Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
U hukmdor sifatida Movarounnahrning har tomonlama rivojlanib, ilmiy va madaniy markazga aylanishiga katta eʼtibor qaratdi. Matematika va astronomiya fanining eng yorqin vakillarini chaqirib, Samarqandda rasadxona qurishga farmon berdi.
Natijada 1424–1428-yillar oraligʻida Samarqandning shimolidagi Obirahmat arigʻi boʻyida dunyoga mashhur rasadxona bunyod etiladi. Uning qurilishida oʻz davrining mashhur olim va meʼmorlaridan Qozizoda Rumiy, Gʻiyosiddin Jamshid, Muhammad Ali Qushchilar ishtirok etishadi.
Abdurazzoq Samarqandiy ushbu nodir obidaning ichki qismini quyidagicha tasvirlaydi: «Binoning ichki qismi jahonda tengi yoʻq rang-barang naqshlar bilan bezatilib, devor va shiftlarida osmon darajalari, daqiqalari, hatto soniyalarigacha hisoblanib, yetti sayyora hamda «harakatsiz» yulduzlar, shuningdek, yer kurrasi, yetti iqlim, togʻ-u sahrolar va daryo-yu dengizlar hamda ummonlargacha tasvirlangan».
Buyuk bobokalonimiz davlatni boshqarishda ham adolatning ustuvorligiga alohida eʼtibor bergan. Bu yerda istiqomat qilayotgan xalqning doimo farovon hayot kechirishi toʻgʻrisida bosh qotirib, dehqonchilik, savdo-sotiq va madaniy hayotning gullab yashnashiga oid maxsus farmonlar chiqargan. Xususan, Oqsaroyni qayta taʼmirlab, Movarounnahrda yer soligʻini kamaytirgani buning yaqqol dalilidir.
Chakana savdoning rivojlanishi uchun 1428-yilda pul islohoti oʻtkazib, bir qator qulayliklar yaratdi. Bundan tashqari, 1417–1420-yillar Samarqandda, 1432-yil Buxoroda, 1432–1433-yillarda esa Gʻijduvonda madrasalar qurdirdi. Buxorodagi madrasa eshigining peshtoqiga «Ilm olishga intilish har bir muslim va muslima uchun farzdir» degan hadisning bitilishi gʻoyat muhim ahamiyatga egadir. Ushbu madrasada oʻqish muddati 8 yil etib belgilanib, undagi talabalarga oylik maosh va «ulfa» deb ataluvchi maxsus toʻlov amalga oshirilgan.
Ulugʻbek qariyb qirq yil mobaynida Movarounnahr diyorining donishmand hukmdori sifatida xalqning azaliy orzusi sanalgan tinchlik, totuvlik, ilm-fan va madaniyatni taraqqiy toptirish yoʻlida ulkan shijoat va matonat koʻrsatdi. Uning maktabiga mansub olimlarning aniqlagan maʼlumotlari ulardan bir necha asr oldin yashab oʻtgan buyuk allomalar erishgan natijalar bilan solishtirilganda, oʻta aniqligi bilan ajralib turadi. Ekliptika ogʻmaligi, yulduz yilining hisobi, sayyoralarning yillik hisobini aniqlash kabi masalalar shular jumlasidandir.
Ulugʻbekning yulduzlar katalogi 1690-yili polyak olimi Yan Gaveliyning (1611–1687) «Astronomiya darakchisi» nomli asarida nashr etilgan. Bu asarda Mirzo Ulugʻbek besh astronom Ptolemey, Tixo Brage, Jovanni Richcholi, Vilgelm IV va Yan Gaveliy davrasida toʻgarak stoli atrofida astronomiya maʼbudasi Uraniyaning oʻng tomonida oʻtirganligi tasvirlangan.
Uning oʻrindigʻi orqasidagi «Oʻz ishimni munosib avlodlarimga qoldirdim» degan soʻzlarga guvoh boʻlish mumkin.
Mirzo Ulugʻbek «Ziji»ning Yevropadagi ilk nashri Oksford universiteti professori Jon Grivs tomonidan amalga oshirilgan. U mazkur asarga sharh yozib, uning bir qismini 1648-yilda chop etadi. Gurjiston podshosi Vaxtand VI esa ushbu asarni 1724-yilda fors tilidan gruzinchaga tarjima qildiradi. Grinvich observatoriyasining birinchi direktori J. Flemstid ham 1725-yilda oʻzining «Osmon tarixi» nomli kitobida uni chop etadi.
