Muomaladan inson, avvalo, qurol sifatida foydalanadi. Agar kishi xushmuomala boʻlsa, u doimo qurollangan kishidek shasht bilan shaxdam yuradi. Xushmuomalalik toʻnini kiyib, xasisni pul bilan, takabburni sipolik bilan, ahmoqni tantilik bilan, dononi esa haqiqat bilan yengib ketaveradi.

Muomala – qalqon. Undan qalqon sifatida foydalanish uchun oldin aqlga ishora qilish kerak boʻladi. Adovatni adovat bilan bartaraf qilib boʻlmaydi, uni faqat adovatsizlik bilan bartaraf etish mumkin. 

Nodonlik alomati besabab janjalkashlik: aqlli, dono odam nodon bilan adi-badi aytishmaydi. Bosiqlik, vazminlik va xushmuomalalik bilan vaziyatdan chiqish muomaladan qalqon sifatida foydalanish boʻladi. 

Muomala – kalit. Oqil-u donolik bilan qilingan muomala yopiq eshiklarni ochadi. Yaxshi gapga ilon inidan chiqadi, deydi xalqimiz.  

Muomala – odob. Agar inson odob bilan muomala qilsa, boshqalarda yaxshi taassurot qoldiradi. Yoqimli soʻzlang, lekin xusho­madgoʻylik qilmang, qahramon boʻling, lekin maqtanmang, saxiy va hotam boʻling, lekin nomunosib benomuslarga emas, dadil boʻling, ammo qoʻpol va surbet boʻlmang. 

Muomala – doʻst. Yaxshi muomalada boʻlgan kishining albatta doʻstlari koʻp boʻladi.

Muomala – yaxshilik. Ichki ishlar xodimida birovlarga yaxshilik qilish imkoniyati koʻp. Albatta bundan noqonuniy ishlar mustasno boʻlishi kerak. Qancha yaxshilik qilsam, birontasi buni bilmayapti-ya, deb nolimang. Chunki buyam savob. Xayr-ehsonga teng savob yoʻq. Osmonda qushning, suvda baliqning izi koʻrinmaydi. Yaxshilik qiling suvga tashlang, bilsa baliq, bilmasa Xoliq biladi, degani shundan.

Muomala – til. Boyning ham, hukmdorning ham, bolami, keksami, zohid-u donomi, ayol kishimi yo tentakmi hammasining «tili»ni topa bilgan odam chinakam oqildir.

Muomala – soʻz. Inson ruhini hech bir narsa soʻzchalik koʻtara olmaydi. Bu dunyoda odam ikkita fazilati bilan goʻzal koʻrinadi: qoʻpol soʻzlamasa va arzimagan narsaga ortiqcha baho bermasa. Bilingki, odamzodning nomayi aʼmolini soʻzi belgilaydi, uning asosi soʻzdir, soʻzdan yaralgan. Soʻzda aldagan odam hamma sohada va har qanday yoʻl bilan aldaydi. 

Muomala – tadbir. Xushmuomala kishining ishi tez bitadi. Muomala durust boʻlmasa, bitayot­gan ish ham teskari ketadi. Ilojsiz ishlarning iloji yoʻq, imkoni bor narsaning iloji bor. Arava suvda suzmaydi, kema quruqlikda yurmaydi.  

Muomala – taqdir. Biling, ichki ishlar organlari xizmatida xavf bor, xatar bor. Ammo siz bundan sira choʻchimang. Agar mingta oʻq tegsa ham, ajali yetmagan odam oʻlmaydi. Vaqti soati yetgan boʻlsa, choʻpga qoqilib ham jon berish mumkin. Yaxshi muomalali kishilarning ishga kirayotgan paytda suhbat jarayonida rahbariyatga maʼqul kelishi, yomon muomalada boʻlganlarning ostonadan qaytib ketayotgani haqida ijtimoiy tarmoqda misollar juda koʻp.

Muomala – koʻzgu. Koʻzgudan yuzingiz koʻrinadi. Lekin muomala koʻzgusidan feʼlingizdagi nuqsonlarniyam koʻrasiz.

Bir turli insonlar borki, ular yuqori mansabdagilarga yetti bukilib salom beradi-yu, ammo oʻzidan past lavozimdagilarni nazar-pisand qilmaydi. Ularga gʻoʻddayib, qoʻpol muomala qiladi. 

