– Mendagi adabiyotga mehrni onajonim uygʻotganlar, – deydi lavhamiz qahramoni. – Onam Mohida Sharipova maktabda uzoq yillar biologiya fanidan oʻquvchilarga dars bergan, hozir pensiyada. Bolalik xotiramda ularning juda koʻp kitob, gazeta-jurnal oʻqishlari muhrlanib qolgan. Kitoblar olamiga, adabiyotga shu asnoda qiziqib qolganman. Avvaliga onamga oʻqigan hikoyalarimni soʻzlab, sheʼrlarni takror-takror yod oʻqib berardim. U doim fikrimni qisqa va loʻnda ifodalashimga, talaffuzimning ravon boʻlishiga alohida eʼtibor qilib, kamchiliklarimni tushuntirib berardi.
Adabiyot koʻngillarga nur yangligʻ kirib boradi. Zumradda ham shunday. U oʻzining pok tuygʻularini, ichki kechinmalarini qogʻozga tushirishga oʻzida ehtiyoj sezadi. Quvonarlisi, uning shu tariqa yaralgan sheʼrlarida shira, oʻquvchi diliga yaqin ezgulik bor.
– Ijodkorlar hissiyotga beriluvchan boʻladi deyishadi, – deydi leytenant Zumrad Ibodullayeva. – Kasbimdan kelib chiqib aytadigan boʻlsam, ichki ishlar organi xodimi hissiyotga berilmay, qonuniy vakolati doirasida xizmat olib borishi kerak. Bu esa meni hayotdan toʻgʻri xulosa chiqarishga, doim izlanishga undaydi. Chunki hali yoshman, zimmamga yuklatilgan vazifalar alohida masʼuliyatni talab etadi. Xizmat olib borayotgan vaqtimda baʼzan insonlarning nigohidan «Oʻzi yoshgina qiz ekan, chigal muammolarga yechim topa olarmikin?» degan savolni ham uqqandek boʻlaman. Shu boisdan doim kasbimga oid nazariy bilimlarimni amaliyot bilan uygʻunlashtirishga intilaman. Ayniqsa, ustozlarimdan sohaning oʻziga xos tomonlarini sinchkovlik bilan oʻrganishga harakat qilaman. Baʼzan kitob oʻqib chiqargan xulosalarimga ham tayanaman. Bilimimni oshirish uchun yana kitob varaqlab, oʻqib-oʻrganaman.
Oʻqib-oʻrganish, ibrat olish va xulosa chiqarish. Bu jarayonlar shaxs kamolotida muhim oʻrin tutadi. Zumrad IIV Akademiyasida taʼlim olib yurgan kezlaridayoq buning magʻzini chaqib ulgurgan. Uning mazkur taʼlim muassasasida aʼlo baholarga oʻqigani, iqtidorli kursantlar kengashi hamda badiiy havaskorlar toʻgaragining faol aʼzosi boʻlgani, qator tanlovlarda faol ishtirok etgani va tahsilni imtiyozli diplom bilan yakunlagani fikrimiz dalilidir.
– Kitob oʻqigan insonning nutqi ravon, bilimi mukammal boʻladi, – deydi leytenant Zumrad Ibodullayeva. – Kitob—benazir xazina. Shu bois nafaqat badiiy adabiyotlar, balki kasbiy bilimlarimni boyitib borish maqsadida huquqiy mavzudagi kitoblarni ham koʻp oʻqiyman. Kelajakda oʻz kasbimning yetuk mutaxassisi boʻlish, shuningdek, sheʼriy toʻplamimni nashr etish niyatim ham bor. Bu izlanish, oʻz ustimda tinimsiz ishlash deganidir.
Bir soʻz bilan aytganda, ijodkor xodima Zumrad Ibodullayeva tirishqoqligi, intilishi va harkatdan toʻxtamay oʻtayotgan har kuni uni koʻzlagan orzu-maqsadlari sari yaqinlashtirayotganiga ishonchimiz komil.
Quyida uning sheʼrlaridan birini hukmingizga havola etamiz.
ONAJONIM
Bu kun onajonim faxrlanib der:
«Qizim munosib boʻldi Vatanga».
Baʼzida koʻzyoshi oqar misli sel,
«Sogʻindim-ku sizni!», desam, onamga.
Onajonim bu kun boshi tik, magʻrur
Farzandlarin kamolin koʻrgani uchun.
Qalbida joʻsh urar faxr va gʻurur,
Unga alqov aytar guvohdir ochun.
Labida nim tabassum, yuzlarida nur,
Jonim, jahonim, der xavotir ila.
Mehrining taftidan qalbimda huzur,
Yurak sogʻinsa-da, oʻrtanmas sira.
Onajonim, siz borki yarim koʻnglim toʻq,
Yashayapman, qalbda zarra anduh yoʻq.
Tilagim, Yaratgan asrasin sizni,
Tavof aylay doim izlaringizni.
Gulnoza TURGʻUNBOYEVA,
oʻz muxbirimiz.
Samarqand viloyati.
