Tuman tarixi

Denov shahri kattaligi va aholisi soni boʻyicha Termizdan keyin ikkinchi oʻrinda turadi.

Denov qadimgi yirik savdo va hunarmandchilik qishlogʻi oʻrnida barpo etilgan tarixiy koʻhna shahar hisoblanadi. Yozma manbalarda XIV asr oxirlaridan «Dehinav» shaklida, yaʼni «yangi qishloq» mazmunida tilga olingan. Mahmud ibn Valining (XVII asr) yozishicha, Dehinav ajoyib bozori, katta masjidi va xonaqosi boʻlgan mustahkam qalʼa shahar degan maʼnoni anglatgan.

Denovning hozirgi oʻrnida miloddan avvalgi ikki ming yilliklar oxirlarida manzilgoh boʻlgan. Ilk va rivojlangan oʻrta asrlarda ham shahar hududidagi ushbu manzilda aholi nisbatan gavjum yashagan. Moʻgʻullar istilosidan keyin XV–XVI asrlarda Chagʻoniyon-Bedrach shahri mavqei pasayib ketgach, Temuriylar davriga kelib Dehinav yana asosiy markazlardan biriga aylanadi. Arxeologik topilmalar Denov qalʼasi XV asrga oidligini hamda uning mustahkam qoʻrgʻon boʻlganligini tasdiqlaydi. Denov qalʼasi murakkab meʼmoriy obida boʻlib, chor atrofida xandaqlar joylashgan. Qalʼaning diametri 110 metrni tashkil etgan va qalin devor bilan oʻralgan.

Denov XVII–XVIII asrlarda Buxoro xonligi tarkibidagi alohida beklik boʻlib, karvon savdosi markazlaridan biri hisoblangan. Shaharda hunarmandchilikning koʻn-charm tayyorlash, etikdoʻzlik, toʻquvchilik, zardoʻzlik, qandolatchilik, oʻyinchoqsozlik kabi yuzdan ziyod turlari rivojlangan. 1907 yil Denovda amirning soliq siyosatiga qarshi yirik xalq harakati boʻlib oʻtgan. 1920 yili Denovda shoʻrolar hokimiyati oʻrnatilgach, koʻpchilik hunarmandchilik ustaxonalari yopilib, shaharga savdo mollari kelishi toʻxtab qoladi. 1925 yilda Denov orqali oʻtuvchi Termiz–Dushanbe yoʻli qurildi. Denov shoʻrolar tuzumi davrida shahar sifatida 1958 yil tashkil etilgan.

U dengiz sathidan qariyb 600 metr balandlikda Surxondaryo va Sangardak daryolari oraligʻida joylashgan boʻlib, bugungi kunda sanoati, qishloq xoʻjaligi hamda savdo-sotiq rivojlangan tumanlardan biri sanaladi.

Oʻz muxbirimiz.