Yana bir toifa kishilar (afsuski, xodimlar orasidayam uchrab turadi) borki, kichik boʻlsa-da, oʻzidan yoshi kattalarga salom bermay oʻtib ketaveradi. Ularga tanbeh ham kor qilmaydi. Albatta bunday beadablar, avvalo, oilasida tarbiya koʻrmagan boʻlishadi. Shuning uchun ular feʼlini bilgan tarbiyali kishilar ularga salom berib oʻti­shadi. 

Qadimda bir insonning darvozasi oldiga qoʻshnisi har kuni bir chelak chiqindisini qoʻyib ketar ekan. Bu odam esa, evaziga bir chelak olmani qoʻshnising darvozasi oldiga qoʻyib kelaveribdi.

Bu hol bir oydan ziyod davom etgach, axlatchi qoʻshni jahl bilan kelib, «Ey, siz qanaqa odamsiz, men sizni yomon koʻrganimdan har kuni darvozangiz oldiga chiqindi qoʻyib ketsam, siz olma qoʻyib kelasiz, bu nima, ustimdan kulyapsizmi?», debdi. Shunda «Nima qilay, qoʻshni, har kim oʻzida borini beradi-da», deb javob bergan ekan.

Qissadan hissa shuki, egnidagi formasigami yoki oʻtkinchi lavozimiga mahliyo boʻlgan ayrim xodimlar hamkasblariga salom bermay, fuqarolarga oʻdagʻaylab, balki oʻzida borini koʻrsatayotgandir. Oʻz navbatida maʼnaviyatli, maʼrifatli xodimlar odob-axloqi, xushmuomalasi va xushfeʼlligi bilan avvalo, ota-­onasiga, xizmat qilayotgan idorasiga rahmatlar olib kelishyapti. 

Xushmuomalalik toʻgʻrisida xalqimizda «Bugʻdoy noning boʻlmasayam, bugʻdoy soʻzing boʻlsin», «Tosh otganga osh ot» kabi maqollar bor.

Albatta, bugun internet asri, gʻarb tarbiyasi eshiklardan emas, quloqchinlardan yoshlar ongiga kirib kelayotgan bir paytda milliy tarbiyamiz kitoblar qatida, tokchalarda qolib ketayotgani tufayli ayrim yoshlarning muomala odobida bir qator nuqsonlar sezilmoqda.

 Bunga gʻarb adabiyotini oʻqib, ulardan faqat oʻz manfaatiga xizmat qiladigan, «Boshqalar bilan ishing boʻlmasin, oʻzingning ishing bitsa boʻldi» qabilidagi «yoqimli» oʻgitlarni oʻzlashtirib olayotgani ham sabab boʻlishi mumkin. Masalan, mashhur Deyl Karnegining «Qanday qilib koʻproq doʻstga ega boʻlish va odamlarda yaxshi taassurot qoldirish mumkin?» degan asarini oʻqigan kishi undan «Yengilning ostidan, ogʻirning ustidan oʻtish, oʻz manfaati amalga oshishi uchun miyigʻida soxta kulgular yasash, asosan toʻgʻri yoki notoʻgʻri boʻlsin, xoʻjayinlarning gapini maʼqullash, qanday qilib boʻlmasin, oʻz ishini bitirib olish taktikasini oʻrganadi, xolos. 

Sharq falsafasi esa unday emas. Olganing emas, berganing oʻzingniki, deydi. Bajartirganing emas, bajarganing seniki. Bu amallarni esa oshkora emas, xufyona bajar, hatto oʻng qoʻling berganini chap qoʻling bilmasin, deydi. «Buyuk yoki eʼtiborli boʻlmoqni istasang mayli, lekin oʻzni baland tutma, kamtar boʻl», deydi buyuk mutafakkir Saʼdiy Sheroziy.

Manmanlik, kibr-u havo 

qilmasin boshingni band,

Baland boʻlmak istasang, 

tutmagin oʻzni baland.

Muxtasar aytganda, muomala madaniyati xodimning maʼnaviy qiyofasini belgilaydi. Maʼnaviy qiyofa esa kitob oʻqish, bilim olish, koʻrgan-bilganlardan xulosa chiqarish orqali shakllanadi. 


Shuhrat Roʻziyev,

oʻz muxbirimiz.