalqimizning azaliy orzu-intilishlariga hamohang va uygʻun holda keng koʻlamli islohotlar olib borilmoqda. Oldimizga qoʻygan bunday ulugʻvor vazifani amalga oshirishda biz, eng avvalo, qadimiy tariximiz va boy madaniyatimizga, yuksak insonparvarlik tamoyillarini oʻzida mujassam etgan milliy va diniy qadriyatlarimizga tayanishimiz tabiiydir. Ayniqsa, el-yurtimiz doimo orziqib, katta xursandchilik bilan kutib oladigan, jamiyatimizda tinchlik, doʻstlik, mehr-oqibat va bagʻrikenglik muhitini mustahkamlashga xizmat qiladigan muqaddas Ramazon oyining bu borada alohida oʻrni va ahamiyati borligini taʼkidlash lozim.

Prezidentimizning 2023-yil 21-martdagi «Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida»gi qarorida odamiylik, inson shaʼnini ulugʻlash, yaxshilik va mehr-saxovat kabi fazilatlarni namoyon etadigan, bugungi tinch va osoyishta hayotimizni qadrlash, oila va mahallalarda, butun yurtimizda mehr-oqibat, oʻzaro hurmat muhitini mustahkamlash, kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlarni tashkil etishga alohida eʼtibor qaratish zarurligi belgilandi.

Muqaddas oyda ehtiyojmand oilalarga, keksalarga, koʻmakka muhtojlarga yanada koʻproq eʼtibor qaratiladi. Nuroniylar, bemorlar, koʻngli yarimlar holidan xabar olish, ularga dalda boʻlishga oid ishlar hajmi tobora kengayadi. Ibratli, savobli yumushlar yanada ortadi. Xayrli ishlarga ragʻbat ortib, yaxshilik yoʻlida hamkorlik kuchayadi. Odamlar bir-biriga yanada mehrli, iltifotli boʻladilar.

Zero, xalqimiz uchun ezgulik, mehr-muruvvat, saxovat, olijanoblik va shukronalik timsoli boʻlgan Ramazon oyida amalga oshirilayotgan ulugʻvor ishlar jamiyatimizda tinchlik, doʻstlik, mehr-oqibat va bagʻrikenglik muhitini mustahkam­lashga xizmat qiladi.

 

Sarvar SOBIROV tayyorladi.