Peterburg akademiyasining birinchi akademik-astronomi Jozef Nikola Delil oʻz faoliyatining ilk kunlaridan boshlab, «Ziji Koʻragoniy»ni lotin tiliga tarjima qilib, 1739-yilning 25-iyunida mazkur akademiyada fransuz tilida maʼruza soʻzlagan. Italiyalik astronom Jovanni Richchioli 1651-yilda oydagi kraterlarni qadimda yashab oʻtgan buyuk allomalarning nomi bilan atashni taklif qilib, ulardan birini Mirzo Ulugʻbek deb ataydi. Shuningdek, quyosh tizimining 1977-yilda ochilgan 2439 raqamli kichik sayyorasiga ham Ulugʻbek nomi berilgan.
Dunyoning boshqa davlatlari qatori, Hindistonda ham Ulugʻbekning ilmiy merosiga katta qiziqish bilan qaralganligini koʻrish mumkin. Jumladan, Boburiy Muhammadshohning farmoyishi bilan XVIII asrning birinchi yarmida astronom Savay Jay Sinx tomonidan Jaypur, Banoras va Dehlida rasadxona barpo etilib, unga Samarqanddagi astronomiya maktabi uskunalaridan andaza olishgan.
Mirzo Ulugʻbek davrida Samarqand astronomiya maktabining olamshumul yutuqlari Xitoy astronomiyasining rivojlanishiga ham kuchli taʼsir koʻrsatgan. Iyezuit monax, olim Antuan Gobil (1689–1759) Xitoy astronomiyasi haqida: «Bu sohada Xitoylar nimani bilgan boʻlsa, ularning barchasi gʻarbdan Samarqand tomonidan kelgan» deya taʼkidlagan edi.
Xitoy orqali Samarqand astronomiya maktabining yutuqlari Koreyada ham tarqalgan boʻlib, 1432-yilda mazkur davlat qiroli Yi Do Xitoy orqali Samarqand astronomiya maktabi bilan tanishadi. Shu tufayli Ulugʻbek maktabining anʼanalari Koreyada ham rivojlanadi. Ali Qushchi 1470-yili Istanbulga boradi va u yerda ham Ulugʻbek ilmiy maktabining natijalarini keng ommaga targʻib qiladi.
Mirzo Ulugʻbek «Ziji», eng avvalo, musulmon mamlakatlarida astronomiya fani rivojiga ulkan hissa qoʻshgan. «Ziji Koʻragoniy» asariga eng mukammal sharh eronlik munajjim va riyoziyot olimi Nizomiddin Birjandiy tomonidan 1523-yilda yozilgan «Sharhi Ziji Ulugʻbek»dir. Qohiralik munajjim Muhammad Al-Misriy (XVI asr) Mirzo Ulugʻbek «Ziji»ni osonlashtirish uchun «Tashil Ziji Ulugʻbek» nomli asar yozadi va uning jadvallarini Qohira kengliklariga moslashtiradi.
Shu oʻrinda keltirib oʻtish joizki, Ulugʻbek «Ziji Koʻragoniy»dan tashqari, matematika faniga bagʻishlangan «Risolai Ulugʻbek» hamda tarix sohasiga bagʻishlangan «Tarixi arbaʼ ulus» («Toʻrt ulus tarixi») asarining muallifidir. Shuningdek, u sheʼrlar ham ijod qilib barchaga namuna boʻlgan.
Istiqlol yillarida Mirzo Ulugʻbekning hayoti va faoliyatini oʻrganishga boʻlgan eʼtibor yanada kuchayib, Samarqand, Buxoro, Gʻijduvon kabi tarixiy shaharlarimizda uning nomi bilan bogʻliq meʼmoriy obida va qadamjolar obod qilindi. Oʻzbekiston milliy universiteti, Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti va boshqa bir qator taʼlim muassasalariga uning nomi berildi. Shuningdek, xalqaro ilmiy ahamiyatga ega boʻlgan Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida joylashgan kuzatuv kenglik stansiyasi hamda Fanlar akademiyasining Astronomiya instituti ham Mirzo Ulugʻbek nomi bilan ataladi. Poytaxtimizning yirik Mirzo Ulugʻbek tumanida ham uning haykali oʻrnatildi. Mamlakatimiz va Parijdagi YUNESKO qarorgohida 1994-yili Ulugʻbek tavalludining 600 yilligi katta tantanalar bilan nishonlandi. Birlashgan millatlar tashkiloti tomonidan 2009-yilni «Astronomiya yili» deb eʼlon qilinishi Mirzo Ulugʻbek tavalludining 615-yilligini Samarqand va Parij shaharlarida yuqori darajada oʻtkazilishiga sabab boʻldi.
Muxtasar qilib aytganda, millatimiz faxr-iftixoriga aylangan bobokalonimizning boy maʼnaviy merosini chuqur oʻrganish va targʻib qilish avlodlar zimmasidagi zalvorli vazifadir.
Mixli SAFAROV,
oʻz muxbirimiz.
