Maʼnaviyat va maʼrifat darsi

(BOTIR ZOKIROV TAVALLUDINING 85 YILLIGIGA)

Kuy-qoʻshiq sarhad, millat tanlamaydi. Ohanrabodek oʻziga jalb qiladi. U qaysi xalqqa mansub boʻlmasin, qaysi tilda jaranglamasin, yurakdan his qilishingizga hech narsa monelik qila olmaydi. Shu maʼnoda aytish mumkinki, har bir xalqning sanʼati va madaniyati oʻzining ulugʻ va fidoyi farzandlari timsolida namoyon boʻladi. Bunday isteʼdod sohiblari oʻzlarining hayoti va faoliyati davomida inson tafakkuri, maʼnaviyati va dunyoqarashini boyitishga bemisl hissa qoʻshadi. Buning samarasi oʻlaroq, uning nomi millat tarixining shonli sahifalarida aks etadi. Xalqimizning sevimli farzandi, mohir bastakor va sanʼatkor Botir Zokirov ana shunday favqulodda isteʼdod sohiblaridan biri edi.

Iqtidorli xonanda, Oʻzbekiston xalq artisti Botir Zokirov 1936 yil 26 aprelda tavallud topgan. Botir Zokirov oʻzining intilishi, gʻayrat-shijoati, sanʼat sirlarini mukammal oʻzlashtirishi va albatta, sohir ovozi sabab xalqimizning mehrini qozonib, 23 yoshidayoq mashhurlikka erishdi. Misrlik bastakor Farida al-Atrashning «Orzularim mashʼali» taronasi, koʻproq «Arab tangosi» nomi bilan tanilgan qoʻshiq xonandani koʻplab davlatlarda mashhur qilgan va koʻp yillar davomida uning «tashrif qogʻozi» boʻlib kelgan.

Botir Zokirovning ijodiy izlanishlari Oʻzbekistonda sanʼatning umuman yangi bosqichi – estrada janrining paydo boʻlishiga olib kelgan. Uning «Arab tangosi», «Gazli», «Qaydasan, azizim?», «Raʼno», «Xayolimda boʻlding uzun kun» va boshqa qoʻshiqlari bugungi kunda ham afsonaviy boʻlib qolmoqda. 

Botir Zokirov «Olimpiya»ni zabt etgan yagona oʻzbekistonlik xonanda sifatida ham tarixda qoldi. Bu Parijdagi eng nufuzli va obroʻli konsert zali boʻlib, unda jahonning eng yorqin yulduzlarigagina kuylash imkoniyati beriladi. 1966 yilda fransiyalik tomoshabinlar «oʻzbek bulbuli»ni tik turgan holda olqishlashgan. Tanqidchilar esa ushbu konsert dasturi haqida ijobiy mulohazalar yozishgan. Hatto ulardan biri xonanda «mikrofon portlab ketmasligi uchun undan biroz uzoqda turishi»ni ham taʼkidlab oʻtgan.

Botir Zokirovning qalamiga mansub sheʼrga, ukasi, Oʻzbekiston xalq artisti Farrux Zokirovning «Leyli» qoʻshigʻi yozilgan. Kezi kelganda, Botir Zokirov sheʼrlar va hikoyalar yozgani, jahon adabiyoti durdonalarini oʻzbek tiliga mohirona tarjima qilganini ham taʼkidlash lozim. Jumladan, Tennessi Uilyamsning «Oynali hayvonot bogʻi», Artur Lourensning «Vestsayd qissasi», Antuana de Sent-Ekzyuperining «Kichkina shahzoda» asarlari 1967 yilda radio uchun sahnalashtirilgan.

B. Zokirovning rassom sifatidagi «Avtoportret», «Saraton», «Gumbazlar», «Bolalik koʻchasi», «Chor minor» kabi asarlari ham uning muxlislariga yaxshi tanish va qadrlidir. U ijro etgan qoʻshiqlarning aksariyatini tugal va teran lirik-dramatik asar darajasiga koʻtara olgan. Repertuaridagi qator qoʻshiqlar kompozitorlar tomonidan Botir 3okirov hamkorligida, uning ovoziga moʻljallab yaratilgan.

Estradamiz asoschisi turli janrlarda, oʻzbek xalq qoʻshiqlaridan tashqari, oʻzi kuy bastalagan ashulalarni hamda oʻzbek va rus bastakorlari, shuningdek, xorij shlyagerlarini asosan asl koʻrinishida kuylagan. Botir Zokirovning boshqa tillarda ijro etgan qoʻshiqlari sanʼatsevar qalblar tomonidan olqishlar bilan kutib olinganiga koʻplab misollar keltirish mumkin. Buning yana bitta sababi, bir nechta xorijiy tillarni yaxshi bilganidir. Buni, qoʻshiqni faqatgina mohirona ijro etishdan tashqari, yurakdan his qilib kuylash uning jozibasini qanchalik oshirishining noyob namunasi, deyish mumkin. 

Xonanda Toshkent davlat konservatoriyasining vokal fakulteti hamda Toshkent teatr va rassomlik sanʼati institutining rejissyorlik fakultetida tahsil olgan. U «Yoshlik» yoshlar ansamblini tashkil etadi va tez orada shuhrat qozonadi. Xonandaning ovozini bir eshitgan odam, albatta, uni eslab qolar, qoʻshiqlariga mehr qoʻyar edi. U qalb tubidan otilib chiquvchi, tinglovchini larzaga soluvchi toza, taʼsirchan, allaqanday betakror, «bulbuligoʻyo» yumshoq – ovoz tembriga ega boʻlgan.

1957 yil Moskvada boʻlib oʻtgan Xalqaro yoshlar va talabalar festivalida u ilk bor «Arab tangosi»ni ijro etgan. Plastinkaga yozib olingan bu qoʻshiq yashin tezligida dunyo boʻylab tarqadi va uning iqtidori sanʼat shinavandalari tomonidan hanuz sevib kelinadi.

50–60-yillar oxiriga kelib, u turli janrlardagi ijrochi sifatida sobiq ittifoq miqyosida juda mashhur boʻlgan. Qismat uni serqirra iqtidor bilan siylab, kamdan-kam xonandalarga nasib etadigan noyob ovozni taqdim etgan. Taqdirning bu tuhfasini mamnuniyat bilan qabul qilib olgan sanʼatkor butun vujudi bilan kuylagan. Opera ariyalari, oʻzbek xalq qoʻshiqlari, xorij shlyagerlarini tinglarkansiz, beixtiyor shunday xulosaga kelasiz. Uning ovozi radio va televideniyelarda jaranglagan, konsert dasturlari muxlislar orasida katta shov-shuvga sabab boʻlgan, yakkaxon konsertlarida hatto qadam bosishga ham joy qolmagan.

Xonandaning boy repertuari ham hayratlanarli darajada edi. Ushbu repertuardan mohirona ijrodagi oʻzbekcha qoʻshiqlarigina oʻrin olmagan va aytish mumkinki, hozirgacha hech kim uning goʻzal va ifodali ijrosi bilan raqobatlasha olmaydi. 60-yillar oʻzbek estradasida aynan uning ijrosida italyan, fransuz, ispan, rus, yunon tilidagi qoʻshiqlar jaranglay boshlagan.

Botir Zokirov Oʻzbekiston davlat estrada orkestrining tashkilotchilaridan biri hamdir. Oʻzbek estrada sanʼatining rivoji uning ijodi ila boshlangan boʻlib, milliylik mavzusiga yuzlangan oʻziga xos chizgilari bilan ajralib turadi. 1972 yil Botir Zokirov Toshkent shahrida sharqdagi ilk Musiqiy-xollni yaratib, uni boshqargan, shuningdek, rejissyori, badiiy rahbari va yetakchi xonandasi ham boʻlgan. U sharq folklorini zamonaviy estrada yoʻnalishlari bilan birlashtirib, musiqachilar va keng omma orasida unga boʻlgan qiziqishni uygʻotishning uddasidan chiqqan.

Botir Zokirov har tomonlama iqtidorli boʻlib, noyob qobiliyat egasi ekanligini u suratga tushgan kinolarda ham koʻrish mumkin. Botir Zokirov ishtirokidagi eng mashhur filmlardan biri «Dahoning yoshligi» boʻlib, unda sevimli xonandamiz bilan birga xalqimizning yetuk sanʼatkorlari ham qatnashgan.

Oʻzbekiston xalq artisti Botir Zokirov vafotidan keyin, 2000 yilda «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlangan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 2 dekabrdagi «Oʻzbekiston xalq artisti Botir Zokirov tavalludining 85 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida»gi qarori 2021 yil dekabr oyining birinchi oʻn kunligida Oʻzbekiston xalqaro anjumanlar saroyida Botir Zokirov tavalludining 85 yilligiga bagʻishlangan xotira kechasini oʻtkazish, poytaxtimizda ulugʻ sanʼatkor nomi bilan ataluvchi milliy estrada oliy maktabini tashkil etish, u yerda xonanda xotirasiga bagʻishlangan yodgorlik majmuasi va muzeyini barpo etish, Badiiy akademiya tomonidan Botir Zokirov haykalini yaratish boʻyicha tanlov eʼlon qilish va uni Toshkent shahrida belgilangan tartibda oʻrnatish masalalariga alohida urgʻu berilgan. 

Muxtasar qilib aytganda, uning qoʻshiqlari hanuz jaranglaydi, qilgan xayrli ishlari, tarixan teran tomirlarimizdan suv ichgan umrboqiy qoʻshiqlari mudom sanʼatsevar koʻngillarga zavqu shavq ulashishda davom etaveradi.

Sherzod ABDUSAMADOV,

«Postda» muxbiri.